Prezidentimizning joriy yil 21-22 yanvar kunlari Buxoro viloyatiga tashrifi davomida va Xalq deputatlari viloyat kengashining navbatdan tashqari sessiyasida bergan topshiriqlari doirasida Olot tumanidagi “Baland masjid” qishlog‘idagi yoshlarni sportga jalb qilish, ularning bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazish maqsadida mini futbol stadioni qurish vazifasi topshirilgan edi.
O‘quvchi-yoshlar o‘rtasida jismoniy tarbiya va sportni ommalashtirish, ularning sog‘lom turmush tarzi qoidalariga rioya qilishlarini kuchaytirish, bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish maqsadida “O‘zagrolizing” aksiyadorlik jamiyati tomonidan qisqa muddat ichida zamonaviy va ko‘rkam mini futbol stadioni barpo etildi.

Mini futbol stadionining ochilish marosimida “O‘zagrolizing” AJ boshqaruv a’zolari, viloyat va tuman hokimligining mas’ullari, keng jamoatchilik vakillari qatnashdi.
Tadbirda sog‘lom turmush tarzini qaror toptirish davlat siyosati darajasiga ko‘tarilib, ayni vaqtda, mamlakatimizda jismoniy jihatdan yetuk, sog‘lom avlodni tarbiyalash borasidagi tub islohotlar bosqichma-bosqich amalga oshirib kelinayotgani alohida ta’kidlandi.

Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan 5 ta muhim tashabbus ham yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga xizmat qilayotir. Mazkur tadbir ham besh tashabbusning biri, ya’ni yoshlarni jismoniy chiniqtirish, ularning sport sohasida qobiliyatini namoyon qilishlari uchun zarur sharoitlar yaratishga qaratilganligi e’tirof etildi.

“O‘zagrolizing” AJ tomonidan homiylik asosida qariyb 600 million so‘m mablag‘ evaziga “Education Gold group” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan zamonaviy mini futbol stadioni qurib foydalanishga topshirildi.
Tadbirda “O‘zagrolizing” AJ boshqaruv raisi Nodir Otajonov ishtirok etdi.
Zarif Komilov, O‘zA