Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Prezident topshirig‘i amalda: Navoiy viloyatining turizm salohiyati yanada yuksaladi
16:12 / 2023-04-17

Davlatimiz rahbari raisligida joriy yilning 29 mart kuni turizm salohiyatini rivojlantirish yuzasidan o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida xorijiy sayyohlar oqimini yanada ko‘paytirish, bugungi kunda turizm sohasiga berilayotgan imtiyozlardan samarali foydalanish zarurligi ta’kidlangan edi.

Mazkur topshiriq va belgilangan vazifalar  ijrosini ta’minlash maqsadida Navoiy viloyati Turizm va madaniy meros boshqarmasi hamda Samarqand Iqtisodiyot va servis instituti hamkorligida info-tur  tashkil etildi.  Unda Samarqand viloyatida faoliyat yuritayotgan 50 dan ziyod turistik firmalar vakillari va  institut olimlari ishtirok etdi.  

– Yig‘ilishda Navoiy viloyatiga biriktirilgan Samarqand Iqtisodiyot va servis instituti bilan hamkorlikda amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ishlar belgilab berilgan edi, – deydi institut ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektori Dilbar Aslanova. – Yig‘ilishdan keyin viloyat hokimi va institutimiz rektori uchrashib, kelgusida amalga oshiriladigan chora-tadbirlarni belgilab olindi. Maxsus ishchi guruhi shakllantirildi. Xususan, Navoiy viloyatining Xatirchi, Nurota va Qiziltepa tumanlarining turistik salohiyatini oshirish bo‘yicha 2023 yilda  muayyan ishlar amalga oshiriladi. Ishchi guruh hududning turizm ob’ektlari tarixini o‘rganib, ular to‘g‘risidagi kontentni boyitish maqsadida ilmiy xulosalar tayyorlaydi. 3 ta tuman va 20 ta turizm mahallasining tarixi, yodgorliklari va turistik ob’ektlari kontenti yaratiladi. Ular asosida kamida 12 tilda turistik paketlar ishlab chiqiladi. Shuningdek, turizm, iqtisodiyot, tarix, geografiya, servis, xorijiy tillar yo‘nalishlarida o‘qiyotgan talabalarning kamida ikki oylik amaliyoti ushbu tumanlarda tashkil etiladi. Turizm va xizmat ko‘rsatish infratuzilmasi xodimlarining malakasi oshiriladi, malakali gid-ekskursovodlar tayyorlash yo‘lga qo‘yiladi.  

Info-tur qatnashchilari dastlab Sarmishsoy darasi hududidagi dam olish maskanlari bilan tanishdi. “Muhabbat bog‘i” MCHJ tomonidan tashkil etilgan “Grand Sarmishsoy” dam olish maskani qariyb 7 gektar maydonni egallagan. Har biri ikki va to‘rt xonali 30 ga yaqin kottejda bir vaqtning o‘zida 90 nafar sayyohga xizmat ko‘rsatish imkoniyati bor.  

– Mazkur loyihani amalga oshirish maqsadida bankning 9 milliard so‘mlik kredit mablag‘idan unumli foydalanildi, – deydi dam olish maskani boshqaruvchisi Sohiba Karimova. – Ushbu maskanning qurilish ishlari 2018 yilda boshlangan edi. Maskanda 20 nafarga yaqin mahalliy aholi vakillari ish bilan ta’minlandi. Navoiy shahridan 30 kilometr uzoqlikda joylashgan dam olish maskanida sayyohlar uchun barcha sharoit va qulayliklar yaratilgan.  Sayyohlar so‘lim tabiat qo‘ynida maroqli dam olishi, “Sarmishsoy” petrogliflarini tomosha qilishlari mumkin.  

Albatta, Sarmishsoy darasi O‘zbekistondagi eng yirik va eng ko‘p o‘rganilayotgan hudud hisoblanadi. Bu hududda qoyatoshlarga o‘yib ishlangan 10 mingga yaqin suratlar, kompozitsiyalar mavjud.  

– Petrogliflarning aksariyati bronza davriga tegishli, – deydi navoiylik tarixchi olim Ramazon Egamov. – Shuningdek, ular orasida eneolit, neolit va hatto mezolit davrining oxirlariga, Sako-Skif davriga tegishli tasviriy suratlar mavjud. Toshlarga o‘yib chizilgan rasmlarning barchasini bir qarashda ilg‘ab olish mushkul. Tongda, tushlik vaqti va quyosh botayotganidagina ko‘rinadigan tasvirlar ham bor. Ba’zi tasvirlar faqatgina yomg‘irli kunda ko‘zga tashlanishi insonni juda ajablantiradi.  

Qoyatoshlarga o‘yib ishlangan rasmlar olimlar o‘tkazgan tadqiqot natijalariga ko‘ra, bundan qariyb 5-7 ming yil ilgari bu yerda hayvonlarni xonakilashtirib, o‘troq yashagan aholi tomonidan chizilganligi aniqlangan.  

Karmana tumanidagi Mavlono Orif Deggaroniy ziyoratgohi ham yildan yilga obod bo‘lmoqda. 2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning Taraqqiyot strategiyasida Navoiy viloyatida ziyorat turizmi salohiyatidan samarali foydalanish maqsadida Mavlono Orif Deggaroniy nomi bilan ataladigan mazkur me’moriy majmuani restavratsiya qilish hamda uni sayyohlik yo‘nalishiga kiritish ko‘zda tutilgan.  

Karmana tumani Hazora qishlog‘ida joylashgan tarixiy majmua info-tur ishtirokchilarida katta qiziqish uyg‘otdi. Ma’lumotlarga ko‘ra, 1951 yilda yana qayta tekshiruv ishlarini olib  borgan Varonina ismli tadqiqotchi Deggaron masjidi XI asrda qurilgan degan so‘nggi xulosani bergan.  

Masjid Deggaron qishlog‘i hududida bo‘lgani uchun shu nom bilan atalgan. “Deggaron” so‘zi “qozon yasovchi” ma’nosini bildirib, qishloqda qozon yasovchi hunarmandlar istiqomat qilgan. 1910 yil, 1328 hijriy sanada Buxoro amiri Abdulahadxon tomonidan masjidning oldi va bir yon tomoniga ayvon qurilgan. Bu ayvonlar 1980 yillargacha mavjud bo‘lgan.  

[gallery-11486]

– Mavlono Orif Deggaroniy hazratlari 1313 yilda Hazora qishlog‘ining Deggaron dahasida tug‘ilgan. Asl kasbi do‘kondor bo‘lib, bo‘z to‘qish bilan shug‘ullangan, – deydi tarixchi olim Ramazon Egamov. – Mavlono Orif hazratlari Said Amir Kulolning eng yaqin shogirdlaridan, shuningdek, Bahouddin Naqshbandning ustozi bo‘lgan. Mavlono Orif XIV asrda, taxminan 1313-1380 yillar atrofida yashab o‘tgan. Qabrlari Deggaron masjidi yaqinida bo‘lgani uchun masjid ham Mavlono Orif Deggaroniy deb atalgan. 2007 yil “Mavlono Orif Deggaroniy” jome masjidi katta ziyoratgoh va ko‘rkam manzilga aylantirildi. Bugun majmuada muzey faoliyat ko‘rsatmoqda. Majmua tarkibida o‘z davrining taniqli tasavvuf peshvosi Mavlono Orif Deggaroniyning qabri joylashgan.  

Masjidning noyobligi shundaki, u o‘ziga xos me’morlik uslubida bo‘lib, u Islom dini kirib kelishidan avvalgi davr dinining asl namunasidir. Zero, markaziy gumbaz tizimli to‘rt burchagidan tirgovuch ko‘tarib turuvchi qurilish inshooti zoroastr ibodatxonalarini eslatadi. Bu kabi binolar ilk xristian cherkovlari uslubiga ham xosdir.  

Qiziltepa tumanidagi To‘dako‘l suv havzasi tabiati va dam olish maskanlari mahalliy hamda xorijiy sayyohlarni o‘ziga jalb etib kelmoqda. Turizm sohasiga berilayotgan imtiyozlar hisobiga hududda yangi plyaj turizm zonalari, 2 ta dam olish maskani, 10 ta oilaviy mehmon uylari hamda 15 turdagi turizm xizmatlari tashkil etildi. Bu xorijiy sayyohlar oqimini ikki baravarga oshirdi.  

Ma’lumotlarga ko‘ra, 2022 yil mavsum vaqtida o‘rtacha bir kunda 600 nafar, bir yilda 42 ming nafar sayyoh tashrif buyurgan. Cohil dam olish maskanlaridan biri “Silk Road Family Resort”dir. Ushbu sayyohlik ob’ekti plyaj, basseyn, akvapark, mehmonxona, dam olish tapchanlari, restoran, yozgi terassa, SPA-salon, tabiat qo‘ynidagi o‘yingoh, sport maydoni, avtoturargoh va maxsus suv transportlari kabi turli qo‘shimcha xizmatlarni o‘z ichiga oladi. Ochiq osmon ostida turli konsert va shou dasturlarini o‘tkazish imkoniyati mavjud.  

– Dam olish maskanimizda 2022 yil avgust oyida respublikamizda birinchi bo‘lib syorfing sport turi bo‘yicha maktab ochildi, – deydi maskan direktori Bobur Ergashev. – Qatar davlatiga borganimizda bu sport turiga qiziqib qoldik. To‘dako‘l suv omborida ham mazkur sport turini rivojlantirishni rejalashtirdik. Bu sport turiga xorijiy sayyohlarning qiziqishi o‘zgacha. Syorfing bilan shug‘ullanuvchi sportchilar jalb etildi. Garchi bu sport turi bizda ommalashmagan bo‘lsada, harakat qilyapmiz. O‘tgan yili 50 nafardan ziyod yoshlar bu sport turini o‘rgandi. Joriy yilda ularning soni yanada oshadi.  

Info-tur ishtirokchilari “Meridian” dam olish maskanida sayyohlar uchun yaratilgan sharoitlar, ko‘rsatiladigan turistik xizmatlar bilan tanishdi. Shu yerda ishtirokchilar uchun To‘dako‘l suv havzasida turizmni rivojlantirish bo‘yicha olib borilayotgan loyihalar taqdimoti o‘tkazildi.  

– Suv havzasining umumiy maydoni 21,7 ming kilometr bo‘lib, qirg‘oq uzunligi 78 kilometrni tashkil etadi, – deydi tuman hokimining o‘rinbosari Murodjon G‘iyosov. – Eng muhimi bu yerga temir yo‘l stansiyasi, shuningdek, Buxoro shahri yaqin. Avtobus va yengil avtomashinalarda kelish uchun yo‘llar asfalt qilingan. Hozirda tadbirkorlar tomonidan yangi loyihalarni amalga oshirish ishlari davom etmoqda.  

Mutasaddilarning ta’kidlashicha, ushbu loyihalarning amaliyotga tatbiq etilishi natijasida bir mavsumda dam oluvchilar sonini 80 ming nafarga yetkazish mumkin.  

– Info-tur davomida Navbahor, Karmana va Qiziltepa tumanlarida turizmni yanada rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar bilan yaqindan tanishdik, – deydi Samarqand Iqtisodiyot va servis instituti turizm kafedrasi mudiri Zafar Rahimov. – Aslida maqsadimiz ham viloyatning turistik imkoniyatlarini o‘rganib, bu hududga turistlar oqimini yanada ko‘proq jalb etish va viloyatning jozibadorligini o‘zida mujassamlashtirgan turistik paketini yaratishdir. Ko‘rgan ob’ektlarimizda turizmni rivojlantirish borasida ulkan ishlar amalga oshirilgan. Endigi vazifamiz  ularni xorijiy va mahalliy sayyohlar o‘rtasida keng targ‘ib qilishdir. Bugun biz bilan kelgan 50 dan ortiq turistik firmalar vakillari bu ishga o‘z hissalarini qo‘shadi.  

Ma’lumot uchun: Navoiy viloyatida ayni kunda  27 ta turistik kompaniyalar faoliyat yuritmoqda. Sayyohlar uchun 40 dan ziyod yo‘nalishlar bo‘yicha sayohat tashkil etilayotir. Jumladan, ekoturizm, ziyorat turizmi, agroturizm yo‘nalishlarida yangi marshrutlar ishlab chiqildi. Viloyatda 340 kilometr masofada 60 ta ob’ektdan iborat 14 ta turizm marshrutlarini o‘z ichiga olgan Navoiy “turizm halqasi” tashkil qilingan. Unga Xatirchi, Nurota, Navbahor, Karmana va Qiziltepa tumanlari ham kiritilgan.  

Abduvali Bo‘riyev,  

Siroj Aslonov (surat), O‘zA