Dunyoda iqtisodiyotning turli sohalarida muqobil energiya manbalaridan keng foydalaniladi. Yurtimizda ham energiya tejamkorligini oshirish, qayta tiklanuvchan energiya manbalaridan foydalanish ko‘lamini yanada kengaytirishga e’tibor qaratilmoqda.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, quyosh issiqlik energiyasidan foydalanish tabiiy gazni ishlatishni 60 foizgacha kamaytirar ekan.
Yurtimizda huqm surgan bir haftalik anomal sovuq ob-havo energetika tizimida hali-hanuz muammolar borligini, ayniqsa, aholini elektr energiyasi bilan ta’minlashda yetishmovchiliklar mavjudligini ko‘rsatdi. Bu muqobil energiya manbalaridan unumli foydalanish, hududlarda quyosh va shamol yordamida qo‘shimcha elektr energiyasi ishlab chiqarish quvvatlarini qurishni yanada tezlashtirish lozimligini bildiradi.
Davlatimiz rahbari 2022-yilning 25 noyabr kuni Navoiy viloyatiga tashrifi doirasida viloyatni respublikaning namunaviy hududiga aylantirish bo‘yicha yangi tashabbuslarni ilgari surib, viloyat elektr energiyasini tejash bo‘yicha namuna bo‘lishini ta’kidlagan edi. Buning uchun viloyatdagi barcha tashkilotlarga 100 foiz quyosh panellari o‘rnatish belgilandi.
Viloyatda 2022 yil 36 ta ob’ektda 900 kVtli quyosh panellari, 136 dona 136 ming litr hajmdagi quyosh suv isitish qurilmasi joriy qilish rejalashtirilgan edi.
– 2022 yilda 168 ta ob’ektda 2 093 kVtli quyosh panellari va 52 ta ob’ektga 4 950 litr hajmdagi quyosh suv isitish qurilmalari o‘rnatildi, – deydi “Navoiy hududiy elektr tarmoqlari korxonasi” aksiyadorlik jamiyatining elektr energiya oqimini hisobga olish va tahlil qilish bo‘limi muhandisi Narzibek Xaitov. – bugungi kunda jamiyatimiz ma’muriy binosi va tarkibidagi elektr ta’minoti korxonalari binolariga 105 kVt quvvat ishlab chiqarishga mo‘ljallangan quyosh paneli o‘rnatilib, korxona ehtiyojlari uchun sarflanadigan elektr energiyasi miqdorining qariyb 35 foizini qoplamoqda. Bu bir yilda o‘rtacha 300 ming kVt/soat elektr energiyasi tejaladi, deganidir. Shuningdek, jamiyat tarkibidagi korxonalarga 1 540 litr hajmdagi quyosh suv isitish qurilmasi o‘rnatilgan.
Viloyatda birinchilardan bo‘lib, Navoiy viloyati davlat soliq boshqarmasi, barcha hududiy davlat soliq inspeksiyalarining ma’muriy binolariga 170 kVt/soat quyosh elektr panellari o‘rnatildi.
– Boshqarma ma’muriy binosiga o‘rnatilgan 40 kVt/soat elektr energiyasi ishlab chiqarish quvvatiga ega quyosh panellari yordamida bir oyda 7500 kVt elektr energiyasi olinmoqda, – deydi Navoiy viloyati davlat soliq boshqarmasi bosh hisobchisi Fazliddin Umarov. – Shundan boshqarma ehtiyojiga 4800 kVt sarflanadi. Qolgan 2700 kVt tok elektr tarmoqlari korxonasiga sotiladi. Eng asosiysi, endilikda elektr energiyasi uchun byudjetdan sarflangan mablag‘lar tejab qolinib, daromad olishga ham erishilmoqda. Shuningdek, tuman, shahar davlat soliq inspeksiyalari ma’muriy binolarida 20 kVt/soat quvvatdagi quyosh panellari o‘rnatilgan.
Bundan tashqari, “Obod qishloq” va Obod mahalla” dasturlari asosida olib borilayotgan ishlar davomida mahalla ko‘chalarini kunning qorong‘u vaqtida yoritish maqsadida 450 dona jami quvvati 90 kVtli quyosh panelida ishlovchi yoritgichlar o‘rnatildi. Amalga oshirilgan ishlar natijasida har oyda qayta tiklanuvchi energiya manbalari hisobidan yiliga esa o‘rtacha 260 ming.kVt/soat elektr energiyani iqtisod qilishga erishilmoqda.
– Zarafshon shahrida “Ayollar daftari”da bo‘lgan 5 oilaga energiya tejovchi 200 litr hajmdagi quyosh suv isitish kollektorlari o‘rnatib berildi, – deydi “Mahalla” xayriya jamoat fondi Zarafshon shahar bo‘linmasi boshlig‘i Dilshod Husenov. – Jumladan, “Yulduz” MFY da 1 ta, “Yangi Zarafshon” MFY va “Dovgiztov” MFY da 2 tadan xonadonga quyosh suv isitish moslamasi o‘rnatish ishlari oxiriga yetkazildi. Buning uchun xalq deputatlari Zarafshon shahar Kengashi qarori asosida “Saxovat va ko‘mak” jamg‘armasi hisobidan 40 million so‘m mablag‘ ajratildi.
Shuni alohida ta’kidlash kerakki, respublikamizda 2021 yil avgust oyida Karmana tumanida quvvati 100 MVt bo‘lgan ilk quyosh fotoelektr stansiyasi ishga tushirilgan edi.
Bundan tashqari, Tomdi tumanida Birlashgan Arab Amirliklarining “Masdar” kompaniyasi tomonidan quvvati 500 megavattli shamol elektr stansiyasi qurilmoqda.
Davlatimiz rahbarining 2020 yil 22 dekabrdagi qarori ijrosi asosida amalga oshirilayotgan ushbu yirik loyihaning umumiy qiymati 600 million AQSH dollarni tashkil etadi. 2024 yil yakuniga qadar ishga tushirilishi rejalashtirilgan mazkur elektr stansiya orqali yiliga 1 milliard 800 million kilovatt soat elektr energiya ishlab chiqariladi.
Prezidentimiz raisligida 2022 yilning 10 iyun kuni qayta tiklanuvchi energiyadan foydalanishni kengaytirish masalalari bo‘yicha o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida aholi va tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida har bir o‘rnatilgan quyosh va shamol elektr uskunasi uchun, quvvatiga qarab, 15 million so‘mgacha, suv isitish qurilmasi uchun esa 2 million so‘mgacha kompensatsiya to‘lanishi yoki uskuna qiymatini 3 yil ichida foizsiz, bo‘lib-bo‘lib to‘lash imkoniyati yaratilishi ta’kidlangan edi.
Bundan tashqari, qurilmalarni o‘rnatgan va to‘liq ushbu qurilmadan xonadonni elektr energiyasi bilan ta’minlagan (o‘rnatilgan yer maydoni uchun) jismoniy shaxslar 3 yil, tadbirkorlik sub’ektlari esa 10 yil davomida yer va mulk solig‘i to‘lamaydi.
Shuningdek, 2024 yil 1 yanvarga qadar qayta tiklanuvchi energiya manbalarini tashkil etish uchun tadbirkorlik sub’ektlari tomonidan import qilinadigan asbob-uskunalar, texnika, xomashyo, butlovchi buyumlar, ehtiyot qismlar va boshqa materiallar bojxona to‘lovlaridan (qo‘shilgan qiymat solig‘i va bojxona rasmiylashtiruvi uchun yig‘imlardan tashqari) ozod etilgan.
Albatta, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan izchil islohotlar, o‘zgarishlar insonlarni rozi qilish, aholiga munosib turmush sharoiti yaratishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.
Abduvali Bo‘riyev, O‘zA