Davlat rahbari tomonidan belgilangan vazifalar ijrosi oliy ta’lim tizimida aniq qadamlar va aniq natijalar bilan namoyon bo‘lmoqda. Jizzax politexnika instituti delegatsiyasining Vengriyaning nufuzli Obuda universitetiga tashrifi ta’lim sohasida boshlangan tizimli islohotlarning amaliy ifodasi bo‘ldi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev 2025 yil 2 dekabr kuni Jizzax viloyati Xalq deputatlari Kengashining navbatdan tashqari sessiyasida institutni xalqaro standartlar asosida rivojlantirish, uni zamonaviy universitet modeliga o‘tkazish va Obuda universiteti bilan amaliy hamkorlikni yo‘lga qo‘yish vazifasini aniq belgilab bergan edi. Mazkur topshiriq ijrosi doirasida amalga oshirilgan xizmat safari aynan shu maqsadlarga xizmat qildi.

Institut rektori, professor, fan doktori Alisher Usmonqulov boshchiligidagi delegatsiya Obuda universiteti rahbariyati bilan o‘tkazilgan uchrashuvlarda universitet boshqaruvini raqamlashtirish, strategik rejalashtirish, ta’lim sifati monitoringi va samarali boshqaruv modellarini joriy etish masalalariga alohida e’tibor qaratdi. Tomonlar ta’limda sifat — eng asosiy mezon ekanini inobatga olgan holda, Yevropa standartlariga asoslangan yondashuvlarni muhokama qilishdi.

Ayniqsa, Obuda universiteti tajribasi asosida Jizzax politexnika institutini transformatsiya qilish, 2026/2027 o‘quv yilidan boshlab strategik rivojlanish va raqamli transformatsiya bo‘yicha alohida prorektor lavozimini joriy etish masalalari muhim ahamiyat kasb etdi. Bu tashabbus institut boshqaruvini zamon talablariga mos ravishda qayta qurishga qaratilgan.

Tashrif davomida axborot texnologiyalari, sun’iy intellekt, muhandislik, arxitektura, biznes va boshqaruv yo‘nalishlaridagi fakultetlar faoliyati o‘rganildi. Amaliyotga yo‘naltirilgan ta’lim, ilmiy laboratoriyalar va innovatsion yondashuvlar ta’lim mazmunini yangilashda muhim tajriba sifatida baholandi.

Shuningdek, moliyaviy barqarorlikni ta’minlash, ilmiy natijalarni tijoratlashtirish, startap tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash va investitsiyalarni jalb etish bo‘yicha ilg‘or tajribalar institutning iqtisodiy mustaqilligini kuchaytirish nuqtai nazaridan alohida ahamiyat kasb etdi. Alba Regia texnika fakulteti hamda fan va innovatsiyalar parki faoliyati bilan tanishuv esa oliy ta’lim, ilm-fan va ishlab chiqarish integratsiyasining samarali modelini yaqqol namoyon etdi.
Tashrif yakunlariga ko‘ra, qo‘shma ta’lim dasturlarini yo‘lga qo‘yish, professor-o‘qituvchilar va talabalar almashinuvini kengaytirish, xalqaro grant va stipendiya dasturlarida ishtirokni kuchaytirish bo‘yicha aniq yo‘nalishlar belgilab olindi. Bu jarayonlar Jizzax politexnika institutini sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qiladi.
Jizzax politexnika institutining Obuda universiteti bilan hamkorligi — bu Prezident tomonidan belgilangan strategik vazifalarning amaliy ifodasi, ta’limni taraqqiyot tayanchiga aylantirish yo‘lidagi izchil va maqsadli qadamdir.
Abdujalol Qayumov, O‘zA muxbiri