Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Prezident topshirig‘i amalda: Farg‘onada zamonaviy tibbiy klinika ish boshlaydi
08:55 / 2022-08-02

Hindistonning “Apollo Hospitals” xalqaro shifoxonalar tarmog‘i Farg‘onada zamonaviy tibbiy klinika ochadi.

Hindistonning Yangi Dehli shahrida yakuniga yetgan O‘zbekiston-Hindiston biznes forumi davomida Farg‘ona viloyatidagi “Marafon Group” xolding kompaniyasi hamda Hindistonning “Apollo Hospitals” xalqaro shifoxonalar tarmog‘i o‘rtasida Farg‘onada zamonaviy tibbiy klinika barpo etish bo‘yicha yakuniy shartnoma imzolandi.  

Transplantologiya sohasida Farg‘ona vodiysida yagona klinikani barpo etish bo‘yicha imzolangan qiymati 25 million dollarga teng bo‘lgan shartnomaga “Marafon Group” xolding kompaniyasi hammuassisi Rustam Jo‘rayev va “Apollo Hospitals” boshqaruvi a’zosi doktor Punit Mexta imzo chekdi.  

Loyihaning 5 million dollarlik qismi “Marafon Group”ning o‘z mablag‘lari, qolgan 20 million dollar Abu Dhabi Investment Authority jamg‘armasi sarmoyasi hisobidan moliyalashtiriladi. Joriy yil fevral oyida “Marafon Group” xolding kompaniyasi tarkibidagi “Meridian Diagnostic Hospital” va “ILYASOV” mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbarlari Hindistonda bo‘lib, “Apollo Hospitals” investori Pratap Chandra Reddi ishtirokida anglashuv memorandumi imzolagan edi. Hozirda Farg‘ona shahrida klinika qurilish ishlari davom etmoqda, binoni jihozlash ishlari boshlab yuborilgan. Klinika 2024 yil 2-choragida foydalanishga topshirilishi rejalashtirilmoqda.  

Ma’lumot o‘rnida, “Apollo Hospital” 1983 yilda tashkil etilgan bo‘lib, Hindiston klinikalari orasida 5-o‘rinni egallaydi. Kompaniya dunyo bo‘ylab jami 12 ming o‘rinli 71 ta klinikaga ega, tarkibida 150 diagnostika markazi, 90 dan ortiq birlamchi tibbiy yordam poliklinikalari va 3400 ta dorixona mavjud. Farg‘ona shahrida Hindistonning “Apollo” klinikasini tashkil etish topshirig‘i davlatimiz rahbari tomonidan viloyatga tashrif chog‘ida belgilab berilgan edi. 

 

M. Sulaymonov,  
O‘zA