Mamlakatimizda oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirishni yanada ko‘paytirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bunda nafaqat mavjud yerlardan oqilona foydalanishga, balki qishloq xo‘jaligi ekinlari ekiladigan dala chetlari, kanal va zovurlar atrofidan ham unumli foydalanishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Quyi-Zarafshon Irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasi tomonidan 2022 yilda viloyat hududida 7422 gektar foydalanishdan chiqqan yerlar qayta oborotga kiritilib, yangi yerlar o‘zlashtirildi. Jumladan, Karmana tumanida 600, Konimex tumanida 510, Qiziltepa tumanida 1902 gektar sug‘oriladigan yerlar va 1996 gektar yaylov maydonlari, Navbahor tumanida 700, Nurota tumanida 1050, Xatirchi tumanida 664 gektar yer foydalanishga kiritildi.


– 2022 yilda Navbahor tumanida 5 dona va Nurota tumanida 1 dona tik sug‘orish quduqlari qazilib, ishga tushirilishi hamda Nurota tumanida 50 gektar, Xatirchi tumanida 44 gektar yer maydonlarida suv tejovchi texnologiyalarni joriy etish hisobiga va 3683 gektar maydonda agrotexnik tadbirlarni amalga oshirish natijasida viloyat bo‘yicha jami 7422 gektar maydon qayta foydalanishga kiritildi, – deydi boshqarma Axborot xizmati rahbari G‘iyos Djanzakov. – Prezidentimizning 2019 yil 17 iyuldagi “Qishloq xo‘jaligida yer va suv resurslaridan samarali foydalanish chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi farmoni ijrosini ta’minlash maqsadida 2023 yilda viloyat hududidagi jami 5047 gektar yer maydonini qayta foydalanishga kiritish rejalashtirilgan bo‘lib, shundan sug‘oriladigan yer maydonlari hisobidan 198 gektar, yer-suv zaxirasidan foydalangan holda lalmi-yaylov maydonlarni o‘zlashtirish hisobidan 3722 gektar va lalmi-yaylov maydonlarida suv talab qilmaydigan ekinlarni joylashtirish hisobidan 1128 gektar foydalanishdan chiqqan yerlarni qayta oborotga kiritish va yangi yerlarni o‘zlashtirish ko‘zda tutilgan. 2023 yilda Navbahor tumanida mavjud kollektorlar atrofidan 151 gektar yer maydonlari ochilib, foydalanishga topshirildi.
– Mavjud yerlar tumandagi fermer xo‘jaliklari va suv xo‘jaligi tashkiloti xodimlari hamda ishsiz fuqarolarga foydalanish uchun berildi, – deydi tuman irrigatsiya bo‘limi boshlig‘i Faxriddin Rajabov. – Jumladan, “Navbahor irmoq – 2”, “Oq devor”, “Dul-Dul”, “Turkiston”, “Markaziy” zovurlar hamda “Naukar” kanali atrofidan yer maydoni ochilib, shu hududda istiqomat qiluvchi fuqarolar va fermer xo‘jaliklariga biriktirildi. Ushbu yer maydonlariga qishloq xo‘jaligi mahsulotlari va oziq-ovqat ekinlari ekilmoqda.

– Tumandagi “Navbahor irmoq – 2” zovuri atrofidan tuman Irrigatsiya bo‘limi tomonidan qariyb 1,5 gektar yer maydoni tekislanib berildi, – deydi “Ko‘hron” MFYda yashovchi fuqaro Ismat Xalilov. – Oila a’zolarim bilan yerga turli qishloq xo‘jaligi mahsulotlari, jumladan, pomidor, kartoshka, piyoz, sabzi ekdik. Hozirda ekinlarimizning rivoji yaxshi. Yetishtirgan hosilimizning bir qismini bozorda sotishni reja qilganman. Prezidentimizning 2023 yil 12 apreldagi “Qishloq xo‘jaligi korxonalari dala chetlaridagi yer maydonlarida mahsulot yetishtirish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi qaroriga asosan, viloyatda fermer xo‘jaliklari va qishloq xo‘jaligi korxonalarining dala chetlaridagi yer maydonlarini o‘zlashtirish, ularda qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish hamda ularning ishonchli xaridini tashkil qilish ishlarini tizimlashtirish borasida chora-tadbirlar belgilangan.
Qishloq xo‘jaligida xizmatlar ko‘rsatish agentligining Navoiy viloyati bo‘limi tomonidan fermer xo‘jaliklari va qishloq xo‘jaligi korxonalari dala chetlarida ishlarni to‘g‘ri va sifatli tashkil qilish, yer egalariga ekishdan boshlab mahsulotni sotishgacha bo‘lgan davrda amaliy yordam berilmoqda. bugungi kunda viloyat bo‘yicha 12 nafar mavsumiy agronomlar ishga qabul qilinib, tumanlardagi sektorlarga 1 nafardan biriktirildi.
– 2023 yil bahor oylarida fermer xo‘jaliklari va qishloq xo‘jaligi korxonalari dala chetlariga jami 1693 gektar, shundan 516 gektar maydonga tut va 342 gektar maydonga tok ko‘chatlari ekish, 229 gektar maydonga oshqovoq, 235 gektar maydonga sabzavot hamda 370 gektar maydonga boshqa qishloq xo‘jaligi ekinlar ekish belgilangan edi, – deydi Qishloq xo‘jaligida xizmatlar ko‘rsatish agentligi viloyat bo‘limi boshlig‘i Sharofiddin Jumaqulov. – Buning uchun agentlik tomonidan 60 ming dona uzum ko‘chatlari, 6 ming dona mevali daraxt ko‘chatlari, 250 kilogramm oshqovoq urug‘lari, 700 ming dona sabzavot ko‘chatlari ekish uchun fermer xo‘jaliklari va qishloq xo‘jaligi korxonalariga yetkazib berildi. bugungi kunda ekilgan ko‘chatlarni parvarishlash va agrotexnik tadbirlarni o‘tkazish ishlari olib borilmoqda. Ushbu dala chetlari maydonlaridan 2 ming 700 tonna poliz, 3 ming 200 tonna sabzavot va 1 tonna qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirilib, eksport va ichki bozorlarga chiqarilishi rejalashtirilgan.
Abduvali Bo‘riyev, O‘zA