Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Prezident topshirig‘i amalda: “Beltau” ovulining zamonaviy qiyofasi
09:55 / 2023-06-11

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Taxtako‘pir tumanining eng chekka “Beltau” ovul fuqarolar yig‘inida bundan ikki-uch yil avval bo‘lgan kishi bu yerdagi bugungi tub o‘zgarishlarni ko‘rib, hayratda qolishi shubhasiz.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi va Vazirlar Kengashi tashabbusi bilan ommaviy axborot vositalari vakillari hamda blogerlar uchun yaqinda “Beltau” ovul fuqarolar yig‘iniga press-tur tashkil etildi. Bundan ko‘zlangan maqsad hududda amalga oshirilayotgan ishlar va kelgusidagi rejalarni keng jamoatchilikka yetkazishdir. 
Tuman markazidan 40 kilometr uzoqda joylashgan Qozog‘iston bilan chegaradosh ovulda aholi asosan chorvachilik bilan shug‘ullanib kelgan. Suv taqchilligi natijasida ovul aholisi hayotida muammolar yuzaga keldi. Bundan xavotirlangan aholining aksariyati qo‘shni davlatga ko‘chib ketdi. Ayrimlari uy-joylariga mijoz topilmaganidan ularni buzib, tegishli qurilish materiallarini olib, sotib ketishdi. Natijada, 400 dan ziyod xonadon istiqomat qilib kelgan ovulda bugungi kunda atigi 166 ta xonadon qolgan. Ko‘chib ketishga imkoni bo‘lmagan, kelajakda ovulga kimningdur nazari tushishidan umidvor bo‘lganlar kindik qoni tomgan yerda yashab qoldi. Bugun, ular bu yerlarni tashlab ketmay, to‘g‘ri qilgan, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.

Ta’kidlash joizki, Prezident Shavkat Mirziyoyev 2022 yilning fevral oyida hududlardagi bunyodkorlik ishlari, yirik loyihalar va aholi hayoti bilan tanishish maqsadida Qoraqalpog‘istonga tashrifi doirasida ushbu ovuldagi bunyodkorlik ishlarini ko‘zdan kechirib, muammolarni hal etish, bandlikni ta’minlash borasidagi takliflarini bildirgan edi. Natijada, O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi va Vazirlar Kengashi tomonidan hamkorlikda olib borilgan sa’y-harakatlar natijasida bugungi kunda ovulning qiyofasi tubdan o‘zgardi.

“Obod qishloq” dasturi asosida qurilish, ta’mirlash, ko‘chalarga qum-shag‘al aralashmasi va qora qoplama yotqizish ishlari amalga oshirildi. Davlatimiz rahbarining joriy yil 24 maydagi “Aholining ichimlik suv ta’minoti va oqova suv xizmatlari bilan ta’minlanganlik darajasini oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” gi qarori asosida aholini toza va sifatli ichimlik suvi bilan ta’minlash, oqova suv xizmatlarini yaxshilash, suv ta’minoti og‘ir bo‘lgan mahallalarni to‘liq xatlovdan o‘tkazish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirildi. Shu jumladan, “Beltau” ovul fuqarolar yig‘iniga Toshkent shahridan keltirilgan texnikalar yordamida 16 ta yer osti suvlari uchun quduq burg‘ilash ishlari olib borildi. Bu esa, birinchi navbatda, aholini, ijtimoiy soha ob’ektlari va tomorqa yerlarini suv bilan ta’minlash imkonini berdi.

"Beltau" ovuli yonidagi qurib qolgan soy qazib kengaytirildi. Natijada 2 ming gektar yerni kafolatli sug‘orish imkoni yaratildi. Soyga piyodalar o‘tish uchun ko‘prik qurildi, atrofi obodonlashtirilib, piyodalar va velo yo‘lakchalar qilindi. 
Hududda 1,2 kilometr yangi asfalt yo‘l qilindi. 4,5 kilometr tuproq yo‘lga shag‘al to‘kildi. 3,1 kilometr piyodalar yo‘lakchasi qurildi va 2 kilometr masofadagi eski ariq betonlari olib tashlanib, 1,65 kilometr yangidan qurildi. Ovulda 3 ta yangi elektr transformator o‘rnatildi, 2 tasi ta’mirlandi, 120 ta elektr ustuni, 44 ta tungi yoritgich chirog‘i o‘rnatildi va 7,64 kilometr havo liniyasi tortildi.
Qishloq shifokorlik punkti, ovul fuqarolar yig‘ini binosi, 15-sonli umumta’lim maktabi, 13-sonli maktabgacha ta’lim tashkiloti va tashlandiq ahvolga kelib qolgan madaniyat saroyi ta’mirlandi. Sobiq chorva fermasi ta’mirlanib, ishga tushirildi. Bugungi kunda fermada qoramollar boqilmoqda.

Aytish joizki, ovuldagi 100 ta xonadon ta’mirlandi. 37 ta tashlandiq uyning o‘rni tozalanib, ko‘cha bo‘yidagi 9,5 kilometr ariq tozalandi va yangidan 0,45 kilometr ariq qazildi. 11 ming 200 tup manzarali va mevali daraxt ko‘chatlari ekildi. 
Hududdagi 20 nafar xotin-qiz tikuvchilik kasbi bo‘yicha o‘qitilib, tikuvchilik sexi ishga tushirildi. “Uzmobile” aloqa antennasi o‘rnatildi. Natijada aholi internet tarmog‘idan foydalanish imkoniga ega bo‘ldi.

Press-tur ishtirokchilari ovulda olib borilayotgan qurilish hamda obodonlashtirish ishlari bilan yaqindan tanishdi. Qishloq aholisining tomorqa yerlarida olib borilgan ishlar ko‘zni quvontiradi. O‘roqboy Qosbauliyev xonadonidagi 20 sotix yerga 8 ming tup pomidor, 2 ming tup bodring, 2 ming tup qovoq, 1,5 ming tup tarvuz va boshqa qishloq xo‘jaligi ekinlari ekilgan. Ertangi mo‘l hosildan darak beruvchi nihollar bir tekis gullab, mevalamoqda. Qoraqalpog‘iston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari Kengashi raisi Quuanishboy Nurimbetovning ta’kidlashicha, ovulda har bir xonadonning tomorqa yerlari yaqin kunlarda mana shunday ko‘rinishda bo‘ladi. Ikkinchidan, yetishtirilgan hosilning xaridorlari ham tayyor. Ovul hududida qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlovchi sex qurilishi boshlanish arafasida. Unda tomorqalarda yetishtirilgan mahsulotlarni shartnoma asosida qabul qilib, tayyor mahsulotlar ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladi. Mahsulotlar xorijga eksportga yo‘naltirilib, yoshlar uchun yangi ish o‘rinlari yaratiladi.
Ovul fuqarolar yig‘ini hududida yangidan 1000 gektar yer o‘zlashtirildi. Shuning 500 gektariga plyonka ostiga chigit, pomidor, qovun-tarvuz va boshqa ekinlar ekildi. Ushbu ishlarda zamonaviy texnikalardan foydalanilmoqda. Jumladan Xitoy mamlakatidan keltirilgan seyalka bir vaqtning o‘zida to‘rtta amaliyotni bajaradi, ya’ni chigitni qadaydi, ozuqasini beradi, tomchilatib sug‘orish quvurini yotqizadi va plyonka to‘shaydi. Dala ishlariga tajribali dehqonlar jalb qilingan. Masalan, pomidor ekishda Beruniy tumanidan tajribali dehqon E.Yuldashev rahbarlik qilayotgan bo‘lsa, qovun-tarvuz ekish va tarbiya berish ishlariga Namangan viloyati Chust tumani Olmos qishlog‘idan N.G‘aniyev boshchilik qilmoqda. Ekinlarni sug‘orish to‘la tomchilatib sug‘orish tizimida amalga oshiriladi. Dala chetlaridan ham samarali foydalanilib, qo‘shimcha mahsulot olinadi. 

Press-tur ishtirokchilari ovul fuqarolar yig‘inida zamonaviy chorvachilik majmuasida, madaniyat uyida, tuman FHDYO bo‘limining filialida va boshqa joylarda bo‘ldi. 
Tadbir yakunida amalga oshirilayotgan ishlar va kelgusidagi rejalar yuzasidan batafsil ma’lumot berildi. Ommaviy axborot vositalari vakillari hamda blogerlar bu borada o‘zlarini qiziqtirgan savollarga batafsil javob oldi.

Dovud ABIBULLAEV, O‘zA