“O‘zsanoatqurilishbank” ATB tomonidan Buxoro viloyatidagi ishlab chiqarish korxonalariga press-tur tashkil etildi. Tadbirda jurnalistlar bankning moliyaviy ko‘magida ishga tushirilgan loyihalar hamda ularning iqtisodiy va ekologik ahamiyati bilan tanishtirildi.
–Prezidentimiz raisligida shu yilning 10 yanvar kuni sanoatni rivojlantirish hamda qo‘shimcha zaxiralarni aniqlash masalalariga bag‘ishlab o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida sohaning iqtisodiyot va aholi bandligida tutgan o‘rni tahlil qilindi, – deydi “O‘zsanoatqurilishbank” Buxoro mintaqaviy bank xizmatlari ofisi boshqaruvchisi Qodirjon Asadov. –Sanoat tarmoqlarini yanada rivojlantirish va ularning ayrim turlarini “drayver”ga aylantirish yuzasidan topshiriqlar berildi. “O‘zsanoatqurilishbank” tomonidan ushbu vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida yangi sanoat zonalarini barpo etishda, tashabbuskorlarga istiqbolli loyihalarni ishlab chiqishda yaqindan ko‘maklashilmoqda. Qo‘shimcha resurslar jalb qilinib, faol moliyalashtirish choralari ko‘rilmoqda. 2022 yilda 60 dan ziyod loyihalar amalga oshirildi va ularga 200 milliard so‘m mablag‘lar yo‘naltirildi. Natijada 1275 nafar aholi ish bilan ta’minlandi. Joriy yilning hozirgi kuniga qadar 62 loyiha amalga oshirilib, 180 milliard so‘m mablag‘ moliyalashtirildi. Natijada 850 ish o‘rni yaratildi.
Press-tur dasturiga ko‘ra, ommaviy axborot vositalari vakillari dastlab shu yilning may oyida ish boshlagan “BUKHARA GOLD GRANIT” mas’uliyati cheklangan jamiyatida bo‘lishdi. Tabiiy pardozbop toshlarni qayta ishlash jarayoni bilan tanishdi.
Keyingi yillarda Buxoroda qurilish materiallari sanoati viloyatning drayverlaridan biriga aylanib ulgurdi. Sohani yanada rivojlantirish, hududlarda qurilish industriyasini rivojlantirishda noruda minerallarning xom ashyo bazasini o‘zlashtirish imkoniyatlaridan to‘liq foydalanish choralari ko‘rilmoqda. Kogon tumanining “Tutkunda” mahalla fuqarolar yig‘ini hududida joylashgan “Bukhara Gold Granit” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan amalga oshirilgan granit plitalarini ishlab chiqarishni tashkil etish loyihasi ana shunday tashabbuslardan. Yana aniqrog‘i, korxonada qurilishda foydalaniladigan granit mahsulotlari ishlab chiqarilmoqda. Tayyorlanayotgan granitlarning xomashyosi Peshku tumani Jongeldi massividagi konlardan olib kelinyapti.
[gallery-12298]
– Viloyatimizda yuzdan ziyod noruda foydali qazilma konlari aniqlagan bo‘lib, shu kunga qadar ularning 81 foizi o‘zlashtirilgan, – deydi “BUKHARA GOLD GRANIT” MCHJ korxona ish boshqaruvchisi Jamshid Jamilov. – Mazkur mahalliy yer osti boyliklaridan unumli foydalanish maqsadida marmar va granit konlarini o‘zlashtirib, zamonaviy pardozbop qoplama toshlar ishlab chiqarishga qaratilgan klaster tashkil etdik. Loyihani tatbiq etishda “O‘zsanoatqurilishbank” katta jonbozlik ko‘rsatdi. Muassasa tomonidan ajratilgan 1,5 million dollar hajmidagi xorijiy kredit liniyasi hisobiga Turkiyadan ilg‘or texnologik majmua keltirib o‘rnatdik.
Loyihaning umumiy qiymati 3 million AQSH dollari bo‘lib, uning 1,5 million AQSH dollari tashabbuskorning o‘z mablag‘i, 1,5 million AQSH dollari miqdoridagi sarmoya esa “O‘zsanoatqurilishbank” aksiyadorlik tijorat banki Buxoro mintaqaviy filiali moliyaviy quvvatlovidir. Korxonada 60 ish o‘rni yaratildi. Ularning ko‘pchiligi yoshlardir.
– Granitlarga ishlov berayotgan maxsus texnikalar zamonaviy bo‘lib, ular Turkiyadan olib kelingan, – deydi korxona direktori Alisher Rajabov. – Ishchi-xodimlar turkiyalik mutaxassislardan kasb sirlarini o‘rganmoqda. Ishlab chiqarayotgan granit mahsulotlarimizning umumiy hajmi 120 ming kvadrat metrga yetadi.
– Turk mutaxassislaridan sir asrorlarni o‘rganib boryapman, – deydi sex ustasi Asror Avezov. –Korxonada ishga tushganidan buyon ishlayman. 4 million so‘mgacha maosh olaman. Korxona tomonidan issiq ovqat, maxsus kiyim kechak beriladi.
Zamonaviy xorij dastgohlari yordamida ishlab chiqarilayotgan tayyor materiallar, avvalo, viloyatda barpo etilayotgan qurilish inshootlariga yetkazib beriladi. Mahalliy ehtiyojdan ortiq qismi xorijga eksport qilinadi.
E’tiborlisi, ushbu texnologiyalar to‘liq “yashil” mezonlarga javob beradi. Ularni qo‘llash natijasida bir yilda 21 foiz energiya samaradorlikka erishish va atrof-muhitga 8 tonna miqdorida zararli gaz chiqishining oldini olishga erishiladi.
Granit toshlari xom ashyo bazasi Peshku tumanida, u yerda o‘zimiz karer tashkil qilganmiz, – deydi Jamshid Jamilov. – Bir kunda kondan 55 metr kubgacha mahsulot zavodga keltiriladi. Ishlab chiqarish quvvatimiz yiliga 148 ming kvadrat metr granit mahsulotlarini tashkil etadi. Klaster bo‘yicha 2-bosqichdagi ishlar ham rejalashtirilgan. Loyihaga ko‘ra, yana shuncha ish o‘rni yaratilib, ishlab chiqarish hajmini 2 baravarga oshirish ko‘zda tutilgan.
Zarif Komilov, Tohirjon Istatov (surat), O‘zA