Xalq vakillarining hududlarda bo‘lib, aholi murojaatlarini tinglashi, hududlar rivoji bilan bog‘liq bo‘lgan ustuvor yo‘nalishlardagi ishlarning borishini o‘rganishi dolzarb ahamiyatga ega. Xususan, ayni kunlarda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlaridan iborat ishchi guruhlar joylarda bo‘lib, sanoat va tadbirkorlikni rivojlantirish, huquqbuzarliklarning oldini olish kabi sohalardagi amaliy ishlarni o‘rganishmoqda.
— Prezidentimiz shu yil Farg‘ona, Toshkent va Buxoro viloyatlariga tashriflari chog‘ida investitsiyalarni jalb etish, sanoat va tadbirkorlikni rivojlantirish, qishloq xo‘jaligi yerlaridan unumli foydalanish, huquqbuzarliklarning oldini olish, jinoyatchilikka qarshi kurashish, kambag‘allikni qisqartirish, bandlikni ta’minlash, oziq-ovqat mahsulotlarini ko‘paytirish, aholi va iqtisodiyot tarmoqlarini energiya resurslari bilan kafolatli ta’minlash kabi masalalarga alohida e’tibor qaratib, mamlakatimiz taraqqiyotiga bevosita daxldor bo‘lgan muhim masalalar yuzasidan videoselektor yig‘ilishlari o‘tkazdi, — deydi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Axborot xizmati rahbari M.Parmonova. — Bu boradagi ishlarni yanada jadallashtirish yuzasidan kelgusidagi ustuvor vazifalarni belgilab berdi. Deputatlarimiz shundan kelib chiqib, mazkur vazifalarning ijrosi ta’minlanishi ustidan samarali parlament va deputatlik nazoratini olib borishmoqda.

Darhaqiqat, deputatlar joylardagi o‘rganishlari davomida ushbu vazifalarning hayotga izchil tatbiq qilinishi ustidan nazorat o‘rnatish, mahalliy ijro etuvchi organlarga amaliy ko‘mak berishga alohida e’tibor qaratishmoqda. Jumladan, Qonunchilik palatasi Spikeri o‘rinbosari A.Haitov boshchiligidagi deputatlarning Guliston shahridagi o‘rganishlari davomida hududiy investitsiya loyihalarining ishga tushirilishi, to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni jalb qilish hamda eksport prognozlarining bajarilishi tahlil qilindi. Gulistonda faoliyat yuritayotgan bir qator tadbirkorlik sub’ektlari, ishlab chiqarish korxonalari bilan tanishildi.
O‘rganishlar davomida Guliston shahrida iqtisodiyot tarmoqlari, ijtimoiy soha ob’ektlari va ko‘p kvartirali uy-joy fondini 2023 yilda kuz-qish davrida barqaror ishlashga tayyorlashni ta’minlashga doir tasdiqlangan parametrlar bajarilishiga ham e’tibor qaratildi.
Deputatlar Mirzaobod tumanida ham bo‘lib, sanoat va tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash, kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik borasida amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishdilar.
Xalq vakillarining joylardagi o‘rganishlari davom etmoqda.
M.Komilova, O‘zA