Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Prezident tashriflaridagi tashabbuslar e’tirof etildi
17:26 / 2025-09-22

Bugun O‘zLiDeP fraksiyasining yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda bir qator qonun loyihalari va parlament nazoratiga oid masalalar qizg‘in muhokama qilindi.

Dastlab Prezidentimizning sanoat, qishloq xo‘jaligi, energetika va ijtimoiy sohada ishga tushirilgan yangi ob’ektlar bilan tanishish maqsadida Namangan viloyatiga tashrifi va tashrif davomida belgilab berilgan vazifalar ahamiyati haqida ham so‘z yuritildi. 

Deputatlar Norin GESlar kaskadining dastlabki bosqichining ishga tushishini mamlakatimiz energetik barqarorligini ta’minlashda muhim qadam ekanini e’tirof etdi. Davlatimiz rahbari viloyatga tashrifi chog‘ida ushbu energetika inshootini borib ko‘rdi. 

Ma’lumki, mamlakatimizda qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirish milliy iqtisodiyot barqarorligini ta’minlashda strategik yo‘nalish sifatida belgilangan. Oxirgi yillarda Buxoro, Jizzax, Qashqadaryo, Navoiy, Samarqand va Surxondaryoda o‘ndan ziyod quyosh va shamol elektr stansiyasi ishga tushirildi. Shu bilan birga, qator hududlarda 450 megavattli gidroelektr stansiyalar foydalanishga topshirildi. 

Deputatlar energetika tizimidagi bunday yirik loyihalar aholini barqaror elektr energiyasi bilan ta’minlash, sanoat tarmoqlarini uzluksiz ishlatish hamda iqtisodiy samaradorlikni oshirish uchun muhim qadam ekanini qayd etdi. Shuningdek, ishga tushirilayotgan har bir yangi GES “yashil iqtisodiyot”ni rivojlantirishga xizmat qilishini e’tirof etdi. 

Shuningdek, yig‘ilishda davlatimiz rahbarining joriy yil 15 sentyabr kuni Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumaniga tashrifi hamda o‘qituvchi va murabbiylar bilan “Ta’lim sifatini oshirish, o‘qituvchi va murabbiylarni yanada qo‘llab-quvvatlash masalalari” bo‘yicha o‘tkazgan muloqotidagi tashabbuslar haqida so‘z yuritildi. 

Deputatlar davlatimiz rahbarining ta’lim sohasini yanada rivojlantirish borasidagi tashabbus va takliflari O‘zLiDeP saylovoldi dasturida belgilangan maqsad va vazifalariga hamohang ekanini e’tirof etdi. 

Kun tartibidagi qonun loyihalari ham ko‘rib chiqilib, tegishli qarorlar qabul qilindi. 

Muhtarama Komilova, O‘zA