Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zMTDP fraksiyasining navbatdagi yig‘ilishida bir qator qonun loyihalari qizg‘in muhokama qilindi. Yig‘ilish avvalida davlatimiz rahbarining Vengriya va Sloveniyaga tashriflarining ahamiyatiga to‘xtalib o‘tildi.
Qayd etilganidek, O‘zbekiston – Vengriya o‘rtasida strategik va ko‘p qirrali hamkorlik yanada mustahkamlanib, amaliy hamkorlik barcha yo‘nalishlarda izchil rivojlanib bormoqda. Jumladan, parlamentlar, hukumatlar, idora va hududlar darajasida samarali aloqalar yo‘lga qo‘yilgan, BMT, Turkiy davlatlar tashkiloti va boshqa xalqaro tuzilmalar doirasida yaqin hamkorlik qilinmoqda. Har ikki mamlakat o‘rtasida o‘zaro savdo hajmi ortayotgani, iqtisodiyotning turli tarmoqlarida yetakchi korxonalarning kooperatsiyasi kuchayib borayotgani e’tirof etildi.

Shuningdek, O‘zbekiston – Vengriya Ishbilarmonlar kengashi faoliyatini qayta tiklash va yaqin fursatda uning navbatdagi yig‘ilishini o‘tkazish, hududlararo aloqalarni rag‘batlantirish maqsadida Vengriyada ikkinchi forumga puxta tayyorgarlik ko‘rish yuzasidan erishilgan kelishuvlar ikki mamlakat o‘rtasidagi aloqalarni yanada rivojlantirishi qayd etildi.
So‘nggi 20 yil davomida ilk bor o‘tkazilgan O‘zbekiston – Sloveniya o‘rtasidagi oliy darajadagi tadbirlarda erishilgan kelishuvlar ham tarixiy ahamiyatga ega. Uchrashuv davomida Sloveniyaning yetakchi kompaniyalari bilan Sanoat kooperatsiyasi dasturini qabul qilish, shuningdek, zamonaviy asbob-uskunalar, sanoat va qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini ishlab chiqarish, farmatsevtika mahsulotlari, shu jumladan, asal va shifobaxsh giyohlarga asoslangan dori ishlab chiqarishni mahalliylashtirish, energetika ob’ektlarini qurish va modernizatsiya qilish bo‘yicha loyihalarni amalga oshirish yuzasidan kelishuvlarga erishildi.

– Ayni paytda O‘zbekiston Jahon savdo tashkilotiga kirishda Yevropa Ittifoqi davlatlari bilan muzokaralar o‘tkazmoqda. Bu ikki davlat Yevropa Ittifoqi a’zosi hisoblanadi. Shu jihatdan ushbu tashriflar, shubhasiz, mamlakatimizning JSTga tezroq a’zo bo‘lishida muhim ahamiyat kasb etadi, – dedi fraksiya a’zosi Nodir Tilavoldiyev.
Fraksiya a’zolari tomonidan har ikkala tashrif mobaynida erishilgan kelishuvlar mamlakatimiz ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotida muhim ahamiyat kasb etishi alohida ta’kidlandi.
Muhtarama Komilova, O‘zA