Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Prezident tashrifidan so‘ng: Xasta ko‘ngillarning orzulari ushala boshladi
18:41 / 2021-05-15

Xasta ko‘ngillarga birgina madad, dalda, bir og‘iz shirin so‘z ularning ruhiyatini osmon qadar yuksaltiradi, katta kuch-quvvat, mador ato etadi, kelajakka ishonch hissini uyg‘otadi.

Ayniqsa, og‘ir dard bilan kurashayotgan farzandining ma’yus chehrasiga termilib, joni azobda qiynalayotganini ko‘rib, bir o‘lib bir tirilayotgan, qon yutib tong ottirayotgan ota-onalar uchun yilt etgan umid chirog‘i-da ulkan tog‘dek tayanch bo‘ladi. 

Avval xabar berilganidek, shukronalik, mehr-oqibat ayyomi — muborak Ramazon hayiti munosabati bilan Prezident Shavkat Mirziyoyev 14 may kuni Toshkent shahridagi shifo maskanlarida bo‘lib, u yerda davolanayotgan bemor bolalar holidan xabar oldi. Ota-onalar va bolalarni Ramazon hayiti bilan tabriklab, ularga dalda berdi. Bolalarga mehribonligi va fidoyiligi uchun shifokorlarga minnatdorlik bildirdi.

Jumladan, Prezidentimiz Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markaziga ham tashrif buyurib, bemor bolalar va ularning ota-otalari bilan dildan suhbatlashdi, bolajonlarning orzu-havaslari, kelgusidagi niyatlari bilan qiziqdi.

Chust tumanida yashovchi 17 yoshli Sabina Insofaliyeva hamda uning onasi Feruza Muhsinova bilan bo‘lgan samimiy muloqotda Sabina tuzalib chiqsa, yo‘l harakati xavfsizligi xizmati xodimi bo‘lish orzusi borligini bildirdi. Ammo og‘ir dard qizni bir oyog‘idan ajratdi — shifokorlar bu qizning hayotini saqlab qolish uchun o‘ng oyog‘ini kesishga majbur bo‘lgan.

Prezident Markazning bolalar onkojarrohlik bo‘limi boshlig‘i Tojiddin Mustafoyevdan Sabinaning salomatligi haqida so‘radi. Eng rivojlangan davlatlardan protez olib kelib qo‘ydirishga, uning sog‘ligini shaxsan nazoratga olishga va’da berdi.

—   Muborak kunlarda holimizdan xabar olib, ko‘nglimizga xotirjamlik ulashganlari uchun davlatimiz rahbariga ming rahmat, juda minnatdormiz, — deydi Sabina Insofaliyevaning onasi Feruza Muhsinova ko‘zlari to‘la yosh bilan. — Qizim bir necha bor jarrohlik amaliyotini boshidan kechirdi. Shifokorlarimizning e’tiboridan ham mamnunmiz. Ular qizimning oyog‘ini saqlab qolishga urinishdi, ammo buning imkoni bo‘lmadi. Qizim juda sabr-bardoshli ekan. Hamma sinovlarga sabr qilib, kelajakka bo‘lgan ishonchini, umidini so‘ndirmadi. Prezidentimiz bilan suhbatda yo‘l harakati xavfsizligi xizmati xodimi bo‘lish niyatida ekanligini aytganida, yurtboshimiz farzandimning salomatligini tiklash uchun, orzulari ushalishi uchun barcha imkoniyatlarni ishga solishlarini ta’kidladi. Bundan boshimiz ko‘kka yetdi. Qizim ham bu e’tibordan quvonib, o‘ziga bo‘lgan ishonchi yanada ortyapti, ruhi tetiklashyapti. Ona uchun bundan ortiq baxt bo‘lmasa kerak...  

Davlat rahbarining e’tibori, g‘amxo‘rligi amalda o‘z ifodasini topdi. Prezident tashrifidan so‘ng Sabinaga dalda bo‘lish, ruhini ko‘tarish, orzusi sari rag‘batlantirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining Yo‘l harakati xavfsizligi bosh boshqarmasi boshlig‘i, polkovnik Olim Saidov rahbarligidagi bir guruh soha vakillari Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazida bo‘ldi. Kelgusida yo‘l harakati xavfsizligi xizmati xodimi bo‘lish orzusidagi Sabina bilan yaqindan muloqot qilib, uning bu orzusi, albatta, amalga oshirilishini ta’kidladilar. Toshkent shahrida faoliyat ko‘rsatgan birinchi ayol yo‘l boshqaruvchisi, nafaqadagi podpolkovnik Nigora Jo‘raboyeva Sabinaga o‘z orzu-maqsadlari yo‘lida omad tilab, unga ushbu sohadagi tajribalaridan so‘zlab berdi.

Yo‘l harakati xavfsizligi bosh boshqarmasi tomonidan Sabina Insofaliyevaga yo‘l posboni guvohnomasi, yo‘l posbonligiga qabul qilish bo‘yicha ma’lumotnoma, yo‘l harakati xavfsizligi xizmatining maxsus formasi, ko‘krak nishoni, jetoni topshirildi. Endilikda 17 yoshli Sabina Yo‘l harakati xavfsizligi bosh boshqarmasining faxriy a’zosi hisoblanadi.  Qolaversa, bemor qiz boshqarmaning qaramog‘iga olinib, barcha davolash muolajalarining moliyaviy xarajatlari Yo‘l harakati xavfsizligi bosh boshqarmasining byudjetdan tashqari jamg‘armasi hisobidan to‘lab beriladigan bo‘ldi.

[gallery-2412]

—  Chust tumanidagi 41-maktabda o‘qiyman, ammo dard sabab ikki yildan buyon o‘qishim qolib ketdi, — deydi biz bilan suhbatda Sabina. — Prezidentimiz to‘satdan xonamga kirib kelganida, quvonchdan ko‘zlarim porlab ketdi. Ularning bizga nisbatan mehr va e’tiborini, g‘amxo‘rligini chin dildan his qildim. Bu esa kelajak sari intilishimga, tuzalishga astoydil ishonch bilan harakat qilishimga yanada kuch bag‘ishladi.

Davlatimiz rahbarining tashrifidan so‘ng birgina tilagimni ro‘yobga chiqarish yo‘lida yo‘l harakati xavfsizligi vakillari kelib, meni boshqarmaning faxriy a’zoligiga qabul qilishganidan behad xursand bo‘ldim. Bu quvonchimni, ayni paytdagi his-hayajonimni ta’riflash mushkul. Prezidentimizga, shifokorlarimizga hamda yo‘l harakati xavfsizligi mutasaddilariga cheksiz minnatdorchiligimni bildiraman. Kelajakda, albatta, oyoqqa turib, Prezidentim, ota-onam, butun xalqim ishonchini oqlashga, ona Vatanimga astoydil xizmat qilishga bor kuchim bilan harakat qilaman.

Yo‘l harakati xavfsizligi bosh boshqarmasi vakillari markazda nafaqat Sabina, balki o‘nlab bolalar va ularning ota-onalari bilan suhbatlashib, ularga dalda berdilar, shirinliklar va sovg‘a-salomlar ulashildi. Markazning bolalar bo‘limiga o‘nlab kitoblar taqdim etildi. Jonli ijrodagi kuy-qo‘shiqlar esa bolalar va ota-onalarning, shifokorlarning ko‘ngillariga xushnudlik ulashdi.

—  Muborak hayit kunlarida davlat rahbarining markazimizga tashrifi, e’tibori bemorlarimiz hayotida o‘z samarasini beradi, — deydi bolalar onkojarrohlik bo‘limi boshlig‘i Tojiddin Mustafoyev. — Hatto birinchi kundan boshlab natijasini ko‘rsatdi, desak o‘rinli bo‘ladi. Ya’ni yuqori texnologik yordamga muhtoj bir necha bemorlarga amaliy yordam berildi. 

Prezidentimiz markazimizni dori-darmon va zarur zamonaviy uskunalar bilan ta’minlash bo‘yicha topshiriqlar berdi. Bu esa bemor bolajonlarimizning sog‘ligini tiklashda dolzarb ahamiyatga ega. Bemor Sabina Insofaliyeva haqida to‘xtaladigan bo‘lsam, u bizning klinikamizga qadar viloyat muassasalarida davo muolajalarini olgan, jarrohlik amaliyotini o‘tkazgan. Bu yerda ham kerakli davolarni olyapti. Shifokor sifatida bemorimizni sog‘ayganlar safiga qo‘shilishi uchun bor imkoniyatlarimizni ishga solamiz. 

bugungi kunda bo‘limimizda ikkita yo‘nalish — bolalar ximiyaterapiyasi va onkojarrohlik yo‘nalishida bemorlar davolanadi. Har ikki bo‘limga 30 o‘rindan 60 o‘rin ajratilgan. Birinchi qavatda konservativ davo, ya’ni dori-darmon va nur terapiyasi, ikkinchi qavatda jarrohlik amaliyoti o‘tkaziladi. Bo‘limda amalga oshirilayotgan jarrohlik amaliyotlari ko‘lami va murrakabligi bo‘yicha nafaqat respublikamizda, balki O‘rta Osiyoda yetakchi hisoblanadi. 

Chunki eng qiyin jarrohliklar amalga oshiriladi. Xususan, qora parda osti sohasi o‘smalari, kichik chanoq, tayanch harakati a’zolarida jarrohlik hamda bir yilda yuzga yaqin sklet ko‘chirib o‘tkazish amaliyotlari bajariladi. So‘nggi 2-3 yilda esa umurtqa pog‘onasi o‘sma kasalliklari bo‘yicha ham jarrohlik amaliyoti bajarilayotgani bemorlarga qulaylik yaratmoqda.  

Darhaqiqat, davlat rahbarining tashrifi ham bemorlaru ota-onalarga dalda, ham markaz faoliyatini zamon talablari darajasida takomillashtirishda muhim o‘rin tutadi. Markazda davo muolajalarini olayotgan murg‘akkina bolajonlarni, ularning ota-onalarini kuzatar ekanmiz, cheksiz mehr-muruvvat, e’tibor va g‘amxo‘rlikdan xasta ko‘ngillarida tog‘dek ilinj paydo bo‘lganini, quvonchdan chehralari yorishganini his qildik. Muborak kunlarda bolajonlar mitti jonlarini azoblayotgan darddan, albatta, forig‘ bo‘lib, elu yurt koriga kamarbasta inson bo‘lishlarini niyat qilib qaytdik.

Muhtarama Komilova, O‘zA