Buxoro viloyatiga 2022 yilda uch yarim million sayyoh tashrif buyurgan bo‘lsa, 2025 yilda bu ko‘rsatkichni o‘n milliontaga yetkazish rejalashtirilgan. Bu o‘z navbatida hudud iqtisodiy imkoniyatlarining kengayishiga, ish o‘rinlari ko‘payishiga olib keladi. Shu bois, davlatimiz rahbari Buxoro viloyatiga tashrifi chog‘ida ayni shu yo‘nalishda ziyorat turizmi uchun sharoitlarni kengaytirish, xizmat ko‘rsatish sifati va ko‘lamini yanada oshirish borasida bir qator ko‘rsatmalar bergan edi.
Hududning turizm salohiyati ham so‘nggi yillarda bir necha barobarga yuksaldi. 829 madaniy meros ob’ektlari qayta ta’mirlanib o‘zgacha chiroy kasb etdi. Bir vaqtning o‘zida 10 mingga yaqin mehmonni o‘z bag‘riga oladigan 184 mehmonxona faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Transport logistika xizmatlarini ko‘rsatish bo‘yicha yangi infratuzilmaga asos solindi. Qo‘shimcha yo‘nalishlar paydo bo‘ldi. Bugunga kelib, Prezidentimizning 10-11 avgust kunlari bergan topshiriqlari asosida bu boradagi ishlar ko‘lamini yanada kengaytirishga kirishildi. Endi faqatgina ziyorat turizmi emas, gastronomik, ekstremal, tibbiyot, sahro turizmi kabi yo‘nalishlarni rivojlantirishga ham alohida e’tibor qaratilmoqda.
Romitan tumanidagi Bo‘rontepa qo‘rg‘oni yonida joylashgan sayyohlar dam oladigan maskan misolida izohlaydigan bo‘lsak, Varaxsha massivida joylashgan qadim yodgorlik bugun turizm rivojida yangi sahifa ochganini ko‘rish mumkin. E’tiborli tomoni, o‘z zamonasida qo‘rg‘on sifatida faoliyat ko‘rsatgan ushbu ko‘hna obidani tomosha qilish, cho‘l sharoitida o‘zini o‘tmishdagidek his etish uchun sayyohlarga yana bir qulaylik taqdim qilindi. Endi mehmonlar bu maskanga vertolyotda borishlari, Varaxsha atrofidagi yodgorliklarni yuqoridan turib tomosha qilishlari mumkin.
[gallery-13147]
– Buxoro viloyatida “Bukhara Desert Oasis & Spa” majmuasida vertolyot turlarini tashkil etish masalasini ko‘rib chiqyapmiz, – deydi “UZBEKISTAN HELICOPTERS” MCHJ rahbari Sardor Normuhammedov. – Qilinayotgan tadbirlar o‘z navbatida viloyatga keladigan turizm oqimini yanada oshiradi. Mahalliy va chet el sayyohlari uchun dunyo standartlariga javob beradigan mukammal bir mahsulot berishda yordam beradi.
O‘tmish va bugunni o‘zida aks ettiruvchi Bo‘rontepa yodgorligini qadimdagi singari turizm chorrahasiga aylantirish yo‘nalishida ham ishlar boshlab yuborildi. X-XI asrlarda gullab yashnagan maskandan Xorazm va Samarqand shaharlariga vertolyot va samolyot reyslari yo‘lga qo‘yilishi rejasi esa yana bir katta yangilik, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.
– Prezidentimiz turizm yo‘nalishi bo‘yicha ishlarni jadallashtirish va yangi-yangi majmualarni ishlab chiqish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi, – deydi Romitan tumani hokimi Umedjon Barnoyev. –Sayyohlar bir kun emas uch, to‘rt kun qolib ketish imkonini beruvchi yangi loyihalarni joriy etish bo‘yicha g‘oyalarni ilgari surdilar. Shundan kelib chiqqan holda, vertolyot, samolyot, parashyut ya’ni ekstremal turizm bo‘yicha rejalar borligini aytganimizda qo‘llab-quvvatladilar. Kelajakda mana shu yerdan o‘tuvchi Xorazm, Samarqand chorrahasini tashkil etish niyatimiz bor.
Bunday tashabbuslar albatta davlat rahbari ta’kidlaganidek, xizmatlar ko‘rsatish sohasining o‘zidayoq yangi ish o‘rinlari yaratilishiga asos bo‘ladi. Eksport ko‘lami ortadi. Boshqa tadbirkorlik sub’ektlarining faoliyat boshlashi uchun asos bo‘ladi.
Zarif Komilov, Tohirjon Istatov (surat), O‘zA