Prezidentimizning 2021 yil 24 iyundagi “Kon-metallurgiya sanoati va unga bog‘liq sohalarni rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” gi qarori va 2021 yil 22 dekabr kuni kombinatga tashrifi chog‘ida bir qator vazifalar belgilangan edi.
Jumladan, tog‘-kon va mis sanoati klasterini 2030 yilgacha rivojlantirish Konsepsiyasini ishlab chiqish, shuningdek, mis xomashyosi asosida ishlab chiqariladigan mahsulotlar zanjirini yaratish modellari hamda istiqbolli loyihalarni amalga oshirish yuzasidan Chili davlatidan ekspertlarni jalb qilish bo‘yicha mas’ul tashkilotlarga vazifalar yuklatilgan.
Ushbu topshiriqlar ijrosi doirasida Chili Universiteti muhandis kimyogari va materialshunoslik fanlari bo‘yicha nomzod Xuan Karlos Salas hamda Chili davlati taraqqiyot siyosati va xalqaro munosabatlar bo‘yicha mutaxassis Melvin Romero Sanmartindan iborat ekspertlar guruhi mamlakatimiz tashrif buyurdi. Mehmonlar ishtirokida joriy yilning 8-9 yanvar kunlari Olmaliq-kon metallurgiya kombinatida muzokaralar o‘tkazildi.
OKMK axborot xizmatining xabariga ko‘ra, uchrashuvda mis sanoati klasteri bo‘yicha istiqbolli rejalar muhokama qilingan. Shuningdek, tog‘-kon va mis sanoati klasterini 2030 yilgacha rivojlantirish Konsepsiyasini ishlab chiqish, mis xomashyosi asosida ishlab chiqariladigan mahsulotlar zanjirini yaratish modellari va istiqbolli loyihalarni amalga oshirish yuzasidan o‘zaro fikr almashilgan. Aytish lozimki, Chili dunyoda mis ishlab chiqarish bo‘yicha yetakchi davlat hisoblanadi. Kelgusida yurtimizda mis sanoatini rivojlantirishda Chili tajribasidan foydalanish rejalashtirilgan.
Ekspertlar guruhi “Qalmoqqir” va “Yoshlik-1” konidagi texnologik ishlab chiqarish jarayoni bilan yaqindan tanishdi. Xorijlik mehmonlar yillik quvvati 60 million tonna rudani qayta ishlash imkoniga ega bo‘lgan 3-Mis boyitish fabrikasi qurilishi jarayonini ham ko‘zdan kechirdi. Angren erkin iqtisodiy zonasidagi Angren quvur zavodi faoliyati, ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar mehmonlarga katta taassurot qoldirdi.
A.Musayev, O‘zA