Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Prezident tashrifidan so‘ng: hojilar ma’naviyat targ‘ibotchisi
10:08 / 2024-07-17

Qo‘qon va Marg‘ilon shahrida bo‘lib o‘tgan “Mahallalarda ma’naviy-ma’rifiy ishlarni tizimli tashkil etishda ma’naviyat targ‘ibotchilarining roli” mavzusidagi o‘quv-seminarida mahalla raislari, hoji ota va onaxonlar ishtirok etdi.

Davlatimiz rahbarining Farg‘ona viloyatiga tashrifida qayd etilganidek, mamlakatimiz rivojlanishining ma’naviy asoslarini mustahkamlash, milliy qadriyatlarimiz, an’ana va urf-odatlarimizni asrab-avaylash bugungi kunning dolzarb masalasi bo‘lib qolmoqda. Faollar bilan o‘tkazilgan  yig‘ilishda yosh avlod qalbi va ongiga ona yurtga muhabbat va sadoqat, bugungi tinch-osoyishta hayotimizni qadriga yetish va shukronalik tuyg‘ularini chuqur singdirish ishlarini yangi bosqichga ko‘tarish maqsadida Qo‘qon va Marg‘ilonda nuroniylar, imom-xatiblar, mahalla faollaridan iborat Oqsoqollar kengashi va ota-onalar guruhlarini tuzish taklifi ilgari surildi.  

Yig‘ilganlar ushbu taklifni qo‘llab-quvvatlab, tarbiyasi og‘ir yoshlarni to‘g‘ri yo‘lga solish, adashgan, murakkab vaziyatga tushib qolgan yoshlarga o‘z o‘rinini topishida yordam berish, ularni ma’rifatga chorlash, ma’naviyatini yuksaltirish bo‘yicha tajriba yaratilsa, bu butun respublikaga namuna bo‘lishiga ishonch bildirdi.  

Shuningdek, yaqinda Saudiya Arabistonida haj ziyoratida  O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar boshchiligidagi bir guruh o‘zbekistonlik hojilarning Muborak Qurbon hayiti munosabati bilan Prezidentimizga yo‘llagan murojaati xalqimiz orasida shukronalik kayfiyatini yana bir bor uyg‘otdi. Mazkur murojaat ma’naviyat va ma’rifat sohasi vakillari orasida ham keng muhokama etilib, soha vakillariga qo‘shimcha kuch-g‘ayrat bag‘ishladi.

Haj ziyoratida bo‘lib qaytgan hojilar ishtirokida yoshlar tarbiyasida ona Vatanga muhabbat, vatanparvarlik, shukronalik, oilalarda sog‘lom ma’naviy muhitni shakllantirish, muqaddas islom dinining insonparvarlik g‘oyalari hamda milliy qadriyatlarimizni asrab-avaylashga qaratilgan ma’naviy-ma’rifiy targ‘ibot tadbirlarini tashkil etish bo‘yicha chora-tadbirlar dasturi ishlab chiqildi. Ayni kunlarda bu yo‘nalishda amaliy ishlarga kirishildi.

 Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi tashabbusi bilan O‘zbekiston mahallalari uyushmasi hamkorligida Qo‘qon va Marg‘ilon shahrida faol va ziyoli hojilar uchun o‘quv-seminari tashkil etildi. Muloqot tarzida tashkil etilgan tadbirda olimlar mahallada ma’naviy-ma’rifiy ishlarni tashkil etishning o‘ziga xos jihatlari xususida so‘z yuritdi.

Seminar yakunida hojilarga “Ma’naviyat targ‘ibotchisi” sertifikati taqdim etildi va targ‘ibot jarayonida foydalanish uchun metodik qo‘llanma ishlab chiqilib, zamonaviy targ‘ibot vositalari bilan ta’minlandi.

–Hojilarimiz orasida ziyolilar, nuroniylar ko‘pchilikni tashkil etadi, – deydi Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi rahbarining birinchi o‘rinbosari Furqatjon Jo‘raqulov. – Ma’naviyati, ma’rifati va odob-axloqi bilan mahallada obro‘-e’tiborga ega bo‘lgan hojilar ishtirokida xalqimizni yanada jipslashtirish, ona vatanimiz taraqqiyotiga xolis xizmat qilish, mahalladagi yo‘ldan adashganlarni sog‘lom muhitga qaytarish, jamiyatda ahil-inoqlikni mustahkamlash, oilalar totuvligini ta’minlash, yoshlarni ona vatanga sadoqatli qilib tarbiyalash, jaholatga qarshi ma’rifat bilan kurashishga qaratilgan ma’naviy-ma’rifiy targ‘ibot tadbirlarini o‘tkazish belgilangan.

 Mahallalarda adashgan, yot g‘oyalar ta’siriga tushib qolgan, hayotda o‘z o‘rnini topishga qiynalayotgan yoshlar va xotin-qizlar, ijtimoiy-ma’naviy himoyaga muhtoj, notinch, ajrim yoqasida turgan oilalar, tazyiq va zo‘ravonlikka uchragan ayollarga ijtimoiy ruhiy ko‘maklashish maqsadida “Hojilar nasihati” jamoatchilik kollegiyalari tashkil etiladi. Ular ishtirokida “Hamsuhbat” uchrashuvlari o‘tkazib boriladi. Targ‘ibotchilar ishtirokida mahallalar, ta’lim muassasalari va tashkilotlarda “Ma’rifat soati” o‘tkaziladi.

M.Sulaymonov, O‘zA muxbiri