Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Prezident tashrifidan so‘ng: Harbiy tibbiyot sohasida kadrlar tayyorlash tizimi yangi bosqichda
14:09 / 2023-01-14

Respublikasi Mudofaa vazirligi Markaziy harbiy klinik gospitali va O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari Harbiy tibbiyot akademiyasi yonma-yon joylashgan. Ikki muassasaning bir hududda ekanligi qator qulaylik va imkoniyatlar yaratadi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, Qurolli Kuchlar Oliy Bosh qo‘mondoni Shavkat Mirziyoyev 13 yanvar kuni ushbu tibbiyot akademiyasida bo‘lgan edi.

Ta’ikidlash lozim, Prezidentning 2020 yil 22 oktyabrda “Harbiy tibbiyot sohasida kadrlarni tayyorlashning sifat jihatidan yangi tizimini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilingan edi. Ushbu hujjatga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari Harbiy tibbiyot akademiyasi tashkil etildi.

– Tibbiy ta’limning amaliyot bog‘liqligi juda muhim, – deydi tibbiy xizmat kapitani Zuhriddin G‘aniyev. – Avval Toshkent tibbiyot akademiyasining Harbiy tibbiyot fakultetida shu yo‘nalishdagi mutaxassislar tayyorlanardi. Prezidentimizning tegishli qaroriga muvofiq, mazkur fakultet negizida O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari Harbiy tibbiyot akademiyasi tuzildi. Muassasa Markaziy harbiy klinik gospital yonida qurilgani ta’lim sifatiga, amaliyot jarayoniga juda katta ijobiy ta’sir qilmoqda. Davlatimiz rahbari tashrif davomida akademiyadagi ta’limning mazmuniga alohida ahamiyat qaratdi. Xorij tajribasi asosida pedagogik, ilmiy va amaliy tizim yaratish zarurligini aytdi. 

Muassasa uchun 2022 yil 250 o‘rinli o‘quv bino qurildi. Binoda 5 ta kafedra, 2 ta fakultet, 2 ta markaz, 1 ta institut, 8 ta bo‘lim va ma’muriyat xonasi joylashgan. Akademiya moddiy texnik bazasi takomillashtirildi.

Kompyuterlashtirilgan va zamonaviy o‘quv qurollari bilan jihozlangan 18 ta auditoriya, jarrohlik amaliyotlarini real vaqt rejimida videokuzatish(telemeditsina) imkonini beruvchi amaliyot xonalari talabalarning sifatli ta’lim olishiga xizmat qilmoqda.

Akademiyada 186 kishiga mo‘ljallangan yotoqxona, 300 kishiga mo‘ljallangan oshxona, 256 o‘rinli katta konferensiya zali, saf maydoni va sport shaharchasi tashkil etildi.

Yurtimizda malakali ofitser kadrlar tayyorlash tizimini yangi bosqichga ko‘tarish, ular uchun uzluksiz, bosqichma-bosqich va maqsadli o‘qitish tizimini yaratish hamda harbiy-tibbiy sohada ta’lim, fan va amaliyot uyg‘unligini ta’minlashga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bu boradagi islohotlar haqida so‘z borganda ushu akademiya haqida to‘xtalish o‘rinli.

O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari Harbiy tibbiyot akademiyasida bakalavriat, internatura, magistratura, klinik ordinatura hamda doktorantura ta’lim yo‘nalishi mavjud. Hozirda akademiyada 140 nafar talaba va 40 nafar tinglovchilar va paramedik (taktik medik) 20 nafar harbiy xizmatchi tahsil olmoqda. Akademiyada beshta kafedrada 28 nafar professor-o‘qituvchi faoliyat yuritadi.

Harbiy tibbiyot mutaxassislarining uzluksiz kasbiy tayyorgarligini ta’minlash, ularning malakasini oshirishda bu kabi muassasalar faoliyatini yanada qo‘llab-quvvatlashning ahamiyati katta. Shuningdek, bu kabi muassasalarning rivojlangan davlatlar bilan ilmiy hamkorligini mustahkamlash zamon talabi sanaladi.

Darhaqiqat, tibbiyot akademiyasi Turkiya, Janubiy Koreya, Hindiston, Germaniya, AQSH va Rossiya Federatsiyasi kabi davlatlarning shu yo‘nalishdagi muassasalari bilan ilmiy hamkorlik olib borilmoqda.

Akademiyaning klinik kafedralari o‘quv binosida joylashgan. Amaliyot Markaziy harbiy klinik gospital, markaziy poliklinika va Respublika ilmiy amaliy tibbiyot markazlarining davolash-tashxislash bo‘limlarida amalga oshiriladi.

Tibbiyot sohasi rivojiga ilg‘or axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini tatbiq etishning ahamiyati yuqori. Bu borada so‘z borganda akademiya axborot-resurs markazi 15 mingta ilmiy, o‘quv va badiiy adabiyotlar hamda 1 ming 700 dan ortiq o‘quv darsliklarini o‘zida mujassam etgan elektron tibbiy kutubxona mavjudligini qayd etish lozim.

Ikrom Avvalboyev, O‘zA