Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Prezident tashrifidan so‘ng: 65 mingdan ortiq iste’molchining ichimlik suv masalasi hal etilmoqda
12:24 / 2023-03-08

Surxondaryo viloyatidagi Termiz tumani voha markazi bilan tutash bo‘lsa-da, o‘nga yaqin mahalla toza ichimlik suv muammosidan aziyat chekayotgan edi. Ayrim hududlarga suv quvurlari o‘rnatilmagan bo‘lsa, ba’zilarida artezian quduq suvlari sifati talabga javob bermay, sho‘rlanib qoldi.

Prezidentimiz 2021 yil 1-2 iyun kunlari Surxondaryo viloyatiga tashrifi chog‘ida bu masalani yechish uchun Termiz tumanidagi Sabzipoya mahallasidagi sifatli obi-hayot manbasidan oqilona foydalanib, Termiz shahri va Termiz tumani aholisini toza ichimlik suv bilan ta’minlash loyihasini amalga oshirish yuzasidan tegishli vazifalarni belgilab berdi.

O‘tgan davrda loyihani ikki bosqichda amalga oshirish yuzasidan loyiha-smeta hujjatlari ishlab chiqilib, shaharsozlik ekspertiza xulosasi olindi. Birinchi bosqichda Termiz tumanidagi iste’molchilarni sifatli suv bilan ta’minlash uchun “PROF GROUP” mas’uliyati cheklangan jamiyati bosh pudratchi etib belgilanib, bunyodkorlik ishlari boshlandi.  

–Sabzipoyadagi yerosti suvi biologik toza, minerallarga boy. Yangi loyihaning dastlabki bosqichi ishga tushgach, Termiz tumanidagi Uchqizil qo‘rg‘oni va yettita mahallada yashaydigan 65 mingdan ortiq aholining toza ichimlik suv muammosi hal etiladi, – deydi “Surxondaryo suv ta’minoti” mas’uliyati cheklangan jamiyati direktori Hasan Safayev.– Buning uchun 29,5 kilometr masofaga suv tarmoqlari tortilib, Sabzipoya massivida 15 dona suv qudug‘i burg‘ulanmoqda. Ikki ming kvadrat-metr sig‘imga ega to‘rtta suv saqlash inshooti, labaratoriya, nasos stansiyasi, 1000 kVtli transformator punkti, nazorat maskani barpo etilib, atrofi o‘ralmoqda.

“Surxondaryo suv ta’minoti” mas’uliyati cheklangan jamiyatidan olingan ma’lumotlarga ko‘ra, ayni paytda Termiz tumani aholisining 64 foizi toza ichimlik suv bilan ta’minlangan. Yangi loyihaning ishga tushirilishi aholini biologik toza suv bilan ta’minlash darajasini tubdan oshirib, ichimlik suv muammosini bartaraf etadi.  

Loyihaning birinchi bosqichida 85 milliard so‘mlik burg‘ilash, qurilish ishlari amalga oshiriladi. Shu kungacha bunyodkorlar 43 milliard so‘mlikdan ortiq qurilish ishlarini bajarib, 20,3 kilometr magistral ichimlik suv tarmog‘i tortildi. 10 ta yer osti qudug‘i qazildi. Boshqaruv idorasi binosi bunyod etilmoqda. 4 ta suv saqlash inshooti qurilishini yakunlashga hozirlik ko‘rilayotir. Transformator nimstansiyasi, zamonaviy labaratoriya, ikkita nasos stansiyasi binosi qurilishi ja’dal sur’atlarda davom etmoqda. Atrofiga beton devorlar o‘rnatilib, burg‘ilangan quduqlar uchun alohida yo‘llar qurilyapti.  

– Yoshligimizda bu yerda buloq bo‘lar edi, – deydi Termiz tumanilik G‘ofur Pardayev. – Keksalar suvining shirin va shifobaxshligini, iste’mol qilgan kishining tanasi yayrashini ko‘p ta’riflashgan. Odamlar uncha olis bo‘lmagan Sabzipoya suvini qishlog‘imizga olib kelinishini orzu qilar edi. Xalqimiz salomatligini o‘ylab, katta mablag‘ evaziga aholini shu suv bilan ta’minlayotgan davlatimizdan behad minnatdormiz.  

Mutaxassilarning fikricha, qishloqlarda ariq suvlarini iste’mol qilish va yerosti ichimlik suvlarining me’yoridan ortiq sho‘rlanishi ayrim ichki organlar kasalliklarini keltirib chiqarishga sabab bo‘layotir. Davlatimiz rahbari g‘oyasi bilan Sabzipoyada aniqlangan obi-hayot zaxirasi aholining toza ichimlik suviga bo‘lgan ehtiyojini qondirish barobarida buyrak, jigar kabi ichki organizmlar bilan bog‘liq kasalliklarga chalinishning ham oldini oladi. So‘nggi yillarda inson manfaatini ta’minlash ustuvor vazifa sifatida belgilab olingan mamlakatimizda aholi salomatligini saqlashga, yosh avlodning sog‘lom kamolga yetishiga ko‘maklashadi.  

Loyihaning birinchi bosqichi Insonga e’tibor va sifatli ta’lim yilida foydalanishga topshiriladi.

 

Xolmo‘min MAMATRAYIMOV,  

O‘zA muxbiri