Bugun Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi siyosiy partiyalar fraksiyalarining navbatdagi yig‘ilishlari bo‘lib o‘tdi. Ularda bir qator qonun loyihalari qizg‘in muhokama qilindi.
O‘zLiDeP fraksiyasining yig‘ilishida dastlab davlatimiz rahbarining Jizzax viloyatiga amalga oshirgan tashrifi haqida so‘z yuritildi.

Ta’kidlanganidek, davlatimiz rahbari dastlab Zomin texnoparki maxsus sanoat zonasini borib ko‘rdi. Bu majmua qurilishini o‘tgan yil 27 iyunda davlatimiz rahbari boshlab bergan edi. 400 gektarda barpo etilayotgan texnoparkda xitoylik investorlar bilan birgalikda 1 milliard 200 million dollarlik 31 ta loyiha amalga oshiriladi.
O‘tgan davrda zarur infratuzilma va inshootlar barpo etildi. Yaqinda ilk korxona — “Xinjiang Honglin Tiandi” kompaniyasi tomonidan qiymati 10 million dollarlik beton mahsulotlari tayyorlash loyihasi ishga tushirildi. 60 kishining bandligi ta’minlandi. Ayni kunlarda 42 million dollarlik ikkinchi loyiha bo‘yicha ishlar yakuniy bosqichda. Unda “Midea” brendi ostida yiliga 300 ming dona maishiy elektr texnikalari ishlab chiqariladi. 150 ta ish o‘rni ochiladi.

Shuningdek, Prezidentimiz Zomin tumanida qurilayotgan maishiy texnika zavodini ham ko‘zdan kechirib, investorlarga ko‘maklashish, loyihalarni tezlashtirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi. Sanoat sohalariga mos mutaxassislar tayyorlash, yoshlar bandligini ta’minlash muhimligini ta’kidladi. “Zomin texnoparki”da rejalashtirilgan yangi loyihalar taqdimoti bilan tanishdi.
Yig‘ilishda fraksiya a’zolari davlatimiz rahbarining Jizzax viloyatiga amalga oshirgan tashrifi davomida bildirgan taklif-tashabbuslari mamlakatimizning iqtisodiy salohiyatini yanada yuksaltirishini qayd etdilar. Partiya dasturiy maqsad-vazifalariga hamohang ravishda bu boradagi vazifalar ijrosiga ko‘maklashish, parlament va deputatlik nazoratini amalga oshirish lozimligini ta’kidladilar.
Muhtarama Komilova, O‘zA