Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Prezident tashrifi andijonliklarga kuch-g‘ayrat bag‘ishladi
12:48 / 2025-04-22

Munosabat

Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev joriy yil 15-16 aprel kunlari Andijonga tashrifi chog‘ida viloyatda amalga oshirilayotgan loyihalar, bunyodkorlik ishlari, aholining turmush sharoitlari bilan tanishish maqsadida qator mahallalar, xonadonlar, xo‘jalik hamda ishlab chiqarish korxonalarida bo‘lib, yurtdoshlarimiz bilan suhbatda bo‘ldi. Ibratli sa’y-harakatlarni, fidoyi insonlar mehnatini e’tirof etdi. 

Tashrif davomida hech bir yo‘nalish, hech bir soha Prezidentimiz e’tiboridan chetda qolmadi. Davlatimiz rahbari viloyatning ijtimoiy, iqtisodiy, investitsiyaviy va madaniy sohalardagi har bir o‘zgarish, har bir rivojlanishiga alohida e’tibor qaratdi, jarayonlarni yanada yuksaltirish borasida o‘z tavsiyalarini berdi. 

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Andijon viloyatida 2025 yilda erishilishi rejalashtirilgan asosiy maqsadlarga oid taqdimot bilan tanishdi. Loyihalarni o‘z vaqtida bajarish, aholini daromadli ish bilan ta’minlash, ishsizlarni kasbga yo‘naltirish bo‘yicha mutasaddilarga ko‘rsatmalar berdi.

Davlatimiz rahbari viloyatda ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar va ilg‘or ishlanmalar bilan tanishdi, ularning tashabbuskorlari bilan suhbatlashdi. Yaxshi tajribalarni qo‘llab-quvvatlab, yurtimiz miqyosida ommalashtirish zarurligini ta’kidladi.

Andijon mamlakatimizda aholi eng zich joylashgan hudud. Shu bois, viloyatda uy-joy masalasi eng dolzarb masalalardan biri hisoblanadi. Ana shundan kelib chiqib, aholini uy-joy bilan ta’minlash maqsadida davlatimiz rahbari tashabbusi bilan 2021 yilda Yangi Andijon shahri qurilishi boshlangan edi. Bu galgi tashrifda Prezident loyihaning ilk natijalari bilan tanishdi. 

Ushbu shahar Andijon tumanidagi adirlikda 4 ming gektar maydonda barpo etilmoqda. Qurilish sakkiz bosqichda rejalashtirilgan bo‘lib, hozirda 63 ta uy, shuningdek, 1 ming 680 o‘rinli maktab, 420 o‘rinli bolalar bog‘chasi, 250 qatnovga mo‘ljallangan poliklinika foydalanishga topshirilgan.  Yengil sanoat korxonasi, ipoteka markazi ishga tushirilgan.

Davlatimiz rahbari yangi majmualarni, hududdagi “Yangi O‘zbekiston bog‘i”da hunarmandchilik, badiiy va amaliy san’at ko‘rgazmalarini ko‘zdan kechirdi. Andijonda har yili rassomlar festivalini o‘tkazish tashabbusini ilgari surdi.

Prezidentimiz yangi barpo etilgan shaharda o‘tkazilgan tantanali marosimdagi nutqida Yangi O‘zbekistonda olib borilayotgan islohotlarning bosh maqsadi – inson qadrini ulug‘lash, xalqimizning huquq va manfaatlarini ta’minlash, shu asosda odamlarni hayotdan rozi qilish ekanligini ta’kidladi.   

Andijon zaminida Yangi O‘zbekiston g‘oyasi va nafasi har bir mahalla, xonadonga kirib borayotgani va  xalqimizning bunyodkorlik an’analarini munosib davom ettirib kelayotgan, fidoyilik hamda tashabbuskorlik fazilatlarini amaliy ishlari bilan namoyon etayotgan Andijon ahliga, bu ishlarga hissa qo‘shgan barcha insonlarga tashakkur bildirdi.

Shavkat Mirziyoyev o‘z nutqida o‘zining betakror ilmiy va ijodiy merosi bilan millatimiz, xalqimizni butun dunyoga tarannum etgan buyuk ajdodimiz – Zahiriddin Muhammad Bobur xotirasini abadiylashtirish maqsadida Yangi Andijon shahriga – Bobur shahri, deb nom berishni taklif qildi.

Prezidentning Bobur shahrini eng go‘zal, zamonaviy shaharga aylantirish, bu shahardan haqiqiy boburiylar yetishib chiqishi uchun bobomiz nomi bilan ataladigan ixtisoslashgan bog‘cha va maktab, universitet, muzey, kutubxona va IT parkdan iborat yirik ta’lim klasteri barpo etilishi, oliygoh tarkibida eng yuqori talablarga javob beradigan sport kompleksi ham qurilishini aytib o‘tdi. 

Davlat rahbari aynan shu maskanda kelajagimiz egalari bo‘lgan yoshlar bilan muloqot o‘tkazdi, ularga yuksak ishonch bildirdi.

Prezidentimiz Andijon viloyatida istiqomat qilayotgan turli millat vakillari bilan ham uchrashdi. Mamlakatimizdagi tinchlik-totuvlik, millatlararo ahillik eng qadrli ne’mat ekanligi ta’kidlandi.

Shuningdek, Prezidentimiz Buloqboshi tumanida viloyat faollari ishtirokida o‘tkazilgan yig‘ilishda: “Agar barchamiz bir bo‘lib, hamjihat bo‘lib ish olib borsak, yutuqlarimiz yanada ko‘payadi, biz zabt etolmaydigan marraning o‘zi bo‘lmaydi, Andijon yanada obod bo‘ladi”, deya ta’kidladi. 

Biz andijonliklar Yurtboshimizning tashrifidan, yuqoridagi gaplaridan ruhlanib, yangi marralarni zabt etish, yurtimiz obodligi va farovonligi yo‘lida yanada shijoat bilan mehnat qilamiz. Kelajagimiz egalari bo‘lgan yoshlarning Prezidentimiz ishonchiga munosib, yuksak salohiyatli va komil inson bo‘lib yetishishi uchun kuch-g‘ayratimizni ayamaymiz.

Dilshodbek Rustamov,

Andijon davlat chet tillari instituti rektori, professor.

O‘zA