English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Prezident tashabbuslari – yoshlar kelajagi uchun mustahkam poydevor
12:09 / 2026-03-04

Munosabat

Davlatimiz rahbarining joriy yil 23-fevral kuni yoshlar bilan o‘tkazgan muloqotida ilgari surilgan tashabbuslar, belgilab berilgan vazifalar oliy ta’lim tizimi uchun aniq strategik yo‘nalishlarni ko‘rsatib berdi.

Prezidentimiz ta’kidlaganidek, yoshlarning bilim olishi, kasb-hunar egallashi, innovatsion g‘oyalarini amalga oshirishi va munosib ish o‘rniga ega bo‘lishi – davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlari hisoblanadi. Bu o‘z navbatida oliy ta’lim muassasalaridan faqat raqam emas, balki aniq sifat va barqaror natijalarga erishishni talab etadi. 

Andijon davlat texnika institutida bugungi kunda muhandislik, axborot texnologiyalari, energetika, sanoat va boshqa ustuvor sohalar bo‘yicha 9 ming 889 nafar talaba tahsil olmoqda. Joriy yilda 1 ming 991 nafar bitiruvchi institutni tamomlaydi. Ayni kunda bitiruvchi talabalarning 1 ming 97 nafari ish bilan ta’minlangan. Bu ko‘rsatkich ta’lim jarayonining mehnat bozori talablari bilan uyg‘unlashganini ko‘rsatadi. 

Bandlik masalasini hal etishning eng samarali mexanizmlaridan biri dual ta’lim tizimi hisoblanadi. Ayni paytda institutda 1 ming 250 nafar talaba ishlab chiqarish korxonalari bilan hamkorlikda tahsil olmoqda.

Ushbu tizim talabalarning amaliy ko‘nikmalarini shakllantirish, ularni ish muhitiga moslashtirish va mutaxassis sifatida tayyor holda mehnat bozoriga chiqishini ta’minlaydi. Kelgusida dual ta’lim qamrovini yanada kengaytirish, yangi ishlab chiqarish korxonalari bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish va amaliyot samaradorligini oshirish rejalashtirilgan.

Davlatimiz rahbari uchrashuvda yoshlarning innovatsion tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratdi. Bu borada institutda ham  aniq amaliy ishlar olib borilmoqda.

Jumladan, “Kelajakka qadam” dasturi doirasida 2024-2025 o‘quv yilida 26 ta loyihaga 2 milliard 95 million so‘m mablag‘ ajratildi. 2026-yilning dastlabki ikki oyida esa 12 ta loyiha moliyalashtirildi, 4 ta loyiha amalga oshirish bosqichida.

Yoshlar siyosati faqat ta’lim va iqtisodiy faollik bilan cheklanmaydi. Jismoniy sog‘lomlik va ma’naviy barqarorlik ham muhim omillardan. Institutda yoshlarning jismoniy faolligini oshirish va salomatligini mustahkamlash maqsadida 18 ta sport turi bilan muntazam shug‘ullanish uchun barcha shart-sharoitlar yaratilgan. Ayni paytda 3 ming nafardan ortiq talaba sport klubi va to‘garaklarga jalb etilgan.

Davlatimiz rahbari tomonidan berilgan vazifalardan kelib chiqqan holda, institut atrofidagi mahallalarda istiqomat qiluvchi uyushmagan yoshlarni ham sport to‘garaklari va musobaqalarga jalb etish orqali sport bilan shug‘ullanuvchi yoshlar sonini 4 ming nafarga yetkazish maqsad qilingan. Shuningdek, sport turlari sonini 20 tadan oshirish bo‘yicha ish olib borilmoqda.

Prezident ishonchi yuksak mas’uliyatdir. Yoshlarga yaratilayotgan imkoniyatlarni aniq natijaga aylantirish, har bir talabaning salohiyatini yuksaltirish, uning kelajagini ta’minlash – institut jamoasining ustuvor vazifasi hisoblanadi.

Ushbu mas’uliyatni chuqur anglagan holda, belgilab berilgan vazifalarni astoydil va izchil amalga oshirish uchun barcha imkoniyatlarni safarbar etish eng oliy burch bo‘lmog‘i lozim.

Umidjon Turdialiyev,

Andijon davlat texnika instituti rektori, professor.

O‘zA.