Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi “Milliy tiklanish“ demokratik partiyasi fraksiyasining yig‘ilishida dastlab o‘tgan haftada Prezidentimiz ishtirokidagi mamlakatimiz ijtimoiy-siyosiy hayotiga daxldor voqealar tahlil etildi.
Jumladan, o‘tgan hafta davomida mahalla tizimini rivojlantirish, yangi xalqaro aeroport loyihasi taqdimoti hamda kasaba uyushmalari faoliyati bilan bog‘liq tadbirlar bo‘lib o‘tdi. Ta’kidlanganidek, ushbu voqeliklar “Inson qadri uchun” degan ezgu g‘oya asosida amalga oshirilayotgan Yangi O‘zbekiston islohotlari natijadorligini ta’minlashda muhim ahamiyatga ega bo‘ladi.

Xususan, mahalla tizimini yanada takomillashtirish va joylarda ishlarni samarali tashkil etish bo‘yicha o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida davlat rahbari tomonidan qayd etilgan muhim tashabbus va vazifalar mahalla davlat boshqaruvi tizimining to‘laqonli bo‘g‘ini sifatida shakllanib borayotganini ko‘rsatadi.
Qayd etilganidek, videoselektor yig‘ilishida mahalla tizimidagi tashabbuslarning natijalari, shuningdek, sohadagi muammolar atroflicha muhokama qilindi. Prezidentimiz ta’kidlaganidek, mahalla — bu nafaqat aholining yashash joyi, balki jamoatchilikning birdamligi, ijtimoiy barqarorlik va taraqqiyotning asosiy ustunidir.

"Mahalla yettiligi" tizimi orqali kredit, subsidiya, kompensatsiya, moddiy yordam kabi 100 dan ziyod xizmatlar mahalla darajasiga tushirildi. Buning natijasida 7,5 million fuqaro kambag‘allikdan chiqdi, ishsizlik darajasi esa qariyb 2 barobarga qisqardi. Mahalla raislarining vakolat muddati 3 yildan 5 yilga uzaytirilib, ularga yetarli resurslar va vakolatlar berildi.
Mahallaga moliyaviy mustaqillik berilgani, Prezidentimiz tashabbusi bilan ilk bor “Mahalla byudjeti” tizimi yo‘lga qo‘yilgani, “Tashabbusli byudjet” loyihasi orqali mahallalarni yanada obod qilish imkoniyati paydo bo‘lgani alohida e’tirof etildi.
Shundan so‘ng yig‘ilishda bir qator qonun loyihalari ko‘rib chiqilib, tegishli qarorlar qabul qilindi.
Muhtarama Komilova, O‘zA