Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Prezident tashabbusi: surxondaryoliklarning asriy orzusi ro‘yobga chiqadi
18:30 / 2022-08-26

Xalqimiz daryo va buloq suvlarini, unumdor yerlarini bebaho ne’mat, tinchligu, halol mehnatni rohat-farog‘at, tani sihatlikni behisob boyligu, buyuk saodat, deb biladi. Boriga shukr, yo‘g‘iga qanoat qilib, orzu-umidlar bilan yashashdan huzur-halovat oladi. Ulug‘ qadriyatlarga suyangan elning orzulari ro‘yobga chiqaversa, ajdodlari niyati xolisligi va qadri ulug‘lanayotganidan qalbi faxrga to‘ladi.

Gapning indallosini aytganda, bilasizki, osmono‘par tog‘lar qo‘ynidagi Surxondaryo viloyati turli minerallarga boy daryo suvlari, shifobaxsh buloqlari bilan ham mashhur. Lekin, vohadagi ko‘plab mahalla va qishloqlar aholisi toza ichimlik suvi bilan ta’minlanmaganidan aziyat chekib keldi. Tog‘lar qo‘ynidagi shifobaxsh zilol suvlardan bahramand bo‘lishni orzu qilib yashadi. Ma’lumotlarga ko‘ra, ayni paytda voha aholisining 58,6 foizi markazlashgan ichimlik suvi bilan ta’minlangan. 26,5 foizi muqobil suv manbalaridan foydalanadi. 14,9 foiz aholiga ichimlik suvi maxsus transport vositalarida yetkazib beriladi. Biroq, ayrim hududlardagi markazlashgan quduqlar suvining sho‘rlangani, muqobil suv manbalarida obi-hayotning talabga javob bermay qolgani mustaqillik yillarida toza ichimlik suv ta’minotini muhim masalaga aylantirdi.

Ayni paytda vohadagi 200 ga yaqin suv inshooti, uch ming kilometrdan ziyod suv tarmog‘i ta’mirga muhtoj bo‘lib qolgan. Qator tumanlar va viloyat markazidagi quduqlarda suv mineralizatsiyasi oshgan. Bunga o‘tgan yili viloyat bo‘yicha toza ichimlik suvi masalasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Xalq, Virtual qabulxonalari va mutasaddilarning sayyor qabullariga 1 ming 975 murojaat kelib tushgan bo‘lsa, joriy yilning o‘tgan davrida 1 ming 812 murojaat qabul qilingani ham yaqqol dalildir.

Prezidentimizning 2021 yil 1-2 iyun kunlari viloyatga tashrifi chog‘ida bu muammoning yechimi topildi. Yoshu-keksaga birdek ushalmas orzu bo‘lib tuyilgan ichimlik suv masalasi hal etiladigan bo‘ldi. Mutasaddilarga “To‘palang suv ombori suvidan foydalanish hisobiga Surxondaryo viloyatining ichimlik suv ta’minotini yaxshilash” loyihasini amalga oshirib, “To‘palang” suv ombori hududida zamonaviy suv taqsimlash, suv tozalash hamda suv quvurlari qurish va rekonstruksiya qilish yuzasidan tegishli topshiriqlar berildi. Surxondaryoliklarning asriy orzusini ro‘yobga chiqarish uchun dastlab ob’ektning texnik iqtisodiy hisoblari, loyiha-qidiruv ishlari olib borildi. O‘tgan yilning sentyabr oyida qurilishi boshlangan loyihani 2021-2023 yillarda bosqichma-bosqich barpo etib, ishga tushirish belgilandi.

Viloyatning Sariosiyo, Denov, Sho‘rchi, Qumqo‘rg‘on, Jarqo‘rg‘on, Bandixon, Qiziriq, Sherobod, Angor, Muzrabot, Termiz tumanlari va Termiz shahridagi 1 million 700 ming kishini toza ichimlik suvi bilan ta’minlaydigan bu loyiha o‘z-o‘zidan bo‘layotgani yo‘q. Buning uchun suv omborining quyi qismida bosimni so‘ndiradigan, suvni tozalash va tarqatish inshootlari qurilmoqda. Tumanlardagi suv taqsimlash uzellariga olib boradigan quvur tortilayotir. Qiymati 138 million dollarlik yangi loyihani “Toʼpalang HPD Platinum” korxonasi barpo etmoqda. Ob’ekt qurilishiga 400 dan ortiq mashina, mexanizm va uskuna, mingga yaqin muhandis-texnik va ishchi jalb etilgan. Ayni paytda quruvchilar yirik quvvatga ega 361 kilometr magistral va 227,8 kilometr ichki suv tarmoqlarini bunyod etmoqda.

Sariosiyo tumanida quvvati 200 ming kub-metr bo‘lgan ichimlik suv tozalash inshootida so‘nggi ishlar amalga oshirilayotir. Tumanlarda 10 ta ichimlik suv saqlash va taqsimlash inshootlari barpo etilmoqda. Mutaxassislarning fikricha, To‘palang suv ombori suvi iste’mol uchun yaroqli, minerallarga juda boy. Bu aholining toza ichimlik suviga bo‘lgan ehtiyojini qondirish barobarida buyrak, jigar kabi ichki organizmlar bilan bog‘liq kasalliklarga chalinishning ham oldini oladi. Ayting, xalq manfaati va yosh avlod salomatligi yo‘lida amalga oshirilayotgan bunday ulug‘vor ishlar yurtimizda inson qadri ulug‘lanayotgani yoki “Yangi O‘zbekistonda el aziz, inson aziz! ”degan ezgu g‘oyaning amaldagi ifodasi emasmi?

–Bolaligimizda keksalarimiz To‘palang daryosi suvini maqtab, o‘zaro gurung qilishar edi, – deydi sariosiyolik Behzod O‘roqov. – Biri shu suvni mahallalarga burib, qishloqlarni ta’minlash iloji yo‘qmikan desa, ba’zilari buning imkoni yo‘q, juda katta mablag‘ kerak, deya fikr bildirishar edi. Boshqa birovlar qishloq xo‘jaligi ekinlariga suv yetmay qoladi, degan farazni o‘rtaga tashlar edi. Chunki, bolalar o‘rtasida ko‘p uchraydigan sariq kasalligining kelib chiqishini ko‘pchilik shifokorlar iste’mol qilinayotgan ariq suviga bog‘lar edi-da. 

Keksa avlod vakillari esa farzandlar salomatligini o‘ylab, bu muammoning yechimini topishni o‘zaro muhokama qilar edi. Mana, mamlakatimizda bobolarimiz orzu qilgan suvdan iste’mol uchun foydalanishga imkoniyat ham, kuch-qudrat ham, mablag‘ ham bor ekan. Bugun bu yerda amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari barchani hayratlantirmoqda, odamlarning faxr tuyg‘usini oshirayotir.

Istiqlolning, ayniqsa, keyingi yillarda buyuk kuch-qudratini yanada keng namoyon etayotgan mazkur inshootda quruvchilar qisqa vaqt – atigi qariyb bir yilda mavjud suv saqlash va suv tarqatish kabi muhim inshootlarni bunyod etish barobarida Sariosiyo, Denov, Sho‘rchi va Qumqo‘rg‘on tumanlarida 35,955 kilometr magistral, Sariosiyo hamda Denov tumanlarida 10,46 kilometr ichki ichimlik suv uzatish tarmoqlarini tortdi. 

Kelgusi yil oxirigacha viloyatda 227,88 kilometr masofaga ichki quvurlar tortilib, o‘nta tuman va Termiz shahrida 1 million 700 ming kishining kafolatlangan toza ichimlik suv ta’minoti tubdan yaxshilanadi. Bu ishni yanada sifatli, tez amalga oshirish uchun Fransiyaning SUEZ kompaniyasi ham jalb etilgan. Ular davlat-xususiy sheriklik asosida tumanlar markazidan har bir xonadonga tarmoq tortish ishlarida ishtirok etadi.

Xorijlik mutaxassislar “To‘palang” suv ombori bilan tanishdi. Sariosiyo va Denov tumanlarida qurilayotgan suv saqlash, tarqatish inshootlarida, qurilish ishlari olib borilayotgan boshqa hududlarda bo‘ldi. Kelgusida bajariladigan ishlarni rejalashtirib oldi.

– Yangi yilgacha Sariosiyo tumanidagi ichki quvurlar magistral tarmoqqa ulanib, aholiga ichimlik suvi yetkazib berish yo‘lga qo‘yiladi, – deydi “Surxondaryo suv ta’minoti” mas’uliyati cheklangan jamiyati direktori Hasan Safoyev. – Shu maqsadda hozir ichki quvurlarni yotqizish jadal suratlarda olib borilmoqda. Kelgusi yil oxirigacha yana 9 ta tuman va Termiz shahriga minerallarga boy To‘palang suvi yetib boradi. Kuchli bosim bilan harakatlanadigan obi-hayotni viloyat bo‘ylab tarqatish uchun Rossiyaning “Zagor truba zavodi” aksiyadorlik jamiyati va “Toshkent truba zavodi” mas’uliyati cheklangan jamiyat shaklidagi qo‘shma korxonasining eng sifatli quvurlari yotqizilib, montaj qilinmoqda.

Ha, azaldan yurtimizda obi-hayotga tiriklik manbai sifatida qaralgan. Suvni toza saqlash va undan oqilona foydalanish ham yuksak fazilat sanalgan. Toza ichimlik suvini iste’mol qilishni sog‘lom turmush omili, deya ta’riflashgan. Bugun o‘tmishdagi ajdodlarning ana shunday ezgu tilaklari keng quloch yozib, iste’molchilarni biologik toza, minerallarga boy ichimlik suvi bilan ta’minlashga davlat darajasida alohida ahamiyat berilayotgani ham mamlakatimizda inson qadrini ulug‘lash yo‘lida olib borilayotgan keng qamrovli islohotlarning amaldagi samarasidir.

Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA muxbiri