Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Prezident tashabbusi o‘z samarasini bermoqda
15:38 / 2025-06-20

Mamlakatimizda 17 trillion so‘mdan ortiq investitsiya hisobiga 500 dan ziyod kichik sanoat zonalari, 200 ta yoshlar sanoat zonasi faoliyat yuritmoqda. 2024 yil yakunlariga ko‘ra, bu zonalarning umumiy ishlab chiqarish hajmi 15 trillion so‘m, eksport hajmi esa 460 million AQSH dollardan oshgan. Quvonarlisi, ularda 95 mingga yaqin vatandoshlarimiz ishlayapti.

Bu ishlar davlatimiz rahbari tashabbusi bilan bo‘sh turgan kichik sanoat binolaridan samarali foydalanish maqsadida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlarning amaldagi samarasidir.

Toshkent shahar hokimligi tomonidan Toshkent shahridagi sanoat zonalariga tashkil etilgan press-tur davomida shular haqida batafsil ma’lumot berildi.  

[gallery-23969]

Toshkent shahrida 723 milliard so‘m investitsiya hisobiga 9 ta kichik sanoat zonasi tashkil etilgan. Ularda 650 dan ortiq tadbirkorlik sub’ektlari faoliyat yuritmoqda. Jami ish o‘rinlari soni 16 mingdan ortiqni tashkil etadi. Sanoat turlari 20 dan ortiq. Umumiy yillik ishlab chiqarish hajmi 4 trillion so‘mga, eksport ko‘rsatkichlari esa 90 million dollarga yetgan.  

Press-tur ishtirokchilari dastlab Bektemir kichik sanoat zonasi faoliyati bilan tanishtirildi. Umumiy maydoni besh gektarni tashkil etgan zonada kiyim-kechak, elektr uskunalari, rezina-plastmassa buyumlar ishlab chiqarishga ixtisoslashgan 12 ta korxona joylashgan. "Parlak Ambalaj" MCHJ sanoat zonasidagi yetakchi korxonalardan biri hisoblanadi. Korxona oziq-ovqat va nooziq-ovqat mahsulotlari uchun etiketka(yorliqlar), qadoqlar ishlab chiqaradi.  

— 2018 yilda faoliyatimizni boshlaganmiz. , –deydi korxona bosh direktori Bahodirjon Abdurahmonov. – 2023 yildan boshlab eksport bozoriga chiqdik. Bugungi kunda 20 foiz mahsulotimiz xorijga sotilmoqda. O‘tgan 2024 yilda 1 million 800 ming dollarlik mahsulotimizni eksport qildik. Bu yil  bu ko‘rsatkichni 2,5 – 3 million dollarga yetkazishni rejalashtirganmiz. Korxonamizda ayni paytda 80 dan ziyod ish o‘rni yaratilgan.  

Yangihayot tumanidagi "Yangi avlod" maxsus sanoat zonasi ishtirokchilarda katta taassurot qoldirdi. Loyihaning umumiy qiymati 130 million AQSH dollarni tashkil etadi. Shu bilan birga, 1,2 milliard dollar miqdorida investitsiyalar jalb etilishi kutilmoqda. 2025 – 2027 yillarda mazkur zonada 67 ta rezident korxonaning faoliyat yuritishi, 10 mingta yangi ish o‘rni yaratilishi rejalashtirilgan. Sanoat zonasidagi korxonalardan biri — "East Can Solutions" MCHJ alyuminiy bankalar ishlab chiqarishga ixtisoslashgan.  

Korxonaning umumiy investitsiya hajmi 90 million AQSH dollarini tashkil etadi. 21 gektar ulkan maydonni egallaydigan korxona uchun zamonaviy texnologiyalar bilan jihozlangan ishlab chiqarish hududi barpo etilmoqda. Bu yerda har yili 2,2 milliard dona alyuminiy banka, shuningdek, 650 milliondan ortiq turli ichimliklar qadoqlari (alyuminiy va PET) ishlab chiqariladi. Birinchi bosqichning o‘zida 1,1 milliard dona alyuminiy banka ishlab chiqarilishi ko‘zda tutilgan. Mahsulotlarning kamida 30 foizi Rossiya, Qozog‘iston va boshqa MDH davlatlariga eksport qilinadi.  

Sanoat zonasida e’tiborimizni tortgan galdagi loyiha — JAC Motors avtomobillarini ayni manzilda ishlab chiqarilishi bo‘ldi. 135 million dollarlik loyihani ishga tushirish 2025 – 2027 yillarga mo‘ljallangan. Birinchi bosqich shu yilning to‘rtinchi choragida yiliga 20 ming dona ishlab chiqarish quvvati bilan boshlanadi. Bu ko‘rsatkich 2027 yilning to‘rtinchi choragida 50 ming donaga yetadi.  

Umidjon Qurbonov,  

Alimurod Mamadaminov (surat), O‘zA