Navoiy viloyatida 2023 yil bahor mavsumida magistral avtomobil va ichki yo‘llar yoqalari, qishloq xo‘jaligi yerlari, fermer xo‘jaliklari, ijtimoiy soha ob’ektlari, korxona va xizmat ko‘rsatish tarmoqlari, obodonlashtirish boshqarmasiga qarashli hududlar va mahallalarga qariyb 8,8 million tup mevali va manzarali daraxt hamda butalar ekish rejalashtirilgan.
Davlatimiz rahbari 2022 yilning 25 noyabr kuni Navoiy viloyatiga tashrifi davomida viloyatni respublikaning namunaviy hududiga aylantirish bo‘yicha yangi tashabbuslarni ilgari surib, “Yashil makon” umummilliy loyihasini amalga oshirishda “Navoiy tajribasi” ni joriy etish bo‘yicha topshiriq bergan edi.

Mazkur tashabbus ijrosini o‘z vaqtida ta’minlash maqsadida “Yo‘l xaritasi” ishlab chiqildi. Unga asosan viloyatda ko‘chat o‘tqazish bo‘yicha chora-tadbirlar belgilanib, aniq manzilli dasturlar ishlab chiqildi. Bunda tumanlarda 5 gektardan kam bo‘lmagan hududlar aniqlanib, ekiladigan ko‘chatlar uchun yer tayyorlash, sug‘orish tizimini yo‘lga qo‘yish, yerni mahalliy o‘g‘itlar bilan boyitish choralari ko‘rildi. Hududlardagi har bir korxona, tashkilot, muassasa va xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarning daraxt ekish bo‘yicha rejasi belgilab olindi. Bunda daraxt ko‘chatlarini ekish ishlari sug‘orish tizimini inobatga olgan holda rejalashtirildi.

– “Yashil makon” umummilliy loyihasining 2023 yil bahor mavsumida daraxt va buta ko‘chatlari ekilishini samarali tashkil etish, korxona va tashkilotlar hamda shahar, tuman hokimliklari faoliyatini muvofiqlashtirib borish yuzasidan kunlik nazoratni amalga oshirish bo‘yicha tuman (shahar) hokimliklarida shtab tuzilgan, – deydi Tabiat resurslari vazirligi viloyat boshqarmasi Bioxilma-xillikni asrash, raqamlashtirish va kadastrni yuritish bo‘limi bosh mutaxassisi Shahzod Saidmurodov. – Viloyatda ko‘chatchilik bilan shug‘ullanuvchi 11 ta sub’ektlar tomonidan jami 166,2 gektar yer maydonida 4,2 million tupdan ortiq manzarali, mevali, buta va gul ko‘chatlari yetishtirildi. Ko‘chat ekish ishlarini samarali tashkil etish, agrotexnik qoidalarga qat’iy rioya etish, parvarishlash va sug‘orish ishlarini tizimli amalga oshirish bo‘yicha tajribali agronom, olim va bog‘bonlar ishtirokida Konimex Qiziltepa, Navbahor, Xatirchi tumanlari va Navoiy shahrida ilmiy-amaliy seminar o‘tkazildi.

Shu kunga qadar viloyat iqlim sharoitlaridan kelib chiqib, suvsizlikka va kasalliklarga chidamli 7 million 466 ming tup gujum, qayrag‘och, katalpa, akatsiya, zarang, shumtol, tut, jiyda, yong‘oq, yaponsaforasi, terak va boshqa bir qator daraxt va butalar ko‘chatlari ekildi. Ekilgan ko‘chatlar Shtab tomonidan platformaga kiritilgan. Albatta, daraxtlar atrof-muhit musaffoligini ta’minlash bilan birga havoga kislorod chiqaradi. Bu esa toza havodan nafas olishimizni ta’minlaydi. Shunday ekan, daraxt ekish har birimizning burchimizga, keng jamoatchilikning vazifasiga aylanishi lozim.

A.Bo‘riyev, O‘zA