Farg‘ona viloyatida taniqli kinoijodkorlar va boshqa ijod ahli ishtirokida madaniy va ma’rifiy tadbirlar bo‘lib o‘tdi.
Mazkur tadbirlar doirasida Kinematografiya agentligi, Xalq ta’limi vazirligi hamda Yoshlar ishlari agentligi hamkorligida Farg‘ona viloyati umumta’lim maktab o‘quvchilari o‘rtasida namoyish etilgan kinofilmlar bo‘yicha “Film qahramonlaridan o‘rnak olamiz” mavuida insholar tanlovi o‘tkazildi.
Tanlov 3 bosqichda 8-11 sinflar o‘rtasida tashkil etilib, 2 ming 850 ta umumta’lim maktablarining 176 ming 414 nafar o‘quvchisi ishtirok etdi. Tuman bosqichida g‘olib bo‘lgan 56 nafar o‘quvchi uchun bugun viloyat bosqichida qatnashdi va g‘oliblar aniqlandi.
Natijalarga ko‘ra, birinchi o‘ringa Muslimaxon Muhsinova loyiq, deb topildi. Ikkinchi va uchinchi o‘rinlar
Mohizar Abduqahhorova hamda Mohiraxon Avazbekovaga nasib etdi.
-Tanlovda ishtirok etganimdan, ayniqsa, o‘zim yaxshi ko‘rgan shoir Erkin Vohidov hayoti va ijodiga bag‘ishlangan film haqida insho yozganimdan juda ham xursandman. Yakunlash bosqichida xalqimiz suygan mashhur kinoaktyorlar qo‘lidan diplom va sovg‘alarni olganimiz ham qalbimizda unutilmas taassurot qoldirdi. Mana shunday tanlovlar ko‘proq o‘tkazilsa, nur ustidan nur bo‘lardi,-dedi birinchi o‘rin sohibasi Muslimaxon Muhsinova.
-Farg‘onada taniqli san’atkorlar va boshqa ijod vakillari ishtirokidagi barcha tadbirlar ko‘tarinki ruhda o‘tmoqda. "Film qahramonlaridan o‘rnak olamiz" mavzusidagi insholar tanlovi Farg‘onada ham a’lo darajada tashkil etildi va shaffoflik asosida bo‘lib o‘tdi. Men o‘quvchilardagi milliy kino san’atiga bo‘lgan qiziqishni, muhabbatni ko‘rib quvonib ketdim. Tanlovda faol ishtirok etgan barcha o‘quvchilar o‘ylaymanki, kelajakda tanlagan sohalarida yetuk mutaxassislar bo‘lib yetishadi. Ular milliy filmlarimizni doim sevib tomosha qilishadi,- dedi Xalq ta’limi vaziri maslahatchisi Nasiba Mamaraimova.
-Farg‘ona viloyatining barcha umumta’lim maktablarini qamrab olgan insholar tanlovi eng asosiysi, o‘quvchilardagi dunyoqarashni, kino san’atiga bo‘lgan munosabatni va mustaqil fikrlay olish qobiliyatini baholab berdi. Yakunlash bosiqichida mening rejissyorligimda suratga olingan O‘zbekiston Qahramoni, O‘zbekiston xalq shoiri Erkin Vohidov haqida “Tirik sayyora” hujjatli filmi haqida o‘quvchilar insholar yozishdi, bundan faxrlanib ketdim. Insholar tanlovi an’anaga aylanib qoldi, kelgusida boshqa viloyatlarda ham mana shunday ko‘tarinki ruhda o‘tkazamiz, degan niyatdaman,- dedi O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Abduhalil Mengnorov.
Tanlov g‘oliblariga diplomlar va qimmatbaho sovg‘alar topshirildi. Shuningdek, yakuniy bosqichda ishtirok etgan barcha o‘quvchilarga esdalik sovg‘alari taqdim etildi.
Kinematografiya agentligi Axborot xizmati.
O‘zA.