Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Prezident tashabbusi bilan Quyi Chuqurak obod bo‘ldi
15:22 / 2023-12-06

Davlatimiz rahbari topshirig‘iga asosan butun mamlakatimiz bo‘ylab eng chekka va olis hududlarda “Obod xonadon – obod ko‘cha – obod mahalla” mezonlarini joriy etish bo‘yicha keng ko‘lamli bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari olib borilmoqda.

Buxoro viloyatida ham mazkur mezonlarini joriy etish, hudud infratuzilmasini yaxshilash, aholi bandligini ta’minlash va og‘ir hudud toifasidan chiqarish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar o‘z samarasini bermoqda. Buni viloyatning Shofirkon tumani “Quyi Chuqurak” mahalla fuqaro yig‘ini hududida amalga oshirilgan ishlar misolida ko‘rish mumkin. 

Mazkur hudud viloyat, tuman hokimliklari, ichki ishlar boshqarmasi sa’y-harakati bilan qisqa muddatda obod, go‘zal hududga aylantirildi. Bu yerda amalga oshirilgan obodonlashtirish, bunyodkorlik ishlari kishiga o‘zgacha g‘urur bag‘ishlaydi.

“Quyi Chuqurak” mahalla fuqarolar yig‘ini hududidagi 642 xonadonda 3 ming 800 nafardan ziyod aholi yashaydi. Aholining tirikchilik manbai asosan dala-dehqonchilik ishlari va chorvachilik hisoblanadi. Mahallada amalga oshirilgan bunyodkorlik ishlari dasturi aholi talab va ehtiyojlari, murojaatlari, fikr-mulohazalari asosida ishlab chiqildi. Dasturga ko‘ra, 2,5 kilometr yo‘l asosiga shag‘al bostirildi. 2,2 kilometr masofada piyodalar yo‘lagi barpo qilindi. Deyarli 2,3 kilometr masofaga ichimlik suvi tarmog‘i tortilib mavjud gidroinshoot mukammal ta’mirlandi. 4 kilometr masofadagi elektr tarmog‘i ta’mirlandi. Kabellar yangilanib yaroqsiz holga kelgan 60 ta simyog‘och temir-beton ustunga almashtirildi. Ko‘chalarga 30 ta tungi yoritish chiroqlari o‘rnatildi. Bir dona 250 kilovatt, bir dona 100 kilovatt soat quvvatga ega qo‘shimcha transformatorlar o‘rnatildi. Ikki kilometr masofadagi elektr simlari sozlandi. Hududdagi 5 ta transformator joriy ta’mirdan chiqarilib, elektr toki ta’minoti va o‘tkazuvchanligi yaxshilandi.

O‘rganishlarda aniqlangan kam ta’minlangan va ehtiyojmand aholining 166 ta xonadoni ta’mirdan chiqarildi. Ayrim xonadonlarning tom qismi ta’mirlanib, oshxona, tandirxona, yuvinish xonasi, hojatxona va molxonalari qaytadan qurib berildi. Bundan tashqari, qishloqdagi mavjud o‘yingoh ta’mirlanib bolajonlar ixtiyoriga topshirildi. Qish mavsumida ko‘mirga ehtiyojmand 389 ta xonadonga 250 - 400 kilogramm miqdorida ko‘mir yoqilg‘isi yetkazildi. Qishloqda tibbiy davolanishga muhtoj o‘ttizga yaqin fuqaroga tuman hamda viloyat shifoxonalarida yotib davolanishi, salomatligini tiklashi uchun yo‘llanma berildi.

Kuni kecha mazkur mahallaning ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Erta tongdan mahalla binosi oldida yig‘ilgan Quyi Chuqurak aholisining kayfiyati a’lo. Barchaning yuzida tabassum, shodumonlik hukmron. Bunga tadbirda ishtirok etgan mutasaddilar – O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi o‘rinbosari Qahramon Sariyev, Buxoro viloyati hokimi Botir Zaripov, viloyat uchinchi sektori rahbari, Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i, polkovnik Mirjamol Miralimov, “Nuroniy” jamg‘armasi viloyat bo‘limi raisi Samoydin Husenov va boshqalar ham guvoh bo‘lishdi. 

Viloyat hokimi Botir Zaripov tuman jamoatchiligi va Quyi Chuqurak aholisini yangilanish va bunyodkorlik ishlari bilan qutladi. Bu borada tumanda amalga oshirilayotgan ishlarni alohida e’tirof etdi. Jumladan, shofirkonliklarning keyingi yillarda turmush tarzi yanada yaxshilangani qayd etildi. Buning zamirida xalq xo‘jaligining barcha tarmoqlari, jumladan, qishloq xo‘jaligi, sanoat va boshqa ishlab chiqarish, savdo va xizmat ko‘rsatish sektorlarida erishilayotgan muvaffaqiyatlar yotgani ta’kidlandi. 

“Obod xonadon, obod ko‘cha va obod mahalla” mezonlari asosida Quyi Chuqurakda amalga oshirilgan ishlar davlatimiz rahbari tomonidan olib borilayotgan insonparvarlik siyosatining o‘ziga xos namunasidir. 

[gallery-14923]

Tadbir ishtirokchilari yangidan ishga tushirilgan mahalla fuqarolar yig‘ini binosi, uning yonidagi “Uch avlod maskani”, shuningdek, oilaviy shifokorlik punkti, ayollar salomatlik markazi, go‘zallik saloni, tikuv sexi, qolaversa, hozirda 400 dan ortiq o‘quvchini o‘z bag‘riga olgan 33-sonli umumta’lim maktabi va sport maydoni, bolalar dam olish maskanida yaratilgan sharoitlar bilan tanishtirildi.

O‘ziga xos bayram tantanasiga aylangan tadbirda to‘kin dasturxon yozildi. Yurtimiz tinchligi va osoyishtaligi, elimiz rizq-nasibasi mo‘lligi, turmushi farovonligini so‘rab duo qilindi. Tuman madaniyat uyi jamoasining xushovoz xonandalar ijrosidagi kuy-qo‘shiqlar davraga fayz bag‘ishladi.

Zarif Komilov,

Tohirjon Istatov (surat), O‘zA muxbirlari.