Andijon shahridagi Muhammad Yusuf nomidagi ijod maktabi haqiqiy iqtidor va iste’dodlar maskaniga aylandi.
– Hozirda ijod maktabimizda 240 nafardan ziyod iqtidorli o‘quvchilar tahsil olmoqda, – deydi Muhammad Yusuf ijod maktabi direktori Shohistaxon Nurmatova. – Ularning o‘qishi, ijod qilishi uchun zarur barcha sharoitlar yaratilgan. O‘ttizdan ortiq malakali pedagoglarimiz umumta’lim fanlari bilan birga, ona tili va adabiyoti, badiiy ijod, notiqlik san’ati borasida o‘quvchilarga bilim bermoqda. Maktabimizda qo‘shni Namangan, Farg‘ona viloyatlaridan kelib tahsil olayotgan o‘quvchilar ham bor.
Maktabda nafaqat ta’lim sifati va samaradorligi, o‘quvchilarning bilim va ko‘nikmalarini rivojlantirish, balki pedagog kadrlar salohiyati, mahorat va malakasini oshirish masalalariga ham alohida e’tibor qaratiladi. Maktab bu borada Andijon davlat universiteti hamda pedagogika instituti bilan hamkorlik qilib keladi. Bugun ijod maktabida barcha qulayliklarga ega 20 dan ortiq fan xonasi, oshxona, yotoqxona, sport zali, futbol, voleybol, basketbol maydonlari o‘quvchilar ixtiyorida. Bundan tashqari, aksariyat sinf xonalari kompyuter, elektron doska, videoproyektor bilan jihozlangan.
Ijod maktabi jamoasi tomonidan Farg‘onadagi Erkin Vohidov, Namangandagi Isoqxon Ibrat va boshqa ijod maktablari, shuningdek, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi viloyat bo‘limi bilan yaqin hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan. Maktabda yozuvchi, shoir, jurnalist va olimlar bilan uchrashuvlar, muloqotlar, turli adabiy tadbirlar muntazam o‘tkazib borilishi an’anaga aylangan.
Ayni kunda maktabda sport, fan va ijodiy yo‘nalishlarda 38 ta to‘garak faoliyat olib bormoqda. Ayniqsa, “Bobur izdoshlari”, Muhammad Yusuf izdoshlari”, “Yosh notiq”, “She’riyat shaydolari” kabi ijodiy to‘garaklar mashg‘ulotlarida nafaqat ushbu maktab o‘quvchilari, balki viloyatdagi ko‘plab iqtidorli yoshlar ham qatnashadi. Maktabda yaratilgan keng imkoniyatlar natijasida iqtidorli o‘quvchilar safi tobora kengaymoqda, ular erishayotgan yutuqlar ko‘lami va salmog‘i ham ortib bormoqda. Maktabning yigirmadan ortiq o‘quvchilari bilimlar bellashuvi, fan olimpiadasi, shuningdek, turli ijodiy tanlovlarning viloyat, respublika bosqichlarida g‘olib va sovrindorlar qatoridan o‘rin oldi. Jumladan, maktabning iqtidorli o‘quvchilaridan Muhammadaziz Qodirjonovning “Daryo”, ”Yashil Robotolandiya”, Sirojiddin Xojirasulovning “Ona vatanim”, Gulchiroy Davronbekovaning “Qo‘limdan tutadi oppoq orzular”, Shafoatxon O‘lmasovaning “Qalbim ovozi”, Mohlaroyim Xorinovaning “Mehr”, Mahliyoxon Bahodirovaning “Erka qizingman”, Himoyatxon Normamatovaning “Orzularim”, Hamidaxon Muhammadaminovaning “Ilhombaxsh qishlog‘im”, Nodiraxon Yigitaliyevaning “Marjon tuyg‘ular” kabi she’r va hikoyalar to‘plamlari nashrdan chiqdi. Bundan tashqari, keyingi yillarda maktabning ijodkor o‘quvchilari ijod namunalari jamlangan “Bunda bulbul kitob o‘qiydi”, “Umid g‘unchalari”, “Yoshlik bayozi”, “Ulug‘imsan, Vatanim” deb nomlangan she’riy to‘plamlari ham keng kitobxonlar ommasiga taqdim etildi.
O‘tgan yili maktabning 10-sinf o‘quvchisi Akmaljon Abdurahmonov “Mard o‘g‘lon” davlat mukofoti bilan taqdirlandi. Ijodkor va iqtidorli qizlardan Ziyodaxon Abdujalilova hamda Gulchiroy Davronbekova Zulfiya nomidagi davlat mukofoti tanlovining respublika bosqichida ishtirok etdi. O‘tgan o‘quv yilida ijod maktabi bitiruvchilarining oliy ta’limga kirish ko‘rsatkichi 78 foizni tashkil etdi.
Bir so‘z bilan aytganda, Prezidentimiz tashabbusi bilan badiiy ijod, adabiyot sohasidagi iste’dodli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning iqtidor va salohiyatini rivojlantirish maqsadida tashkil etilgan Muhammad Yusuf nomidagi ijod maktabi o‘quvchilari kelajakda yurtimiz ravnaqi uchun munosib xizmat qiladigan yetuk va malakali mutaxassislar bo‘lib kamol topishlariga aslo shubha yo‘q.
[gallery-11207]
– Yurtimizda biz yoshlarning o‘qishi, puxta bilim olishi, o‘z iqtidorlarini yuzaga chiqarishi uchun yaratib berilayotgan keng imkoniyatlar, ayniqsa, men kabi ijodkor yoshlarga ilhom va qanot bag‘ishlaydi, – deydi ijod maktabi o‘quvchisi Ziyodaxon Abdujalilova. – Biz, Muhammad Yusuf ijod maktabi o‘quvchilari ham ana shu imkoniyatlardan oqilona foydalanib, bilimlarimiz, ijodiy mahoratimizni oshirib boramiz. Yutuqlarimiz bilan Yurtboshimiz ishonchini albatta, oqlaymiz.
F. Ubaydullayev,
Z. Umrzoqov (surat), O‘zA