Davlatimiz rahbari raisligida joriy yilning 11 oktyabr kuni mahallalarni obod qilish va aholini o‘ylantirayotgan masalalarni hal etish bo‘yicha o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida hududlarni ko‘kalamzorlashtirish masalasiga ham alohida e’tibor qaratildi.
“Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida bu yil yakunigacha 75 million dona, kelgusi yil bahor oylarida yana 125 million dona mevali va manzarali ko‘chatlar ekish vazifasi qo‘yildi. O‘tgan yilgi tajribadan kelib chiqib 20 oktyabrdan 1 dekabrgacha ko‘chat ekish bo‘yicha “Dolzarb 40 kunlik” e’lon qilindi.
– Prezidentimiz raisligida o‘tkazilgan selektor yig‘ilishidan keyin berilgan vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida 2022 yil kuz mavsumida “Yashil makon” umummilliy” loyihasi doirasida Navoiy viloyati bo‘yicha jami 5 million 274 ming dona manzarali va mevali ko‘chatlar hamda qalamchalar ekish rejalashtirilib, aniq manzilli dasturlar ishlab chiqildi, – deydi viloyat Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi boshlig‘i vazifasini bajaruvchi Xayrullo Baqoyev. – Jumladan, umumfoydalanish avtomobil yo‘llari, tuman-shahar ichki yo‘llari va yo‘l yoqasiga 53 ming dona, qishloq xo‘jaligi yerlariga va exotazorlar barpo etiladigan yerlarga 2 million 167 ming dona, fermer xo‘jaliklari yerlariga 1 million 916 ming dona, ijtimoiy soha ob’ektlari hududlariga 126 ming dona, korxona va xizmat ko‘rsatish tarmoqlari hududlariga 193 ming dona, obodonlashtirish boshqarmasiga qarashli hududlarga 197 ming dona va mahallalarga 623 ming dona mevali va manzarali daraxt va butalar ekish rejalashtirilgan.
“Dolzarb 40 kunlik” doirasida viloyat bo‘yicha 5,3 ming gektar yer maydonida ekiladigan ko‘chatlar iqlim sharoiti va Fanlar Akademiyasi tavsiyasidan kelib chiqqan holda tanlanib, asosan, suvsizlik va kasallikka chidamli gujum, qayrag‘och, katalpa, akatsiya, zarang, shumtol, tut, jiyda, yong‘oq, terak kabilar ekilishi belgilangan.
– Tomdi tumani viloyatning cho‘l hududi sanalib bu yerda asosan suvsizlikka chidamli butalar ekish maqsadga muvofiq, – deydi tuman Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish bo‘limi boshlig‘i A’zam Azizov. – Shuning uchun Keregetov ovul fuqarolar yig‘ini hududida 15 gektar maydonga 15 ming donadan ziyod saksovul ko‘chatlari ekildi. Bu umummilliy lohihada tuman Yoshlar ishlari agentligi va korxona hamda tashkilotlarda mehnat qilayotgan 200 nafarga yaqin ishchi-xodimlar va yoshlar faol ishtirok etdi.
Ayni paytda ekiladigan ko‘chatlar manbalari aniqlangan bo‘lib, qariyb 5,3 million dona ko‘chatning 1,3 million donasi O‘rmon xo‘jaligidan, 3,9 million donasi 26 ta fermer xo‘jaligidan, 85 ming donasi M.Mirzayev bog‘dorchilik va uzumchilik instituti Navoiy filialidan, 10 ming donasi “Navoiyyo‘lko‘kalam” korxonasidan olinadi. Shuningdek, zaruratga ko‘ra, Farg‘ona (“SSS BIG WORLD” MCHJ) va Qashqadaryo (Kitob tumani O‘rmon xo‘jaligi) viloyatidan 2 million donaga yaqin ko‘chatlar shartnoma asosida olib kelinadi.
– Yurtimizda davom etayotgan “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida karmanaliklar ham faol ishtirok etmoqda, – deydi Karmana tumani hokimligi axborot xizmati rahbari Jamshid Musayev. – Tumandagi “Malik” mahallasi “Gulshan” qo‘rg‘onida 5 gektar yer maydoniga 10 mingta tut hamda 5 mingta turli xil navdagi mevali ko‘chatlar ekildi. Joriy yil yakuniga qadar tumanda 925 mingta manzarali va mevali daraxtlar ekilishi rejalashtirilgan.
Bugun yurtimiz bo‘ylab davom etayotgan mazkur umummilliy loyihada yoshu qari birdek faol ishtirok etmoqda.
– Prezidentimizning “Daraxt havas bilan ekilishi, xalqimiz, mahallalarimizning madaniyatiga aylanishi lozim”, degan so‘zlari mahalladoshlarimizni birdamlikda daraxt ekishga undadi, desam mubolag‘a bo‘lmaydi, – deydi “Malik” mahallasi faoli Nizom Eshonqulov. – Ko‘chat ekish, daraxt o‘stirish, tabiatni asrab-avaylash xalqimizga xos ezgu qadriyatlardan biridir. Mana bugun katta-yu kichik bir bo‘lib, yaxshi niyatlarda ko‘chatlar ekib, bog‘ yaratayapmiz.
– “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida bizning Nurota tumani “Amir Temur” mahallasi hududida 5,8 gektar yer maydonida “Yashil bog‘” tashkil etilmoqda, – deydi mahallasi raisi Oybek Hoshimov. – Mazkur yer maydonida bugungi kunda tik quduq qazish ishlari bajarilib, manzarali daraxt ko‘chatlari ekish ishlari davom etmoqda. Shu kunga qadar 1390 dona qayrag‘och, 209 dona safora, 1502 dona katalpa, 210 dona eldar qarag‘ayi ko‘chatlari ekildi. Shuningdek, ushbu “Yashil bog‘” hududini balandligi 2 metr, uzunligi 1000 metr bo‘lgan simli to‘siqlar bilan o‘rash rejalashtirilgan.
Loyiha doirasida ko‘chatlarni xarid qilish uchun 50,8 milliard so‘m, shundan 1,9 milliard so‘m mahalliy byudjet va 48,9 milliard so‘m tashkilotlar mablag‘i yo‘naltiriladi. Shuningdek, 1,5 mingta kam ta’minlangan xonadonga 10 tupdan, jami 15 ming tup mevali ko‘chat tarqatiladi.
– Joriy yilning 20 oktyabr kunidan boshlangan umummilliy loyihada “Mahalla” xayriya jamoat fondi Navoiy viloyati bo‘limi, tuman va shahar bo‘linmalari xodimlari ham faol ishtirok etmoqda, – deydi fond viloyat bo‘limi raisi Faxriddin Soliyev. – Shu kunga qadar jamoamiz bilan 2000 tupdan ortiq mevali va manzarali daraxt ko‘chatlari ekildi. Loyiha doirasida mahallalarda keng ko‘lamdagi obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish ishlari amalga oshirilmoqda. Bundan tashqari fond tomonidan boquvchisini yo‘qotgan va yordamga muhtoj “Ayollar daftari” va “Temir daftar" ro‘yxatiga kirgan fuqarolar holidan xabar olinib, ularga mevali va manzarali daraxt ko‘chatlari olib berilmoqda.
Ta’kidlash o‘rinliki, loyiha doirasida viloyatdagi mavjud 11 ta maishiy chiqindi poligonining atrofida daraxt va butazorlar barpo qilinadi. Shuningdek, yirik sanoat korxonalari atrofida 50 gektar yer maydonida 35 ming dona manzarali va mevali ko‘chatlar ekilib, “Yashil belbog‘” tashkil etiladi. Ayni paytda ko‘chatlarni ekish, sug‘orish va parvarishlash uchun 35 nafar agronom biriktirilgan. Ekish ishlari yakunlangandan so‘ng ko‘chatlar elektron platformaga kiritilib, mas’ullarga biriktirib beriladi.
Abduvali Bo‘riyev,
O‘zA