Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Prezident tashabbusi amalda: Yangi Andijon qurilishi davom etmoqda
18:48 / 2023-12-11

Andijon viloyati mamlakatimizdagi hududi jihatidan eng kichik, aholisi esa eng zich yashaydigan viloyat hisoblanadi. Viloyat respublika hududining 1 foizini, aholisi esa qariyb 10 foizini tashkil etadi. Shu bois ham viloyatda yerning har bir qarich maydonidan unumli va oqilona foydalanish talab etiladi.

Prezidentimiz Andijon viloyatiga 2022 yildagi tashrifi chog‘ida ana shu jihatni hisobga olib, qolaversa, ekin maydonlarini kamaytirmaslik maqsadida viloyatning adir zonalarida ko‘p qavatli uylar qurish va shu orqali tobora o‘sib borayotgan aholini arzon, zamonaviy uy-joylar bilan ta’minlash muhimligini ta’kidlagan edi.  Shuningdek, davlatimiz rahbari joriy yilning fevral oyida viloyatga tashrifi chog‘ida aholi vakillari bilan uchrashganda ham yangi uylar qurilishini ko‘paytirish bo‘yicha ko‘rsatmalar bergan edi. Ana shundan kelib chiqib viloyatda uy-joylar qurish masalasiga alohida e’tibor qaratilmoqda.  

Jumladan, Andijon tumani adirliklarida 450 ming kishi uchun Yangi Andijon shahri barpo etilmoqda. Umumiy maydoni 4 ming gektarni tashkil etadigan shaharning 1 ming 144 gektar maydonida 40 ming xonadondan iborat 5 mingta ko‘p qavatli turar-joylar qad rostlaydi. Shuningdek, 215 gektar maydonda savdo, 240 gektarda xizmat ko‘rsatish, 76 gektarda sanoat, 1 ming 942 gektar maydonda yashil hududlar tashkil etiladi. Bundan tashqari, 364 gektar maydon yo‘llar va boshqa infrastruktura ob’ektlaridan iborat bo‘ladi. “Yangi Andijon” loyihasi bir necha bosqichda amalga oshiriladi. Birinchi bosqichda 5, 7 va 9 qavatli 192 ta ko‘p kvartirali uy, 1 ming 680 o‘rinli umumta’lim maktabi, 420 o‘rinli maktabgacha ta’lim tashkiloti, 250 qatnovli poliklinika, trikotaj korxonasi, ipoteka markazi, 3 ming kvadrat metr maydonda savdo va xizmat ko‘rsatish ob’ektlari qurilishi belgilangan.  

[gallery-15015]

Joriy yilda Yangi Andijon shahrida 2 ming 152 ta xonadonli 80 ta ko‘p qavatli uy qurilishi rejalashtirilgan. Ayni kunga qadar 975 xonadonli 40 ta uy foydalanishga topshirilgan bo‘lsa, yana 40 ta uyda qurilish ishlari yakuniga yetkazilmoqda. Bundan tashqari, umumta’lim maktabi, maktabgacha ta’lim tashkiloti, poliklinika, ipoteka markazi, qator savdo va xizmat ko‘rsatish ob’ektlari qurilishi yakuniga yetkazilgan. “Best Invest” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan Yangi Andijon shahri hududida 2 ming ish o‘rniga ega trikotaj fabrikasi ishga tushirildi. Umumiy qiymati 112,6 milliard so‘m bo‘lgan loyiha doirasida 1-bosqichda Yangi Andijon shahrining ichki yo‘llarini qurish ishlari olib borilmoqda. Joriy yilda 40,3 milliard so‘m miqdoridagi qurilish-montaj ishlari amalga oshirildi. Hozirda 2 kilometr uzunlikda yo‘l qurilishi yakunlandi. Hududda umumiy qiymati 14,1 milliard so‘mga teng loyiha doirasida sig‘imi 4 ming metr-kub bo‘lgan suv saqlash inshootining qurilish-montaj ishlari 90 foizga bajarildi.  

Bundan tashqari, oqova suv tozalash inshooti, markaziy hamda ichki oqova suv tarmoqlari qurilishi bo‘yicha ham zarur ishlar olib borilmoqda. Shuningdek, hududni elektr energiyasi va tabiiy gaz bilan ta’minlash, irrigatsiya tizimini qurish, yashil maydonlar barpo etish borasidagi ishlar ham reja asosida olib borilmoqda. “Yangi Andijon” loyihasi viloyat aholisining uy-joyga bo‘lgan talab va ehtiyojini qondirishga xizmat qiladigan muhim loyihalardan biridir.  

F. Ubaydullayev,  

Z. Umrzoqov (surat), O‘zA muxbirlari