Samarqand davlat universiteti filologiya fakulteti ikkinchi bosqich talabasi Marhabo Mahkamtosheva “Yosh kitobxon” tanlovining respublika bosqichida 15-19 yosh toifasida g‘oliblikni egallab, Prezident sovg‘asi “Spark” avtomobili bilan taqdirlandi.
Dunyoda aholisi kitobxon bo‘lgani uchun Prezident tomonidan sovg‘a beriladigan mamlakat bo‘lmasa kerak. Balki boshqacha tarzda rag‘batlantirilar, lekin avtomobil berilmasa kerak. Bizda esa davlatimiz rahbari tashabbusi bilan ana shunday an’ana yo‘lga qo‘yildi. Aholining kitobga mehrini va kitobxonlik madaniyatini oshirish maqsadida “Yosh kitobxon”, “Eng yaxshi kitobxon oila” kabi ko‘rik-tanlovlar tashkil etildi. Chunki, kitob o‘qigan inson, xoh u bola, xoh katta bo‘lsin, ilm olishga intiladi, dunyoqarashi kengayadi, tafakkuri boy bo‘ladi, madaniyati yuksaladi.
Yangi O‘zbekistonga bugun ana shunday yoshlar, bilimli mutaxassislar, tafakkuri keng insonlar kerak. Ularning safi kengayishi uchun Prezident avtomobil berishga, ilmlilarni qo‘llab-quvvatlashga tayyorligi shu tanlovlar orqali ham bildirilmoqda. Ushbu tanlovlar o‘tkazila boshlagandan buyon shu paytgacha Samarqanddan ikki nafar ishtirokchi, ular ham qizlar, tanlovning respublika bosqichida g‘oliblikni qo‘lga kiritib, Samarqandga Prezident sovg‘asi – “Spark” avtomashinasida kelgandi.
[gallery-10753]
Bu gal bunday baxt Marhaboga nasib etdi. U 2003 yilda Urgut tumanida tug‘ilgan. Samarqand shahridagi 24-umumiy o‘rta ta’lim maktabini oltin medal bilan bitirib, 2021 yilda Samarqand davlat universitetiga davlat granti asosida o‘qishga qabul qilingan. Yoshligidan bilimga chanqoqligi bois, maktabda o‘qib yurgan chog‘laridayoq turli tanlov va fan olimpiadalarida g‘olib bo‘lgan. Eng yaxshi kitobxon tanlovlarida muntazam ishtirok etib keladi.
– Tanlovda to‘rtinchi marta ishtirok etishim va to‘rtinchi urinishda g‘oliblikni qo‘lga kiritdim, – deydi Marhabo Mahkamtosheva. – Tanlovning respublika bosqichiga tayyorgarlik ko‘rish mobaynida belgilangan 60 asarni bir marta emas, bir necha bor o‘qidim. Har gal o‘qiganimda bu kitoblardan yangi ma’no, yangi mazmun topdim. Hayotga munosabatim, qarashlarim o‘zgardi. Keyin tanlovni o‘tkazishdan ko‘zlangan asosiy maqsad ham shu ekanligini angladim. Aslida, kitob o‘qish menga hayotiy ehtiyojga aylanib ulgurgan. Meni mana shunday natijalarga erishishimda qo‘llab-quvvatlagan ota-onamdan, ustozlarimdan minnatdorman!
Sharof Rashidov nomidagi Samarqand davlat universitetida “Yosh kitobxon” ko‘rik-tanlovining respublika bosqichida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan Marhabo Mahkamtosheva hamda faol ishtirok etgan yoshlarni taqdirlash marosimi o‘tkazildi. Universitet rektori, Oliy Majlis Senati a’zosi Rustam Xolmurodov, Samarqand viloyati Nuroniylar jamoatchilik kengashi raisi Shuhrat Negmatov, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi viloyat bo‘lim rahbari Toshpo‘lat Tugalov yurtimizda aholining kitobxonlik madaniyatini oshirishga alohida e’tibor qaratilayotganini ta’kidlab, zukko kitobxon yoshlar va ularning ustozlari, ota-onalarini tabrikladi.
“Yosh kitobxon” ko‘rik-tanlovi respublika bosqichi g‘olibi Marhabo Mahkamtosheva, 20-30 yosh toifasida ikkinchi o‘rinni egallagan Iroda Safoyeva hamda 10-14 yosh toifasida faol ishtirok etgan Mohinur Muxtarovaga esdalik sovg‘alari, ularning ota-onalariga viloyat hokimligining tashakkurnomalari topshirildi.
– Qizimning muvaffaqiyatini barcha ustozlari – maktabda ta’lim bergan o‘qituvchilari, bugun universitetdagi ustozlarining zahmatli mehnati samarasi deb bilaman, – deydi Marhabo Mahkamtoshevaning onasi Dilrabo Haydarova. – Ularning barchasiga minnatdorlik bildiraman. Yoshlarni ta’lim olishga, kitob o‘qishga ruhlantirish maqsadida tashkil etilgan “Yosh kitobxon” ko‘rik-tanlovi tashabbuskori Prezidentimizga rahmat.
Shuningdek, tadbirda Samarqand davlat universiteti talaba-yoshlari o‘rtasida kitobxonlikni keng targ‘ib qilish va kitobxon yoshlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida o‘tkazilgan “Mening shaxsiy kutubxonam” videoroliklar tanlovi g‘oliblari ham taqdirlandi.
G‘.HASANOV,
A.ISROILOV (surat), O‘zA