English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Prezident tashabbusi amalda: Qonliko‘lda Sirdaryo tajribasi
20:37 / 2022-10-31

Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan respublikamiz viloyatlari Qoraqalpog‘istondagi tumanlarga biriktirilgan. Jumladan, Sirdaryo viloyati ham o‘z tajribasi asosida Qonliko‘l tumanini yanada rivojlantirishga ko‘maklashmoqda. Tumanni 2022-2024 yillarda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, aholi turmush sharoitini yaxshilash maqsadida viloyat tomonidan 549,9 milliard so‘mlik loyihalar ishlab chiqilgan. Mazkur loyihalar asosida 2 mingga yaqin ish o‘rni yaratilishi belgilangan.

Ushbu tashabbus ijrosi doirasida sirdaryoliklar yordami bilan tumandagi 358 kilometr ariq va zovurlar qazilib, 9 ming 700 gektar yer maydonini qayta foydalanishga kiritish choralari ko‘rildi. 5 ming gektar ekin maydoni shudgorlandi. “Sirdaryo tajribasi” asosida poliz ekinlari yetishtirish yo‘lga qo‘yildi. “Madaniyat”, “Do‘stlik” va "Navro‘z” mahallalaridagi tomorqa yer maydonlarini suv bilan ta’minlash maqsadida quvvati 15 kVt bo‘lgan nasos hamda 100 kVA quvvatli transformator o‘rnatildi.

Kam ta’minlangan, ijtimoiy daftarlarda ro‘yxatda turgan ishsiz fuqarolarga motokultivator va boshqa daromadli ishlar bilan shug‘ullanishlari uchun texnik vositalar, 10 ming tup mevali daraxt ko‘chatlari, qiymati 45 million so‘m bo‘lgan parranda, 50 bosh qoramol tarqatilib, 100 dan ziyod xonadonlarga issiqxona qurib berildi. Turli bayram tadbirlari munosabati bilan 400 dan ziyod ehtiyojmand oila gaz plita hamda elektr pech, oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlandi. Yozgi dam olish mavsumida qonliko‘llik o‘qituvchilarning “Yangiyer sanatoriyi”sida sog‘lig‘ini tiklashi uchun bepul yo‘llanmalar taqdim etildi. Tuman nuroniylari uchun Sirdaryoga sayohat uyushtirildi. Tuman markaziy shifoxonasida sirdaryolik malakali jarroh, ginekolog, endokrinolog, kardiolog va onkolog kabi 14 turdagi mutaxassislar tomonidan tibbiy ko‘rik tashkil etilib, aholiga 50 million so‘mlik dori-darmon vositalari tarqatildi.

– Sirdaryoliklarni ovulimizdagi bunyodkorlik ishlaridan, aholiga ko‘rsatayotgan yordamidan juda xursandmiz, – deydi "Do‘stlik" mahallasi faoli Quvonish Yusupov. – Men 54 yoshga kirib, bunday keng ko‘lamli ishlarni ko‘rmagandim. Bu avvalo, Prezidentimizning qoraqalpoq eliga bo‘lgan e’tibori, g‘amxo‘rligi, qolaversa, o‘zbek va qoraqalpoq xalqlarining azaliy do‘stligi natijasidir.

[gallery-9359]

Ushbu ishlarning uzviy davomi sifatida "Madaniyat" mahallasida ikki xalqning tarixiy orzu-intilishlarini o‘zida uyg‘unlashtirgan, qurilish arxitekturasi jihatidan zamonaviy va milliy me’moriy yechimga ega “Sayxun va Jayxun" ma’naviyat va ma’rifat maskani bunyod etildi. Sirdaryo viloyati hokimi G‘ofurjon Mirzayev va Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi Qahramon Sariyev, shuningdek, Sirdaryo va Qoraqalpog‘iston jamoatchiligi vakillari ishtirok etgan tantanali ochilish marosimida Sirdaryo va Qonliko‘l o‘rtasidagi masofa uzoq bo‘lsada ko‘ngillarning yaqinligi, o‘zbek va qoraqalpoq xalqlarining mushtarak tarixi va do‘stligi tufayli aloqalar mustahkamlanib borayotgani alohida ta’kidlandi. Sirdaryolik ziyolilar tomonidan foydalanishga topshirilgan ma’naviyat va ma’rifat maskaniga 3 mingdan ziyod kitob jamlanmalari taqdim etildi.

– Qonliko‘lni obod qilayotgan, bizga bu borada yaqindan ko‘mak berayotgan Sirdaryo viloyati va tuman, shahar hokimliklariga, viloyat tadbirkorlariga minnatdorlik bildiramiz, – dedi “Sayxun va Jayxun" ma’naviyat va ma’rifat maskanini ochilish tadbirida so‘zga chiqqan Qahramon Sariyev. – Ularning beminnat ko‘magi bilan Qonliko‘l tumani markazi va barcha mahallalarimiz obod bo‘lmoqda. Yangi ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish maskanlari tashkil etilmoqda. Eng muhimi, odamlarning turmush tarzi o‘zgarmoqda. Prezidentimiz tashabbusi bilan Qoraqalpog‘iston tumanlariga viloyatlarning biriktirilishi bugungi shiddatli zamonda barcha hududlarni birdek rivojlantirish, aholining turmush darajasini oshirishga xizmat qilmoqda.

Shuningdek, kun davomida mirishkor bobo dehqonlar tomonidan Sirdaryoda yetishtirilgan tilimi tilni yoruvchi poliz ekinlari, sarxil mevalar hamda milliy taomlar ko‘rgazmasi tashkil etilib, mahalla va ovullarda turli madaniy-ma’rifiy tadbirlar uyushtirildi. “Do‘stlik” hamda "Sirdaryo – Qoraqalpog‘iston onalari bog‘i" tashkil etilib, “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida bugunning o‘zida 1 000 dan ziyod manzarali va mevali daraxt ko‘chatlari ekildi. Kam ta’minlangan, ehtiyojmand oilalarga oziq-ovqat mahsulotlari, bolalarga qishki kiyim-bosh sovg‘a qilindi.

Yil yakuniga qadar Qonliko‘lda yana bir qator ob’ektlarni foydalanishga topshirish ko‘zda tutilgan. O‘z navbatida aholini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan loyihalar davom etadi.

Sh.Suyarov, Sh.Ortiqboyev (suratlar), O‘zA.