Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Prezident tashabbusi amalda: islohotlar mevasi har bir xonadonga kirib bormoqda
18:26 / 2023-08-21

Obodlik, sarishtalik bor joyda fayz baraka bo‘ladi. Inson dili ham ana shunday go‘zallikdan yayraydi, bahra oladi. Yashash joylarni go‘zal go‘shalarga aylantirish borasida yurtimiz bo‘ylab safarbarlik e’lon qilingani hammamizga ma’lum. Shunday yurt chaqirig‘iga bugun Namangan viloyati Mingbuloq tumani Qizilqum mahallasi ham labbay deb javob bermoqda.

Buning natijasida manzillar kun sayin chiroy ochmoqda. Viloyat hokimi Shavkat Abdurazzoqov boshchiligida Ishchi guruhi tuzilib, obodonchilik, aholi turmush farovonligi uchun zarur sharoitlar yaratishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Viloyat rahbarining kundalik tizimli tahliliy muhokamasi barcha ishlarning sifatli bajarilishiga turtki bermoqda. Ajratilgan 3 milliard so‘m mablag‘ hisobidan hozirgi kunga qadar jami 9,5 kilometr ichki yo‘llarning 3 kilometrga yaqin qismi asfaltlandi. Elektr ta’minotini yaxshilash maqsadida 3 kilometrga yaqin yangi tarmoq tortildi va 70 ta yangi temir-beton tayanchi o‘rnatildi, bitta transformator mukammal ta’mirlandi. 168 xonadondagi gaz jihozlari joriy ta’mirlandi. Ta’mirtalab 92 xonadonning 45 tasi o‘z egalariga topshirildi.  

Stadion, mahalla fuqarolar yig‘ini uchun yangi bino, bolalar maydoni, yashil futbol maydonchasi, kutubxona, go‘zallik saloni, kichik amfiteatr, sog‘lomlashtirish markazi barpo etilmoqda. 1,5 kilometr yo‘lda tungi yoritish chiroqlari o‘rnatildi. Hozirda hududdagi 25-sonli umumta’lim maktabi hamda 23-sonli bolalar bog‘chasida ta’mirlash ishlari olib borilmoqda. Quvonarli jihati, aholining yillar davomidagi orzusi ushaldi. Yigirma uch kilometrdan oshiq suv tarmog‘i tortildi. Yer osti suv qudug‘i, suv minorasi ishga tushirildi. Buning natijasida 382 xonadon toza ichimlik suvidan bahramand bo‘ldi.  

[gallery-13197]

– Bundan bir asr muqaddam Qizilqum kengliklarida o‘zlashtirilgan mahallamiz 1970 yillarga kelib kengaya boshladi. Bugungi kunda mahallamizda yashovchi aholi 2 ming nafardan oshdi. Mavjud yettita ko‘chamiz ancha yillardan buyon e’tibordan chetda qolgan edi, – deydi “Qizilqum” mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Elmurod O‘rinov. – Davlatimiz rahbarining eng olis hududlar infratuzilmasini rivojlantirishga qaratayotgan yuksak e’tibori hamda ajratayotgan mablag‘lari samarasida bizning qishlog‘imizga ham obodlik va fayz, tarovat kirmoqda. Odamlarimiz bu g‘amxo‘rlikdan mamnun holda olib borilayotgan bunyodkorlik ishlarida o‘z mehnatlari bilan munosib hissa qo‘shmoqda.  

Qizilqumda “Obod ko‘cha, obod xonadon” dasturi ijrosini amalga oshirishda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Namangan viloyatidagi Xalq qabulxonasi ham yaqindan ko‘maklashmoqda. Har bir xonadonga axloq, ma’naviyatni singdirish maqsadida kitob javonlari turli adabiyotlar bilan to‘ldirildi. Quvonarlisi shundaki, xonadonlarda tavallud kunlari munosabati bilan kitob sovg‘a qilish an’anaga aylanmoqda. Qolaversa, oilada qiziqishlardan kelib chiqib sport jihozlari o‘rnatildi.  

Tozalik va obodlik bor joyda baraka bo‘ladi. Har bir xonadon darvozasi oldiga kichik chiqindi qutisi o‘rnatildi va ko‘chadagi 20 nafardan ziyod kichik yoshdagi bolajonlardan iborat “Ozodagarchilik posbonlari” tuzildi. Ularga maxsus yengil ust kiyim, kepkalar uyushtirilib, ekologik tarbiya amaliyotiga qadam qo‘yildi. E’tiborlisi, mavjud xonadonlarni ixtisoslash, muayyan ma’naviy yo‘nalishda tajriba maktabiga aylantirishga ruhlantirish maqsadida har bir xonadon “Eng kitobxon xonadon”, “Eng sportsevar xonadon”, “Eng huquqiy madaniyatli xonadon”, “Eng sarishtalik kelin xonadoni”, “Eng gulzor xonadon”, “Eng tadbirkor xonadon” kabi yo‘nalishlarda g‘oliblar sifatida hovli eshiklariga yozib qo‘yildi.  

– Obodlik ko‘ngildan boshlanadi. Mahallamiz, ko‘chalarimiz, xonadonlarimiz obod bo‘lib, dillarimiz quvonchga to‘lmoqda. Biz bu kunlarni anchadan buyon kutayotgan edik, – deydi Qizilqum mahallasi, Alisher Navoiy ko‘chasi, 2-uyda yashovchi Azizbek Toshtemirov. – Yozda chang, qishda loy bo‘lib ketadigan ko‘chalarimiz birin-ketin ko‘rkam qiyofaga kirmoqda. Xonadonimizga viloyat va tuman hokimligi, Prezident Xalq qabulxonasidan amaliy yordamga kelishganda o‘zimiz ham xijolat tortdik. Hovlimiz ta’miriga yaqindan ko‘maklashildi. Uyga kirishimiz bilan kitob javoniga ko‘zimiz tushadi. Bo‘sh vaqtimiz bo‘ldi deguncha kitob mutolaasiga oshiqamiz. Islohotlar mevasi har bir xonadonga kirib borayotganidan xursandmiz.  

Oqilxon Dadaboyev, O‘zA muxbiri