Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Prezident tashabbusi amalda: bugungi Mo‘ynoq oldingisiga o‘xshamaydi
17:29 / 2022-12-31

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Mo‘ynoq tumanini kompleks ijtimoiy-qtisodiy rivojlantirish, mavjud tabiiy va mehnat resurslaridan to‘liq, samarali foydalanish, tumanda tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash, aholining turmush darajasini yanada yaxshilash maqsadida bir qator manzilli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 16 yanvardagi “Qoraqalpog‘iston Respublikasining Mo‘ynoq tumanini kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorining ijrosini ta’minlash borasida tumanda 450 milliard so‘mdan ortiq qurilish-ta’mirlash ishlari amalga oshirilib, 105 ta ob’ekt foydalanishga topshirildi. Jumladan, Mo‘ynoq aeroporti qayta to‘liq rekonstruksiya qilinib, “Toshkent –  Nukus – Mo‘ynoq” va “Mo‘ynoq –Nukus – Toshkent” aviaqatnovi yo‘lga qo‘yildi.  

Tumanni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishda bolalarning maktabgacha ta’lim tashkilotlariga qamrovi masalasiga alohida e’tibor qaratildi. Jumladan, 2018 yil yakuniga ko‘ra, maktabgacha ta’lim tashkiloti soni 12 tani tashkil qilib, bog‘cha yoshidagi bolalarning qamrov darajasi 56 foizni tashkil qilgan bo‘lsa, hududda 7 ta davlat hamda 2 ta davlat-xususiy sherikchiligi asosida maktabgacha ta’lim tashkiloti yangidan qurilib, foydalanishga topshirildi. Shuningdek, tumandagi olis hududlarda istiqomat qiluvchi bolalarning tarbiya olishi uchun jami 9 ta oilaviy maktabgacha ta’lim tashkiloti yangidan tashkil qilindi.

Bundan tashqari, bevosita Bosh prokuratura tashabbusi va ko‘magida Mo‘ynoq tumanidagi eng olis hududlardan biri hisoblangan “Hakim ota” ovul fuqarolar yig‘ini hududida 100 o‘rinli “Adolat” bolalar bog‘chasi yangidan qurilib, foydalanishga topshirildi. Tumandagi “Ush say” ovul fuqarolar yig‘ini hududidagi jami 125 o‘rinli 2 ta maktabgacha ta’lim tashkiloti rekonstruksiya qilinib, yangi jihozlar bilan to‘liq ta’minlandi.

Amalga oshirilgan ishlar natijasida 2022 yilning 1 dekabr holatiga Mo‘ynoq tumanida bog‘cha tarbiyasi yoshidagi bolalarni maktabgacha ta’lim tashkilotlariga qamrov darajasi 97 foizga yetkazildi.

Tumanda umumta’lim maktablari soni 17 tani, ularda ta’lim oluvchi o‘quvchilar soni 5ming 237 nafarni tashkil qiladi.  

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 16 yanvardagi “Qoraqalpog‘iston Respublikasining Mo‘ynoq tumanini kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlash maqsadida tumandagi umumta’lim maktablarning 4 tasida 7,7 milliard so‘mlik rekonstruksiya ishlari, 5 tasida 12,6 milliard so‘mga mukammal ta’mirlash, 3 tasida 1,2 milliard so‘mlik joriy ta’mirlash ishlari amalga oshirildi.

[gallery-10159]

Davlatimiz rahbarining 2018 yilda Qoraqalpog‘iston Respublikasiga qilgan tashrifi davomida berilgan topshiriq ijrosini ta’minlash maqsadida tuman markazida 220 o‘rinli 10,9 milliard so‘mlik innovatsion maktab yangidan qurilib, foydalanishga topshirildi. Bosh prokuratura tashabbusi va mablag‘i hisobidan yoshlarning axborot texnologiyalariga bo‘lgan qiziqishlarini qo‘llab-quvvatlash va ularning ushbu sohadagi qiziqish va istaklari inobatga olinib tuman markazida qiymati 2,1 milliard so‘mlik “Future Muynak” o‘quv markazi va “Book cafe” kutubxona markazi yangidan qurilib, foydalanishga topshirildi. bugungi kunda, “Future Muynak” o‘quv markazida 500 nafardan ortiq yoshlar IT sohasida ta’lim olyapti.

Tumanda axborot texnologiyalari bo‘yicha mutaxassislarga bo‘lgan talabni hisobga olgan holda 2020-2021 o‘quv yilida Toshkent axborot texnologiyalari universiteti Nukus filialida tuman yoshlariga davlat granti asosida o‘qish uchun 20 ta qo‘shimcha kvota ajratildi. Shuningdek, Bosh prokuratura mablag‘i hisobidan tumanning barcha umumta’lim maktablari 1 ming 500 dan ortiq darslik bilan ta’minlandi. Yoshlarning huquqiy savodxonligini oshirish va ularni kitob o‘qishga qiziqishini rag‘batlantirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 30 yilligi munosabati bilan joriy yilning dekabr oyida Bosh prokuratura tomonidan “Future Muynak” o‘quv markazida “Konstitutsiya bilimdoni” tanlovi o‘tkazildi va yuridik adabiyotlar burchagi tashkil qilindi.

Sog‘liqni saqlash sohasida tumanda tibbiyot birlashmasiga qarashli 7 ta oilaviy poliklinika, olis hududlarda esa 5 ta poliklinika filiali mavjud. Shuningdek, sil kasalligi shifoxonasi, innovatsion telemeditsina klinikasi faoliyat olib bormoqda. Tegishli qarorlar asosida o‘tgan 3 yilda tibbiyot birlashmasi, 4 ta poliklinika va 4 ta filiali to‘la ta’mirlandi, 1 ta poliklinika va innovatsion telemeditsina klinikasi yangidan qurildi. Bosh prokuratura mablag‘i hisobidan tumanning olis hududlaridan biri “Bo‘zatov” ovul fuqarolar yig‘ini “Qarajar” ovulida 1ta poliklinika filiali yangidan qurib berildi. 

Davlatimiz rahbarining 2022 yil 17 fevraldagi “Nogironligi bo‘lgan shaxslarni hamda aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarini qo‘llab-quvvatlashning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni ijrosini ta’minlash maqsadida Bosh prokuratura tomonidan tumandagi imkoniyati cheklangan 60 nafar fuqaro zarur tibbiy-reabilitatsiya uskunalari (nogironlar aravachasi, protez uchun maxsus oyoq kiyim, qo‘ltiq tayoqlar, hassa va eshitish uskunasi) bilan ta’minlandi.

Aholi turmush tarzini yaxshilash va ularga qulayliklar yaratish maqsadida 2019-2021 yillar va joriy yilning o‘tgan davri mobaynida 127,5 kilometr elektr uzatish tarmog‘i yangidan tortilib, 2 ming 577 ta ustun yangidan o‘rnatildi. Mavjud 266,4 kilometr elektr tarmog‘i va 1 ming 229 dona elektr ustuni, 27 ta transformator punkti yangidan o‘rnatilib, mavjud 94 tasi, 10,9 kilometr tabiiy gaz quvuri yangidan tortilib, mavjud 17,6 kilometr ta’mirlandi, 22 ta gaz taqsimlash uskunasi o‘rnatildi.

O‘tgan davr mobaynida Bosh prokuratura tashabbusi va mablag‘i hisobidan Mo‘ynoq tumanida jami 26 ta ijtimoiy soha ob’ektida qiymati 15 milliard so‘mlik qurilish-rekonstruksiya ishlari amalga oshirilib, 300 dan ortiq yangi ish o‘rni tashkil etildi. Xususan, hammom va go‘zallik saloni majmuasi qurilib foydalanishga topshirildi, aholini toza ichimlik suvi bilan ta’minlash maqsadida tumandagi 11 ta fuqarolar yig‘inida 22 dona suv tozalovchi uskuna o‘rnatildi. Og‘ir sharoitda yashagan 11 nafar yakka-yolg‘iz yashovchilarga 2 xonali yangi uy qurib berildi, kam ta’minlangan 4 nafar fuqaroning uyi ta’mirlandi. Aholi va fermerlarga qulaylik yaratish maqsadida 2 ta veterinariya punkti qurildi. Tuman markazidagi amfiteatr atrofida obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish ishlari olib borilib, “Shoirlar xiyoboni” tashkil etildi.

Mo‘ynoq tumanidagi sharoiti og‘ir “Madeli” ovul fuqarolar yig‘ini  “Porlitov” ovulining 4,5 kilometr ichki yo‘liga qum-shag‘al aralashmasi to‘shalib, ta’mirlandi. Ushbu ovul fuqarolar yig‘inida 2014 yilda asossiz ravishda tabiiy gaz tarmog‘idan ajratilgan “Shege” ovulining 198 ta va “Porlitov” ovulining 228 ta xonadoni tabiiy gaz tarmog‘iga qayta ulandi. Tuman aholisi va qishloq xo‘jaligi tarmog‘ini suv bilan barqaror ta’minlash maqsadida “Talliq” kanalida jami 15 kilometr qazish va tozalash ishlari amalga oshirildi.  

Mo‘ynoq tumanida turizm sohasini rivojlantirish va sayyohlar oqimini ko‘paytirish, sport va festivallar turizmini rivojlantirish, turizm sohasida faoliyat olib boruvchi tadbirkorlik sub’ektlarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida qator tadbirlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, 2019 yildan buyon har yili “NavrUz” etnofestivali, “Milliy ot o‘yinlari” bo‘yicha ochiq turnir, “Ralli Mo‘ynoq” avtomotosport musobaqalari, “Muynak Sand Cup” sohil futboli va voleyboli o‘yinlari bo‘yicha turnir, “Xalqlar do‘stligi kuni” festivali, “Orol baliqlaridan 99 tur taomlar”, “Orol va Mo‘ynoqning qayta tiklanishi” ekofestivali tashkil qilinishi natijasida tumanga 20 mingdan ortiq xorijiy va mahalliy sayyoh tashrif buyurdi. Shuningdek, yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, ularni zamonaviy IT texnologiyalardan foydalanishga qiziqishini qo‘llab-quvvatlash maqsadida 2021 yilning 17-19 dekabr kunlari Mo‘ynoq tumanida Bosh prokuratura tomonidan “Esports O‘zbekiston Federatsiyasi” bilan hamkorlikda kibersport bo‘yicha “Uzbekistan Cup Muynak - 2021” O‘zbekiston kubogi turniri o‘tkazilib, unda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent shahri va barcha viloyatlaridan 300 dan ortiq kibersportchi ishtirok etdi.

Yoshlar va xotin-qizlarning bandligini ta’minlash borasida tumanning “Bo‘zatov” ovul fuqarolar yig‘ini “Qiziljar” qishlog‘ida 1 gektar maydonda issiqxona qurilib, 10 ta yangi ish o‘rni yaratildi va 8 nafar xotin-qizning bandligi ta’minlandi. “Barzu xo‘ja” mas’uliyati cheklangan jamiyatiga tumanning “Qiziljar” ovul fuqarolar yig‘ini hududida 20 yildan buyon foydalanilmasdan qarovsiz qolgan 200 gektar yer maydoni ajratib berilishida amaliy yordam ko‘rsatilib, jamiyatga ushbu yer maydonlarida qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish va zarur qishloq xo‘jaligi texnikalarini xarid qilish, yoshlar bandligini ta’minlash uchun jami 1,4 milliard so‘m ssuda mablag‘i ajratildi. Natijada, “Yoshlar daftari” va “Temir daftar”dagi 40 nafar yosh va xotin-qiz ish bilan band qilindi.

Hunarmandchilikni rivojlantirish orqali ishsiz xotin-qizlar bandligini ta’minlash maqsadida tuman markazida 50 ish o‘ringa mo‘ljallangan qiymati 2 milliard so‘m bo‘lgan “Yurta” hunarmandlar markazi va “Xostel” binosi foydalanishga topshirilgan. Bu yerda suvenir do‘koni va kashtachilik klasteri tashkil qilinib, 30 nafar xotin-qizning bandligi ta’minlandi. 2019-2021 yillar va joriy yilning o‘tgan davri mobaynida tegishli qarorlarga asosan tumanda 221 milliard 377 million so‘mlik 145 ta investitsiya loyihasi amalga oshirilib, 702 ish o‘rni yaratildi.

Bosh prokuratura tomonidan loyiha tashabbuskorlarini qo‘llab-quvvatlash va  ularga amaliy yordam ko‘rsatish maqsadida tumandagi tadbirkorlik sub’ektlari bilan uchrashuvlar o‘tkazilib, amalga oshirilayotgan investitsiya loyihalari bevosita joyiga chiqqan holda o‘rganildi. Tadbirkorlik sub’ektlariga amaliy yordam ko‘rsatib kelinmoqda.Xususan, qiymati 72 milliard so‘mlik 14 ta loyiha uchun 1 ming 416 gektar yer maydoni, qiymati 150.2 milliard so‘mlik 8 ta loyiha uchun 150.2 milliard so‘m miqdorda kredit mablag‘i, qiymati 26.3 milliard so‘m bo‘lgan 4 ta loyiha uchun bino inshooti ajratilishida amaliy yordam ko‘rsatildi.

Savdo-sanoat palatasi va boshqa mutasaddi tashkilotlar bilan hamkorlikda Mo‘ynoq tumanida yoshlarni tadbirkorlik asoslariga o‘qitish orqali ularning o‘z tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish, rivojlantirishga qiziqtirish maqsadida har oyda tajribali tadbirkor va biznes trenerlar ishtirokida 30 dan ortiq bepul seminar-trening va uchrashuvlar tashkil qilindi. 400 dan ortiq yosh va xotin-qiz tadbirkorlik, hunarmandchilik sohalarida tegishli bilim, ko‘nikmalar olish imkoniyatiga ega bo‘ldi.

Tumanni kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish ishlari tizimli tarzda   davom etmoqda.  

Dovud Abibullayev,  

Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA