Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Prezident tashabbusi amalda: barchasi aholi farovonligi uchun
16:12 / 2023-07-05

Yangi Andijon shahrida ochilgan Ipoteka markazida yangi uy oluvchi fuqarolarga zarur barcha xizmatlar ko‘rsatiladi.

Mutasaddi tashkilotlar, keng jamoatchilik vakillari ishtirokida markaz ochilishiga bag‘ishlangan tadbirda mamlakatimizda keyingi yillarda odamlarni uy-joy bilan ta’minlash, ularning uzog‘ini yaqin qilish, qulayliklar yaratish borasida keng ko‘lamli ishlar olib borilayotganligi ta’kidlandi.  

Andijon viloyati mamlakatimizdagi hududi jihatidan eng kichik, aholisi esa eng zich yashaydigan viloyat hisoblanadi. Yanada aniqroq aytadigan bo‘lsak, Andijon viloyati respublika hududining 1 foizini, aholisi esa 10 foizini tashkil etadi. Shu bois ham viloyatda yerning har bir qarich maydonidan unumli va oqilona foydalanish talab etiladi. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Andijon viloyatiga avvalgi yillardagi tashrifi chog‘ida ana shu jihatni hisobga olib, qolaversa, ekin maydonlarini kamaytirmaslik maqsadida viloyatning adir zonalarida ko‘p qavatli uylar qurish va shu orqali tobora o‘sib borayotgan aholini arzon uy-joylar bilan ta’minlash tashabbusini ilgari surgan edi.  

Davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan viloyatda aholining uy-joyga bo‘lgan ehtiyojini qondirish maqsadida Andijon tumani adirliklarida 440 ming nafarga yaqin aholi yashashi mumkin bo‘lgan Yangi Andijon shahri barpo etilmoqda. Umumiy maydoni 4 ming gektarni tashkil etadigan shaharning 1 ming 144 gektar maydonida turar-joylar qad rostlaydi. Shuningdek, 215 gektar maydonda savdo, 240 gektarda xizmat ko‘rsatish, 76 gektarda sanoat, 1 ming 942 gektar maydonda yashil hududlar tashkil etiladi. Bundan tashqari, 364 gektar maydon yo‘llar va boshqa infrastruktura ob’ektlaridan iborat bo‘ladi. “Yangi Andijon” loyihasi bir necha bosqichda amalga oshiriladi. Birinchi bosqichda 3 ming 310 xonadonli 70 ko‘p qavatli uy-joy, 1 ming 680 o‘rinli maktab, 385 o‘rinli maktabgacha ta’lim tashkiloti, 200 qatnovli poliklinika, trikotaj korxonasi, ipoteka markazi, qator savdo va xizmat ko‘rsatish ob’ektlari barpo etilishi rejalashtirilgan.  

Mazkur hududda bugungi kunga qadar barcha qulayliklarga ega 30 dan ortiq ko‘p qavatli uylar qurilib, aholiga topshirilmoqda. Bundan tashqari, umumta’lim maktabi, bog‘cha, poliklinika, trikotaj korxonasi ishga tushirildi. Yo‘llar, kanalizatsiya tarmog‘i qurildi, tabiiy gaz, ichimlik suvi keltirildi. Endilikda Ipoteka markazi ham o‘z faoliyatini boshladi.  

[gallery-12606]

– Ipoteka markazida davlat xizmatlari agentligi, banklar va boshqa xizmat ko‘rsatish tashkilotlari shoxobchalari, qurilish tashkilotlari ofislari joylashgan, – deydi Yangi Andijon shahri direksiyasi Matbuot xizmati rahbari Sherzodbek Sotvoldiyev. – Endilikda yangi uy olmoqchi bo‘lgan fuqarolarga subsidiya, kredit ajratish va boshqa barcha turdagi xizmatlar shu yerning o‘zida ko‘rsatiladi. Bu aholiga katta qulaylik yaratadi, ular turli joylarga ovora bo‘lib borib yurmaydi. Markaz ish boshlagan dastlabki kundayoq Xonobod shahri, Andijon, Baliqchi, Buloqboshi, Izboskan va Paxtaobod tumanlarida yashovchi, uy-joy olish istagida bo‘lgan yuzdan ziyod fuqaro markaz xizmatlaridan foydalandi.  

Faxriddin Ubaydullayev,

Zuhriddin Umrzoqov (surat), O‘zA