Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Prezident tanqididan so‘ng: muzey faoliyati yangi bosqichda
15:07 / 2022-05-18

Prezidentimiz raisligida joriy yil 26 aprel kuni turizm xizmatlari ko‘lamini kengaytirish va infratuzilmasini rivojlantirish masalalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida turizmni rivojlantirishda yurtimizdagi mavjud muzeylar salohiyatidan to‘laqonli foydalanilmayotganligi ta’kidlanib, bu borada amalga oshirilishi zarur bo‘lgan vazifalar belgilab berildi.

Andijon viloyati tarixi va madaniyati davlat muzeyida ham mazkur topshiriqlar asosida chora-tadbirlar belgilab olindi. Muzeylar – yurtimiz tarixi, xalqimizning asrlar osha yashab kelayotgan qadriyatlarini o‘zida mujassam etgan osori-atiqalar, noyob buyumlar bilan o‘zligimizni anglashga, o‘tmishdan ibrat olib yashashga undaydi. Shu bois ham keyingi yillarda muzeylar infratuzilmasini yaxshilash, moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, eng asosiysi, tashrif buyuruvchilar, ayniqsa, turistlar uchun qulay sharoit yaratishga alohida e’tibor qaratilmoqda. 

Andijon viloyati tarixi va madaniyati davlat muzeyi ham keyingi yillarda kapital rekonstruksiya qilinib, atrofi obodonlashtirildi, infratuzilmasi tubdan yangilandi. Ayni paytda 110 mingdan ziyod eksponat saqlanayotgan muzeyning “Jome’ me’moriy obidasi", “Bobur uy-muzeyi”, “Cho‘lpon yodgorlik muzeyi”, “Qal’a yodgorlik majmuasi” bo‘limlari hamda Paxtaobod tumanidagi “Habibiy yodgorlik muzeyi” filiali faoliyat ko‘rsatmoqda. “Jome’ me’moriy obidasi" bo‘limida joylashgan adabiyot va san’at galereyasida tariximizga oid 20 mingdan ziyod hujjat, qo‘lyozma va turli davrlarda chop etilgan kitoblar, shuningdek, Andijon adabiy muhiti va xalq amaliy san’atiga oid noyob asarlar, buyumlar o‘rin olgan. 

XIV asrga oid Bobur uy-muzeyi (Ark ichi) me’moriy obidasida Zahiriddin Muhammad Bobur va boburiylar davriga, “Qal’a” me’moriy yodgorligida esa XIX asr va XX asr boshlaridagi Andijon tarixiga, Abdulhamid Cho‘lpon hamda Zokirjon Habibiy yodgorlik muzeylarida o‘zbek adabiyoti rivojiga salmoqli hissa qo‘shgan ijodkorlar hayoti va faoliyatiga oid eksponatlar saqlanmoqda. 

Andijon viloyatida turizmni rivojlantirish, yangi turizm zonalari hamda turistik yo‘nalishlarni tashkil etish orqali hududga kelayotgan xorijiy turistlar sonini 15 ming nafarga, mahalliy sayyohlar sonini esa 400 ming nafarga yetkazish ko‘zda tutilgan. Ana shundan kelib chiqib, muzeyda sayyoh va turistlarni qabul qilish uchun zarur sharoitlar yaratildi. Jumladan, muzeydagi har bir eksponat yoritish chirog‘i bilan ta’minlandi. Xorijiy sayyohlar uchun suvenirlar sotiladigan do‘kon tashkil etildi. Internetdan erkin foydalanishni yo‘lga qo‘yish maqsadida muzey hududida Wi-Fi internet zonasi yaratildi. Bu kabi qulayliklar muzeyga tashrif buyuruvchilar oqimi ortishiga xizmat qilmoqda. Birgina joriy yilning yanvar-aprel oylarida Andijon viloyati tarixi va madaniyati davlat muzeyi eksponatlari bilan nafaqat yurtimiz, balki Yaponiya, Janubiy Koreya, Filippin, Afg‘oniston, Fransiya, Hindiston, Pokiston, Qirg‘iziston, Avstriya, Meksika, Rossiya kabi mamlakatlardan kelgan mehmonlar ham yaqindan tanishdi. Bir so‘z bilan aytganda, Andijonda turizmni rivojlantirish borasida muzeylar imkoniyati va salohiyatidan yanada keng foydalanish, muzeylar, xususan, Andijon viloyati tarixi va madaniyati davlat muzeyi faoliyatini yanada yuqori bosqichga ko‘tarish bo‘yicha zarur barcha ishlar olib borilmoqda. 

[gallery-7143]

Ixtiyorbek Rasulov, 
Andijon viloyati tarixi va madaniyati davlat muzeyi direktori. 

O‘zA