Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Prezident ta’lim muassasalariga 2022-2023 o‘quv yili uchun 75 minga yaqin kvota ajratildi (video)
18:47 / 2022-06-07

Farzandi eng zamonaviy ta’lim maskanida, xalqaro talab asosida o‘qishini, malakali xorijiy pedagogdan ta’lim olishini istamagan ota-ona bo‘lmasa kerak. Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan tashkil etilgan Prezident maktablari xalqimizning ana shunday orzu istaklarini ro‘yobga chiqardi.

Ayni kunlarda ushbu ta’lim maskanlariga 2022-2023 o‘quv yili uchun hujjat qabul qilinmoqda.1 iyunda boshlangan jarayon 20 iyunga qadar davom etadi. O‘zA muxbiri Prezident ta’lim muassasalari agentligi Qabul komissiyasi raisi Alisher Ubbiyev bilan suhbatlashdi.

- Ma’lumki, bu yil Prezident ta’lim muassasalari tarmog‘i kengaydi, ya’ni bir necha ixtisoslashtirilgan maktab Prezident ta’lim muassasalari agentligi tasarrufiga o‘tkazildi. Bundan ko‘zlangan maqsad nima?

Xabaringiz bor, joriy yil 14 aprelda “Prezident ta’lim muassasalari agentligi tizimidagi ixtisoslashtirilgan maktablar tarmog‘ini kengaytirish to‘g‘risida”gi Prezident farmoni e’lon qilindi. Ushbu hujjat bilan xalq ta’limi tizimidagi 193 ixtisoslashtirilgan maktab Prezident ta’lim muassasalari agentligiga o‘tkazilishi belgilandi.

Davlatimiz rahbari ta’kidlaganidek, Agentlik faqat 14 Prezident maktabi uchun ochilmagan. Tizim tasarrufiga bosqichma-bosqich boshqa ixtisoslashtirilgan maktablarni ham o‘tkazish, tarmoqni kengaytirish ko‘zda tutilgan. Bundan tashqari Prezident maktablarida qo‘llangan va yuksak natija bergan ijobiy tajriba, xalqaro metod respublikamizni barcha tumanlariga tatbiq etilishi nazarda tutilgan.

Qayd etish lozim, uch yil mobaynida Prezident maktablarida qo‘llangan ta’lim tizimi, Kembrij dasturi, xalqaro uslublar samara berdi. Bitiruvchilarimiz qo‘lga kiritayotgan yutuqlar, xalqaro tanlovlarda erishilayotgan natijalar bunga misol bo‘la oladi. Endi ana shu tajribani Respublikamizning barcha hududlariga tatbiq etish asosiy maqsad etib belgilandi. 

Viloyat markazlarida tashkil etilgan Prezident maktablari boshqa o‘quv maskanlari uchun lokomotiv vazifasini o‘tadi, muayyan hududdagi barcha umumta’lim maktablari uchun andoza bo‘ldi. O‘qituvchilar Prezident maktablarida ta’lim berayotgan mahalliy va xorijiy pedagoglar bilan bevosita fikr almashdi, tajriba oldi. Ayni shu jarayon har bir tumanda ixtisoslashtirilgan maktab ochilishiga zamin yaratdi. Ta’lim jarayoniga nisbatan qo‘llangan ushbu metod ta’lim tizimida jadal o‘zgarish yasashiga, maktab ta’limini yangi bosqichga olib chiqishiga ishonaman.

- 2022-2023 o‘quv yili uchun qabul jarayonida qanday yangilik bor?

Agentligimiz tasarrufiga Prezident, Ijod, Ixtisoslashtirilgan maktablar va Yangi O‘zbekiston universiteti kiradi. Hozir barcha ta’lim dargohlariga qabul boshlangan. Yangi O‘zbekiston universitetiga 25 aprelda boshlangan jarayon 20 iyunga qadar cho‘ziladi. Maktablarimiz uchun esa hujjat qabul qilish muddati 1-20 iyun. Hujjatlar o‘tgan o‘quv yilda qo‘llangan va ijobiy natija bergan onlayn ariza.piima.uz portali orqali ham qabul qilinyapti.

Ma’lumot o‘rnida aytish kerak, o‘tgan yili 10 hududda ochilgan yangi Prezident maktablariga istisno tariqasida 5-10-sinf o‘quvchilari jalb etilgandi. 2019 yil ochilgan Nukus, Xiva, Toshkent va Namangan shaharlaridagi Prezident maktablariga esa pandemiya sababli 5-6-sinflarga hujjat qabul qilindi.

Joriy yildan boshlab 14 Prezident maktabiga o‘g‘il-qizlar faqat 5-sinfdan boshlab olinadi. Bundan buyon har yili 5-sinfga hujjat qabul qilinadi. Imtihonlar ikki bosqichda o‘tadi. Har bir maktab uchun birinchi bosqichdan muvaffaqiyatli o‘tgan 480 nafar yuqori ball to‘plagan o‘quvchi saralab olinadi va ikkinchi bosqichga o‘tkaziladi. Ikkinchi bosqichdan keyin 24 o‘quvchi tanlab olinadi.

Hozir yurtimizda faoliyat yuritayotgan 9 ta ijod maktabiga faqat 7-sinfga hujjat qabul qilinadi. Yangi ochilayotgan ixtisoslashtirilgan maktablarda esa bu yil istisno tariqasida 5-11-sinflar ochiq.

Joriy yil talabgorlarga yana bir imkoniyat berildi. Mintaqaviy, xalqaro, respublika, viloyat kesimidagi fizika, matematika, kimyo, biologiya va informatika bo‘yicha o‘tkazilgan olimpiadalarda 1-3-o‘rinlarni qo‘lga kiritgan o‘quvchi imtiyoz asosida o‘qishga kirish imkoniga ega.

Imtihonning birinchi bosqichidan o‘tgan o‘quvchi ikkinchi bosqichdan o‘ta olmasa, o‘quvchilar o‘z hududida tashkil etilayotgan ixtisoslashtirilgan maktabga besh kun ichida ariza topshirib, ajratilgan kvota asosida  imtihonsiz qabul qilinishi mumkin.

O‘quvchilar uchun yana bir yangilik bor: joriy yil beshinchi sinfga hujjat topshirayotgan talabgor bir vaqtning o‘zida o‘z hududida joylashgan Prezident, ixtisoslashtirilgan va tayanch maktabiga hujjat topshirishi mumkin. Bu yil ilk bor imtihonlar boshqa-boshqa kunda o‘tkaziladi. Bu o‘quvchi barcha imtihonlarga kira olishi, o‘zi istagan maktabda o‘qishi uchun keng imkoniyat yaratadi.

- Prezident maktabiga hujjat hududiy mansublik asosida qabul qilinishi belgilandi. Ushbu jarayon qanday amalga oshiriladi?

Prezident maktabiga talabgor qaysi viloyat yoki shahar maktabidan baholash tabelini olgan bo‘lsa, o‘sha hududdagi Prezident maktabiga hujjat topshirishi mumkin.

<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/15LUi4jIsNI" title="YouTube video player" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture" allowfullscreen></iframe>

To‘g‘ri, hududiy mansubligi yo‘q maktablar ham mavjud. Masalan, Ijod maktablari va Toshkent shahrida joylashgan uchta tayanch maktabi - Abu Ali Ibn Sino,  Mirzo Ulug‘bek, Muhammad al-Xorazmiy nomidagi ixtisoslashtirilgan maktablarga hududiy mansubligidan qat’i nazar hujjat topshirish mumkin. Muhammad al-Xorazmiy nomidagi AKTga ixtisoslashtirilgan maktabga 5-sinfdan, qolgan ikki ixtisoslashtirilgan maktabga esa 7-sinfdan o‘quvchi qabul qilinadi.

- Ma’lumki, hujjat onlayn qabul qilinyapti. Bu borada ota-onalarga noqulaylik yoki qiyinchilik tug‘ilmayaptimi?

O‘tgan yilgi tajribadan kelib chiqib, har bir hududda qabul shtabi tashkil etildi. Ayni payt Prezident va Ijod maktablari o‘qituvchilari operator vazifasini bajarmoqda. Barcha operatorlar treningdan o‘tkazildi, malakasi oshirildi. Qolaversa, hududlardagi har bir shtab poytaxtdagi shtabga ulangan bo‘lib, operatorning ishi doimiy kuzatib borilyapti. Topshirilgan hujjat tezda ko‘rib chiqilib, 48 soat ichida talabgorga natija haqida ma’lumot berilyapti.

1206 qisqa raqamli Call-markaz ishga tushirilgan. Sir emas, o‘tgan yillari bog‘lanish bo‘yicha muayyan noqulayliklar uchragan edi. Kamchiliklarni bartaraf etish maqsadida bu yil faqat Toshkent shahrida emas, balki har bir hududda Call-markaz faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Avvallari murojaatga 20-30 operator javob bergan bo‘lsa, joriy yil har bir hududda 10 ga yaqin operator qo‘yildi. Umuman, operatorlar soni 10 barobar oshirildi. Ayni payt respublikamiz  bo‘ylab 200 ga yaqin operator 1206 qisqa raqam orqali kelayotgan murojaatga vaqtida javob bermoqda.

- Joriy  o‘quv yili uchun Prezident ta’lim muassasalariga nechta o‘rin ajratilgan?

2021 yil Prezident maktablariga 5-10-sinflar uchun yuz mingdan ortiq hujjat kelib tushgan. Bu yil faqat beshinchi sinfga hujjat qabul qilinadi va o‘z-o‘zidan ma’lum, o‘tgan yilga nisbatan arizalar soni kamayadi. Hozirgacha Prezident maktablariga 4 mingga yaqin, Ixtisoslashtirilgan maktablarga 10 mingdan ziyod hujjat qabul qilindi.

 Prezident ta’lim muassasalariga 5-11-sinf o‘quvchilariga 2022-2023 o‘quv yili uchun jami 75 mingga yaqin kvota ajratilgan. Xususan, Prezident maktablarining har biriga 24 o‘quvchi, jami 336 nafar o‘g‘il-qiz qabul qilinadi. Tayanch maktablariga ham alohida kvota belgilangan. Muhammad al-Xorazmiy nomidagi AKTga ixtisoslashtirilgan maktab 120 o‘quvchi qabul qiladi. Abu Ali ibn Sino va Mirzo Ulug‘bek nomidagi ixtisoslashtirilgan maktablarga esa 40 tadan kvota berildi.

Darvoqe, qabul jarayonida o‘quvchining maktabda olgan baholariga ham e’tibor qaratiladi. Xususan, Prezident maktabiga hujjat topshiruvchi talabgorning matematika, fizika, kimyo, biologiya fanlaridan yillik bahosi besh bo‘lishi shart. Bu yil faqat beshinchi sinfga qabul bo‘lganligi uchun matematika va tabiatshunoslikdan yillik baho besh bo‘lishi talab etilyapti. Bu talab ixtisoslashtirilgan va tayanch maktablariga taalluqli emas.

O‘zA muxbiri,

Go‘zal SATTOROVA suhbatlashdi.