Xorazm viloyat drama teatrining muhtasham, ulkan zali quvnoq bolajonlar bilan to‘ldi. Unda yuzlab turfa chiroqlar porladi. “Prezident archasi” tantanalari bolalar uchun doim cheksiz quvonch ulashgan, barcha o‘g‘il-qizlar yil davomida orzu qiladigan zavqli tantana sanaladi.
Tantanali tadbir avvalida viloyat hokimi Jo‘rabek Rahimov barcha bolajonlarni Yangi yil bayrami bilan samimiy muborakbod etdi.
Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan yurtimizda olib borilayotgan ijtimoiy islohotlar, ayniqsa, bolalarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan keng qamrovli dasturlar amalga oshirilayotgani ta’kidlandi.
– Mamlakatimizda yosh avlodga bo‘lgan g‘amxo‘rlik va e’tiborning yorqin ifodasi bo‘lgan “Prezident archasi” bayram tantanalari bolajonlarning eng sevimli bayramlaridan biriga aylanib ulgurgan, – deydi Ijtimoiy himoya milliy agentligi Xorazm viloyat boshqarmasi boshlig‘i Sherzod Berdiyev. –
Tadbirlarni mazmunli va ko‘tarinki ruhda tashkil etish maqsadida viloyatimizdagi barcha hokimlik va idoralar bilan hamkorlikda qator ishlar amalga oshirildi. Xususan, shu kunlarda viloyatimiz bo‘ylab “Muruvvat uylari” tarbiyalanuvchilari, oilaviy bolalar uyi tarbiyalanuvchilari, ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar, 15 yoshgacha bo‘lgan ota-onasi vafot etganlar shuningdek, yurtimiz tinchligi yo‘lida qurbon bo‘lgan huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlarining farzandlari uchun 24 turdagi o‘quv qurollari va 34 xil shirinlikdan iborat bo‘lgan Prezident sovg‘alari tarqatildi.
[gallery-26904]
Teatrlashtirilgan ertakmonand zavqli spektakl zamonaviy talqinda, ajoyib tarzda namoyish etildi. Ushbu musiqali tomosha bolalarni qiyinchiliklarni munosib tarzda yengib o‘tish, sportda faol bo‘lishga chorlashi bilan kichkintoylarga juda manzur bo‘ldi.
Konsert dasturi esa bolajonlarga olam-olam quvonch bag‘ishladi.
Ahmadjon Shokirov,
Behzod Saidov (surat), O‘zA muxbirlari