Respublikamizdagi barcha umumta’lim maktablarida 2 sentyabr kuni 2025/2026 o‘quv yili boshlanadi. Shu munosabat bilan barcha maktablarda tayyorgarlik ishlari yakuniga yetkazildi.
Ushbu o‘quv yilida viloyatdagi mavjud 368 ta maktabning 1-sinfiga 21 ming 650 nafar o‘quvchi qabul qilinadi. Ular uchun 12 nomdagi o‘quv qurollaridan iborat “Prezident sovg‘asi” yetkazib berildi. Yetkazib berilgan o‘quv qurollari va sinf xonalari yangi o‘quv yiliga tayyor qilib qo‘yildi.

Shuningdek, 2025/2026 o‘quv yili uchun viloyat bo‘yicha 1 million 771 ming 869 dona darslik va metodik qo‘llanmalarga buyurtma berilgan bo‘lib, hozir 1 million 330 donaga yaqini olib kelindi va ta’lim muassasalariga tarqatilmoqda.

Vazirlik tomonidan yaratilgan “Raqamli kutubxona” tizimi orqali hududdagi 368 ta umumta’lim, 4 ta nodavlat, 25 ta boshqa vazirlik va tashkilotlar tasarrufidagi ta’lim muassasasidagi 5 million 476 ming 752 dona darslik elektron bazada to‘liq ro‘yxatdan o‘tkazildi.

Yangi o‘quv yilining birinchi darsida o‘quvchilar “Vatan uchun, millat uchun, xalq uchun!” shiori ostida o‘tkaziladigan “Kelajak soati”da ishtirok etadilar.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri