Yangi yil shukuhi yurtimiz bo‘ylab kezib yurgan shu kunlarda Prezident sovg‘asini hammadan ham ko‘ra bolajonlar orziqib kutadi.
Toshkent viloyati Chirchiq shahridagi “Kimyogarlar” madaniyat saroyida ham Mehribonlik uylari tarbiyalanuvchilari, kam ta’minlangan oilalar farzandlari, boquvchisini yo‘qotgan va imkoniyati cheklangan bolajonlar uchun bayram tadbiri o‘tkazildi.


Unda Toshkent viloyati hokimi Zoyir Mirzayev barcha bolalarni bayram bilan tabrikladi. Yosh avlodni sog‘lom va barkamol tarbiyalashga alohida e’tibor qaratish, ularning munosib sharoitlarda ta’lim-tarbiya olishi va ulg‘ayishi muhim ahamiyatga ega ekani ta’kidlandi. Bu yil ham hududda viloyat hokimligi, xalq ta’limi boshqarmasi va bir qator tegishli tashkilotlar hamkorligida Yangi yil bayramini yuqori saviyada o‘tkazish, bolajonlarga quvonch ulashish uchun puxta hozirlik ko‘rildi.


Prezident sovg‘alarini viloyat hokimi hudud faollari bilan birga bolalarga tarqatdi. Shundan so‘ng o‘g‘il-qizlar uchun ertaknamo musiqali sahna ko‘rinishlari namoyish etildi. Bu yil joylarda davlatimiz rahbari nomidan yuborilgan Prezident sovg‘alari viloyat, tuman va shahar hokimliklari, xalq ta’limi boshqarmasi hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirokida topshiriladi.


Xususan, Nurafshon shahridagi Yoshlar markazida "Prezident archasi" bayram tadbiri bo‘lib o‘tdi. Unda Nurafshon shahri, O‘rta Chirchiq va Piskent tumanlarida yashovchi bolajonlarga tantanali bayram tashkil etildi. Hudud rahbarlari barchani qutlab, Yangi yilda barcha bolajonlarning orzulari ushalishiga tilakdosh ekanligini ta’kidladi. Shundan so‘ng, bolajonlarga Prezident sovg‘alari topshirildi. Shuningdek, tadbirda bolajonlar uchun teatrlashtirilgan "Qorboboning yo‘qolgan hassasi" nomli ertak namoyish etildi. Qalbi quvonchga to‘lgan jajji bolajonlar Qorbobo, Qorqiz va ertak qahramonlari bilan suratga tushdi.


A. Musayev, O‘zA.