Yangi yil bolajonlarning eng sevimli bayramidir. Ayniqsa, har yili o‘tkaziladigan “Prezident archasi” tadbiri bolalar qalbida unutilmas xotiralar qoldiradi.
Ushbu bayram doirasida mehrga muhtoj bolalarga g‘amxo‘rlik ko‘rsatish maqsadida Ijtimoiy himoya milliy agentligi tegishli vazirlik va idoralar bilan hamkorlikda qator amaliy ishlarni amalga oshirmoqda. Joriy yilda ham an’anaga muvofiq, mamlakatimiz bo‘ylab bolajonlar uchun Prezident sovg‘alari tayyorlandi. Ular joylardagi Mehribonlik va Muruvvat uylari tarbiyalanuvchilari, “SOS – bolalar mahallalari”, Go‘daklar uylari, oilaviy bolalar uylari tarbiyalanuvchilari, ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar, shuningdek, yurt tinchligi yo‘lida halok bo‘lgan huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlarining farzandlariga mo‘ljallangan.


Prezident sovg‘alari tarkibidan 24 turdagi o‘quv qurollari hamda 34 xil shirinliklar o‘rin olgan bo‘lib, ular bolalarning bilim olishga bo‘lgan qiziqishini oshirish, bayram kayfiyatini yanada ko‘tarishga xizmat qiladi. Ayni kunlarda respublikaning barcha hududlariga sovg‘alar karvoni yetib bormoqda. Ana shunday quvonchli manzillardan biri Toshkent viloyati bo‘ldi.

– Yangi yil bayrami har yili o‘zining yorqin xotiralari va jo‘shqin hissiyotlari bilan barchaning yodida qoladi. Ayniqsa, bolalar bu bayramni orziqib kutadi. Har yili Prezidentimiz tomonidan mehrga muhtoj bolalar uchun sovg‘alar topshiriladi. Bu yil ham ushbu ezgu an’ana davom ettirilib, sovg‘alar bolajonlarga yetkaziladi. Mazkur tashabbus bolalarga bo‘lgan e’tibor va g‘amxo‘rlikning yana bir yorqin namunasidir. Yangi yil arafasida ulashilgan Prezident sovg‘alari esa bolajonlar qalbida quvonch, ishonch va iliq xotiralar uyg‘otadi, – deydi Ijtimoiy himoya milliy agentligi Toshkent viloyati boshqarmasi boshlig‘i Miraziz Mirsultonov.
A.Musayev, O‘zA.