Tadbir avvalida boshlangan islohotlar, amalga oshirilayotgan loyihalarning barchasi inson qadrini ta’minlash orqali aholini rozi qilishga qaratilgani yana bir bor ta’kidlandi.
Joriy yilgi dasturlar doirasida 4 100 ta mahallani obod qilish, bog‘cha, maktab, sog‘liqni saqlash, suv, elektr, kanalizatsiya bilan bog‘liq muammolarini hal qilishga byudjetdan qariyb 29 trillion so‘m mablag‘ ajratilgani ko‘rsatib o‘tildi. Buning natijasida:
– 434 ta mahallada ichki yo‘llar ta’mirlandi;
– 672 ta mahallaga ichimlik suvi tarmog‘i tortilgani hisobiga, 1,5 million aholi ilk bora toza ichimlik suvi bilan ta’minlandi;
– joriy yilda 2 mingdan ortiq mahallaga xizmat qiladigan 34 ta yangi maktab ishga tushirildi, 338 tasi rekonstruksiya qilinib, 360 tasi ta’mirlandi. Bularning hisobiga 78 mingta yangi o‘quvchi o‘rinlari yaratildi;
– joylarda 580 ta transformator, 20 ming kilometr tarmoqlar yangilanib, 413 ta mahalladagi 1,5 million nafar aholining elektr ta’minoti yaxshilandi.
O‘zA