Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Prezident saylovining o‘ziga xos xususiyatlarini bilasizmi?
12:33 / 2021-06-21

Guliston tumanida O‘zbekiston Respublikasi «Saylov kodeksi»ning mazmun-mohiyati hamda «Prezident saylovining o‘ziga xos xususiyatlari» mavzularida targ‘ibot-tashviqot tadbiri bo‘lib o‘tdi.

Unda Guliston tumanlararo iqtisodiy sudi, tuman davlat soliq inspeksiyasi rahbar va xodimlari, siyosiy partiyalar, mahalla fuqarolar yig‘inlari hamda tadbirkorlik sub’ektlari vakillari ishtirok etdi.

Tadbirda, O‘zbekiston Respublikasining Saylov kodeksi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodga qo‘yiladigan talablar xususida so‘z bordi.

– 35 yoshdan kichik bo‘lmagan, davlat tilini yaxshi biladigan, bevosita saylovgacha kamida 10 yil O‘zbekiston hududida muqim yashayotgan fuqaro O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti etib saylanishi mumkin, – dedi Guliston tumanlararo iqtisodiy sudi raisi X.Nabiyev. – Qasddan sodir etilgan jinoyati uchun ilgari sudlangan, diniy tashkilotlar va birlashmalarning professional xizmatchilari bo‘lgan fuqarolar O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod etib ro‘yxatga olinmaydi.

Saylov kodeksining 62-moddasiga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodlar ko‘rsatish huquqi siyosiy partiyalar vakolatiga kiradi. Ushbu siyosiy partiyalar saylov kompaniyasi boshlanganligi e’lon qilingan kundan kamida to‘rt oy avval O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan ro‘yxatga olingan taqdirdagina mamlakatimiz Prezidentligiga nomzod ko‘rsatishi mumkin.

Prezidentlikka nomzodlar ko‘rsatish siyosiy partiyalarning yuqori organlari tomonidan amalga oshirilib, mamlakatimizda rasman faoliyat yurituvchi har bir siyosiy partiyaning yuqori organi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga bitta nomzod ko‘rsatishi mumkin. Tashviqot tadbirida Siyosiy partiya O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga faqat o‘z partiyasi a’zolari orasidan yoki partiyasiz kishini ham nomzod etib ko‘rsatishga vakolatli ekanligi va Prezidentlikka nomzod ko‘rsatilganligi to‘g‘risida bayonnoma tuzilishi ta’kidlandi.

Tadbir ishtirokchilariga siyosiy partiyaning rahbari O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodni ro‘yxatga olishni iltimos qilib, Markaziy saylov komissiyasiga ariza bilan murojaat etishi, arizaga quyidagilar: siyosiy partiya yuqori organining O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod ko‘rsatish to‘g‘risidagi qarori, siyosiy partiya yuqori organi majlisining O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod ko‘rsatish to‘g‘risidagi bayonnomasi, unda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod to‘g‘risidagi barcha ma’lumotlar batafsil ko‘rsatilishi, Prezidentlikka nomzodning o‘z nomzodi ovozga qo‘yilishiga rozi ekanligi to‘g‘risidagi arizasi, Prezidentlikka ko‘rsatilgan nomzodni qo‘llab-quvvatlovchi imzo varaqalari to‘g‘risida atroflicha ma’lumotlar berildi.

– Siyosiy partiya tomonidan taqdim etilgan imzo varaqalarida O‘zbekiston Respublikasi jami saylovchilari umumiy sonining kamida 1 foizining imzosi bo‘lishi shart, – deydi Guliston tumanlararo iqtisodiy sudining sudya yordamchisi J.Egamova. – Bunda siyosiy partiya bitta ma’muriy-hududiy tuzilmada imzolar umumiy sonining ko‘pi bilan 8 foizini to‘plashi mumkin. Hujjatlarni taqdim etgan shaxsga Markaziy saylov komissiyasi hujjatlar qabul qilib olingan sana va vaqt ko‘rsatilgan ma’lumotnoma beradi. Markaziy saylov komissiyasi taqdim etilgan hujjatlarni 5 kunlik muddat ichida tekshirib chiqadi va ularning ushbu Saylov kodeks talablariga muvofiqligi to‘g‘risida xulosa beradi. Markaziy saylov komissiyasi ro‘yxatga olish uchun taqdim etilgan hujjatlarda aniqlangan nomuvofiqliklar va ushbu Saylov kodeksi talablaridan chetga chiqish holatlari to‘g‘risida tegishli siyosiy partiyalarning rahbarlariga ma’lum qilinadi.

Siyosiy partiya hujjatlardagi aniqlangan nomuvofiqliklar va xatoliklarni 2 kunlik muddatda tuzatishga hamda ularni Markaziy saylov komissiyasiga taqdim etishga haqlidir. Markaziy saylov komissiyasi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodlarni ro‘yxatga olish uchun hujjatlarni qabul qilishni ro‘yxatga olish muddati tugallanishiga 7 kun qolganida yakunlaydi. Bundan tashqari ushbu tadbir davomida, Saylov kodeksining 65-moddasidagi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti lavozimiga kirishish, 66-moddasidagi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga muddatidan ilgarigi saylovi o‘tkazish to‘g‘risida ham batafsil axborotlar berildi.

Tadbir so‘ngida ishtirokchilarni qiziqtirgan mavzuga oid savollarga javoblar berildi.

 

A.Qayumov, O‘zA