Joriy yilning 9 iyul, yakshanba kuni mamlakatimizda muddatidan ilgari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi bo‘lib o‘tadi.
Prezident saylovini o‘tkazuvchi 6-Namangan saylov okrugida ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirokida o‘tkazilgan matbuot anjumanida mazkur muhim ijtimoiy-siyosiy tadbirga tayyorgarlik jarayonlari haqida atroflicha ma’lumot berildi.
6-Namangan okrug saylov komissiyasi raisi Sobitxon Turg‘unov qayd etganidek, ayni paytda Namangan viloyatida ham Prezident sayloviga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bilan bog‘liq belgilangan chora-tadbirlar izchillik bilan amalga oshirilmoqda. Viloyat shahar va tuman hududida jami 832 saylov uchastkasi tuzildi. Saylov uchastkalarining aksar qismi, ya’ni 659 tasi umumta’lim maktablarida tashkil etildi.
[gallery-12245]
Shuningdek, ular kollej, kasb-hunar maktabi, litsey va texnikumlarda, mahalla fuqarolar yig‘ini binolarida, madaniyat va sport markazlarida joylashtirildi. Bugungi kunda viloyatda saylash huquqiga ega bo‘lgan fuqarolar soni 1,5 million nafardan ziyodni tashkil etmoqda. Viloyatdagi saylov uchastkalari komissiya a’zolarini shakllantirishda nomzodlarning ma’lumoti, hayotiy tajribasi, til bilish darajasi, gender tenglik masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Jami 832 saylov uchastkasidagi 7 ming 480 a’zolarning 70 foizi oliy ma’lumotga ega bo‘lib, ular asosan o‘qituvchilar, huquqshunoslar, iqtisodchilar, shifokorlar, muhandislar, jurnalistlardan iborat.
Komissiya a’zolarining 4097 nafari, boshqacha aytganda 55 foizi xotin-qizlar hissasiga to‘g‘ri kelmoqda. Markaziy saylov komissiyasi qaroriga asosan Prezidentlikka nomzodlarning saylovoldi tashviqoti uchun O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasining markaziy va hududiy teleradiokanallarida bepul ajratiladigan efir hajmi va vaqti, respublika siyosiy nashrlari hamda 24 nomdagi mahalliy gazetalarda bepul ajratiladigan nashr maydoni tasdiqlandi. Prezident saylovini o‘tkazuvchi 6-Namangan saylov okrugi tomonidan matbuot markazi faoliyati yo‘lga qo‘yilib, jurnalistlar va OAV xodimlari uchun barcha zarur sharoitlar yaratildi.
Ma’lum qilinishicha, bugunga kelib, Markaziy saylov komissiyasiga kelib tushgan murojaatlar asosida Namangan viloyatida faoliyat olib borayotgan 34 ommaviy axborot vositasining 55 nafar xodimi akkreditatsiyadan o‘tkazildi. Matbuot anjumanida Prezident saylovi kampaniyasi, Prezidentlikka nomzodlarning saylovoldi tashviqoti yuzasidan jurnalistlarni qiziqtirgan savollarga okrug saylov komissiyasi raisi tomonidan javob qaytarildi.
Oqilxon Dadaboyev, Hotam Mamadaliyev (surat), O‘zA