Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Prezident saylovi mamlakatimiz hayotidagi g‘oyat muhim ijtimoiy-siyosiy voqeadir
17:36 / 2021-09-07

Saylovlar davlat va jamiyat hayotidagi juda muhim jarayon bo‘lib, u har qanday zamonaviy demokratik davlat, shu jumladan, O‘zbekistonda ham muhim ahamiyat kasb etadi.

Jahon siyosiy tarixi va konstitutsiyaviy amaliyotida o‘zini oqlagan saylovlar bu – bevosita demokratiya instituti bo‘lib, usiz dunyoda amalda xalq hokimiyatchiligini, ayniqsa, o‘zini boshqarishga saylangan davlat boshlig‘isiz hech bir zamonaviy davlat demokratiyani amalga oshira olmaydi.

Mamlakatimizda davlat organlari va mahalliy o‘zini o‘zi boshqarish organlari muhim ulushi saylovlar orqali shakllanadi va saylangan mansabdor hokimiyat ko‘lami, shuningdek, Prezident boshqaruvi o‘ta muhim institut hisoblanadi. Bularning barchasi davlatimizning demokratik boshqaruv tizimida saylov institutining alohida o‘rni haqida so‘z yuritishga imkon beradi.

Eng muhimi, hokimiyatni shakllantirishning tanlab olish usuli, erkin va adolatli saylovlarni muntazam o‘tkazish mamlakatda mavjud bo‘lgan siyosiy tizimning haqiqiy demokratiyasining eng yorqin ko‘rsatkichlari, uning qonuniyligining asosiy mezonlari, ya’ni jamiyat yoki uning ko‘pchiligi tomonidan tan olinishidir.

1948 yilgi Inson huquqlari Umumjahon deklaratsiyasida ta’kidlanganidek, “Har bir inson irqi, tana rangi, jinsi, tili, dini, siyosiy yoki boshqa e’tiqodlaridan, milliy yoki ijtimoiy kelib chiqishi, mol-mulki, tabaqasi yoki boshqa holatidan qat’i nazar, ushbu deklaratsiyada e’lon qilingan barcha huquq va erkinlikka ega bo‘lishi zarur. Bundan tashqari, inson mansub bo‘lgan mamlakat yoki hududning siyosiy, huquqiy yoki xalqaro maqomidan, ushbu hudud mustaqilmi, vasiymi, o‘z-o‘zini idora qiladimi yoki boshqacha tarzda cheklanganligidan qat’i nazar, biror bir ayirmachilik bo‘lmasligi kerak”. Umume’tirof etilgan xalqaro normalarda ham xalq irodasi davlat hokimiyatining asosi bo‘lishi kerak: bu yashirin ovoz berish yo‘li bilan yoki ovoz berish erkinligini ta’minlovchi umume’tirof etilgan va teng saylov huquqi bilan o‘tkazilishi lozim bo‘lgan davriy saylovlarda o‘z ifodasini topishi kerak.

Saylovlar demokratik bo‘lmagan mamlakatlarda ham o‘tkaziladi, lekin ular odatda rasmiy, dekorativ, erkinlik, politsiya nazorati, jismoniy zo‘ravonlik tahdidlari sharoitida o‘tkaziladi va shuning uchun haqiqiy deb tan olinmaydi. Hozirgi kunda fuqarolarning hokimiyat tuzilmalarini shakllantirishda ishtirok etish huquqi zamonaviy demokratik davlatning umume’tirof etilgan tamoyili bo‘lib, erkin muntazam saylovlar ijtimoiy-siyosiy hayotning ajralmas jihati hisoblanib, aholi irodasining asosiy shakli, milliy suverenitetni amalga oshirish shakli hisoblanadi.

Demak, bu tamoyilning amalga oshishi uchun xalqning siyosiy faolligi, madaniyati, siyosiy-huquqiy savodxonligi o‘ta muhimdir. O‘z-o‘zidan savol tug‘iladi: saylov nima? U nima uchun o‘tkaziladi? Saylov xalqqa nima beradi?

Birinchidan, saylovlar odamlar, fuqarolar ishtirokining eng keng tarqalgan shakllaridan biridir, ya’ni har bir fuqaroning ovoz berishi asosida davlat, mamlakat, mintaqa ijtimoiy-siyosiy hayoti, faoliyatining qonuniyligini belgilaydigan muhim institut.

Hozirgi kunda saylovlarning huquqiy voqelikda mavjudligining turli jihatlarini, shuningdek, saylov jarayonlarining boshqa institutlar bilan o‘zaro bog‘liqligini o‘rganuvchi ko‘plab asarlar chop etilgan. Shu bilan birga, xalq uchun doim oddiy va tushunarli savollarga e’tibor qaratish muhim ahamiyat kasb etadi. Saylovlarning maqsadi, qadriyatlari, mazmuni va vazifalari ham aholi uchun qiziqarlidir. Ayniqsa, O‘zbekiston aholisining 64 foizini yoshlar tashkil etar ekan, ularning siyosiy-huquqiy savodxonligi, madaniyati saylov jarayonida o‘ta muhimdir.

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 23-bobi «Saylov tizimi»ga bag‘ishlangan bo‘lib, 117-moddasida O‘zbekiston Respublikasining fuqarolari saylash va saylanish huquqiga va har bir saylovchi bir ovozga ega ekanligi, shuningdek, ovoz berish huquqi, o‘z xohish irodasini bildirish tengligi va erkinligi kafolatlangan. Bundan tashqari, ushbu moddada saylov huquqining muhim prinsiplari mustahkamlangan bo‘lib, saylov jarayonlarini halqaro saylov standartlari asosida ochiq-oshkora va demokratik tarzda o‘tkazishga imkon beradi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga tayyorgarlik ko‘rish hamda uni demokratik tarzda ochiq va oshkora o‘tkazish bilan bog‘liq masalalar hamisha qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibga ko‘ra amalga oshiriladi. Har qanday saylovning asosiy bosqichi ovoz berish hisoblanadi. Shunday qilib, saylovning maqsadi davlat hokimiyatining vakillik organi, mahalliy o‘z-o‘zini boshqarish organi yoki muayyan mansabdor shaxsning vakolatini shakllantirish hisoblanadi.

Saylovlarning ahamiyati, avvalo, ularning siyosiy tizimda bajaradigan vazifalari bilan belgilanadi. Masalan, bunda davlat manfaatlarini ifodalash. Bu funksiya bevosita demokratiya instituti sifatida saylovlarning asosiy maqsadini aks ettiradi. Turli manfaatlarga ega bo‘lgan ko‘pgina ijtimoiy guruhlar o‘z talablarini hokimiyat organlariga yetkazishga, siyosiy-huquqiy qarorlar qabul qilinishiga ta’sir ko‘rsatishga intiladi. Qonuniylikning ta’minlanganligi muhim bo‘lib, bunda erkin, haqiqiy va adolatli saylovlar orqali shakllangan hokimiyat tuzilmalari qonuniy deb tan olinadi, e’tirozga, noroziliklarga, asossiz izohga hojat qolmaydi va bunday saylov asosida o‘tgan tuzilmalarning qarorlariga qonuniy xarakter beriladi.

Hokimiyatning saylov funksiyasi sifatida va saylovlarning demokratiya instituti sifatida qonuniyligini farqlash lozim. Ikkinchidan, biz saylov jarayonining barcha qonuniy belgilangan bosqichlariga, tegishli harakat va tartiblarga, jumladan, xalqaro saylov standartlariga rioya qilish haqida gapiramiz. Shuning uchun faqat qonuniy saylovlar hokimiyatning qonuniylashuviga olib keladi.

Yuqorida aytib o‘tilganidek, saylovlar amaldagi qonunchilikka muvofiq tashkil etilgan bo‘lsa, fuqarolarning saylov huquqlari amalga oshadi, bunda jinoiy va boshqa tajovuzlardan himoya qilingan bo‘lsa, qonuniy hisoblanadi. Bunday hukumat ko‘pchilik fuqarolar tomonidan ishonchli bo‘lib, ularning qadriyatlari va umidlariga mos keladi.

Demokratik davlatda saylovlarda eng asosiysi, barcha fuqarolar o‘z xohish-irodasini ifoda eta olishi, davlat hokimiyati organlari esa ana shu irodaga muvofiq shakllantirilishi va harakat qilishi lozim. Faqat shunday sharoitda mamlakat hayotida ijtimoiy totuvlik, barqarorlik va tartib asosida saylovni tashkil etish va amalga oshirishga erishiladi.

Saylovlarning eng katta ahamiyati unda mamlakat kelajagi uchun ko‘rsatmalar, mamlakat taraqqiyotiga g‘oya va dasturlar kurashi haqidagi milliy-siyosiy maydon yaratiladi. Shu sabab nomzodlar ko‘rsatiladi, ularning dasturlari xalqqa yetkaziladi, ishonchli vakillari, kuzatuvchilar keng miqyosda saylov jarayonida ishtirok etadi.

O‘zbekistonda Prezident xalq tomonidan saylanadi. Bu yilgi saylovlarning oldingilardan farqi mamlakatimizda saylov qonunchiligi boshqa sohalar kabi jamiyat va davlat ehtiyojlaridan kelib chiqqan holda izchil ravishda takomillashib bormoqda.

Mamlakatimizda o‘tkazilgan turli saylovlar tahlili, saylov jarayoni ishtirokchilarining takliflari va xalqaro kuzatuvchilarning tavsiyalari asosida 2021 yil 8 fevralda O‘zbekiston Respublikasining «Saylov qonunchiligi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi qonuni qabul qilindi. Mazkur qonun mamlakatimizda o‘tkazilgan saylovlar tahlili va YeXHT Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosining saylov tizimini takomillashtirishga qaratilgan tavsiyalari bo‘yicha ishlab chiqilgan.

YeXHTning Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosining tavsiyalari asosida Saylov kodeksining 44-moddasiga muvofiq davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari rahbarlarining, O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari harbiy xizmatchilarining, O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati, boshqa harbiylashtirilgan bo‘linmalar, huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlarining, sudyalarning, saylov komissiyalari a’zolarining, diniy tashkilotlar professional xizmatchilarining saylovoldi tashviqotini olib borishi taqiqlandi. Mazkur qoida saylovoldi tashviqotining teng imkoniyatlar va shaffoflik asosida o‘tkazilishiga, siyosiy partiyalarning o‘z imkoniyatlaridan teng foydalanishlariga zamin yaratadi.

Konstitutsiyamizdagi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi bilan bog‘liq qoida-talablar muhim ahamiyatga ega. Birinchidan, fuqarolarning siyosiy huquqlarini ta’minlash orqali mamlakat rahbari bevosita saylovchilar tomonidan saylanadi. Ikkinchidan, jamoat tashkilotlari va fuqarolik jamiyati institutlarining tobora rivojlanishi siyosiy partiyalarning davlat organlarini shakllantirishdagi faoliyatini kafolatlaydi. Uchinchidan, saylov huquqi tamoyillari va muddatlari asosida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi mustaqil saylov komissiyalari tomonidan amalga oshirilishi ta’minlanadi.

Xulosa o‘rnida aytish mumkinki, joriy yil 24 oktyabrda bo‘lib o‘tadigan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi mamlakatimiz hayotidagi g‘oyat muhim ijtimoiy-siyosiy voqea hisoblanadi. Chunki bu davlat rahbari – Prezidentni saylash bilan bog‘liq o‘ta mas’uliyatli siyosiy jarayon. Unda eng munosib nomzodni saylash saylovchilar, ya’ni fuqarolarimizning qabul qiladigan qaroriga bog‘liqdir.

 

 

Firuza MUHITDINOVA,

Toshkent davlat yuridik universiteti professori.

O‘zA