Buxoro shahrida davlatimiz rahbari raisligida oziq-ovqat mahsulotlarini ko‘paytirish orqali narx-navo barqarorligini ta’minlash hamda aholi va iqtisodiyot tarmoqlarini energiya resurslari bilan kafolatli ta’minlash masalalari yuzasidan bo‘lib o‘tgan videoselektor yig‘ilishida mutasaddilar zimmasiga bir qator vazifalar yuklatildi.
Mazkur topshiriqlar ijrosini ta’minlash maqsadida Jizzax viloyati prokuraturasi organlari tomonidan oziq-ovqat mahsulotlarini ko‘paytirish orqali narx-navo barqarorligini ta’minlash hamda agrar va oziq-ovqat sohalarini rivojlantirishga oid qonunchilik ijrosi ustidan nazorat o‘rnatishga jiddiy e’tibor qaratildi.
Viloyatda joriy yilning o‘tgan davrida qonuniylikni mustahkamlash, fuqarolarning huquq va erkinliklarini muhofaza qilish, jinoyatchilik hamda huquqbuzarliklarning oldini olish borasida o‘tkazilgan tekshirishlar natijasiga ko‘ra, jami 234 ta prokuror nazorati hujjatlari qo‘llanilgan.
O‘tkazilgan nazorat tadbirlarida aybdor shaxslar tomonidan yetkazilgan 987 million so‘mlik moddiy zararning ixtiyoriy qoplanishi ta’minlandi. Jiddiy qonun buzilishi holatlari yuzasidan 11 jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan va 314 nafar yuridik va jismoniy shaxslarning buzilgan huquqlari tiklangan.
Jumladan, viloyat qishloq xo‘jaligi boshqarmasi va uning tuman bo‘limlarida ishlab kelgan jami 118 nafar xodimning 2022 yildan qolib ketgan ish haqlari to‘lab berilmaganligi aniqlanib, jami 197 million 400 ming so‘mlik ish haqlari to‘liq undirilib, xodimlarning buzilgan huquqlari tiklangan.
Oziq-ovqat mahsulotlarini ko‘paytirish maqsadida aholiga takroriy ekin ekish maqsadida bo‘lib berilgan yerlardan unumli foydalanib va unda suv resurslarini tejab-tergab ishlatish prokuratura organlari xodimlari tomonidan jiddiy nazoratga olindi. Bozorlarda narx-navo barqarorligini ta’minlashga ham alohida e’tibor qaratilib, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari zaxirasini yaratish, bozorlarda mahsulotlar narxlarining sun’iy ravishda oshib ketishiga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida Jizzax shahri va tuman markazlaridagi dehqon bozorlarida arzonlashtirilgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yarmarkalari tashkil etilmoqda.

– Viloyat prokuraturasi organlari tomonidan oziq-ovqat xavfsizligi hamda ichki bozorlarda narxlar barqarorligini ta’minlash maqsadida 2-sektorlarda joriy yilda dehqon xo‘jaliklari tomonidan 806 gektar sabzavot, 1 ming 405 gektarga poliz, 58 gektarga kartoshka, 124 gektarga moyli va 1 ming 350 gektarga boshqa oziq-ovqat ekinlari ekildi, – deydi Jizzax viloyati prokuraturasining agrar va oziq-ovqat sohalarini rivojlantirishga oid qonunchilik ijrosi ustidan nazorat bo‘limi boshlig‘i Zafar Sharipov. – Sektordagi dehqon xo‘jaligi uchun ajratilgan yerlarning 543 gektari yoki 15 foizi 959 nafar ijtimoiy daftarda turadigan fuqarolarga berildi. Jumladan, 487 nafar “Yoshlar daftari”dagilarga 179 gektar, “Ayollar daftari”dagi 164 nafar xotin-qizga 94 gektar, “Temir daftar”dagi 124 nafar fuqaroga 83 gektar, migrantlarning 184 nafariga 187 gektar yer maydoni ochiq onlayn auksion savdolari orqali tarqatilgan.
Viloyat prokuraturasi organlari tomonidan dehqon xo‘jaliklariga yer ajratish bo‘yicha o‘tkazilgan nazorat tadbirlari davomida 7 ta taqdimnoma kiritilgan, 56 nafar mansabdor ogohlantirilgan, 24 nafar shaxs intizomiy javobgarlikka tortilgan va qo‘pol qonun buzilishlar yuzasidan 2 ta jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Shu o‘rinda, joriy yilda viloyatdagi 2-sektor hududlarida 21 ming gektarga yoki o‘tgan yilga nisbatan 6 ming gektarga ko‘p, shundan takroriy ekin sifatida 894 gektar kartoshka, 243 gektariga sabzavot, 3 ming 541 gektarga poliz va 16 ming 300 gektarga boshqa oziq-ovqat ekinlari ekilgan.
Ushbu qishloq xo‘jaligi mahsulotlaridan jami 105 ming tonna, shundan 17 ming 800 tonna kartoshka, 486 tonna sabzavot, 70 ming 800 tonna poliz va 16 tonna boshqa qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirish rejalashtirilgan.
Oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash sohasida o‘tkazilgan nazorat tadbirlarida 13 ta taqdimnoma kiritilgan, 24 nafar shaxsning intizomiy, 12 nafarining ma’muriy javobgarlik masalasi hal etilgan, qo‘pol qonun buzilishlar yuzasidan 8 ta jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Shuningdek, iqtisodiyot tarmoqlarini energiya resurslari bilan kafolatli ta’minlash borasidagi ishlar ham viloyat prokuraturasi tomonidan nazoratga olingan. Jumladan, hamkor tashkilotlar bilan amalga oshirilgan ishlar natijasida 1 ming 54 aholi xonadonlariga 2620 kVt quyosh panellari o‘rnatildi. 195 xonadonga panel o‘rnatish bo‘yicha shartnomalar tuzilib “Quyoshli xonadon” dasturi orqali 363 ta xonadon yagona elektr tarmog‘iga ulandi.
Energiya resurslarining tejamkorligiga erishish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar natijasida jami 22 million 500 ming kVt soat elektr energiyasi iste’moli iqtisod qilinishiga erishildi.
Olib borilgan prokuror nazorati tadbirlari davomida jami 64 prokuror nazorati hujjatlari qo‘llanildi. Prezidentimizning farmon, qaror va topshiriqlari ijrosining nazorati Jizzax viloyati prokuratura organi xodimlarining doimiy nazoratiga olinib, bu boradagi amaliy ishlar izchillik bilan davom ettirilmoqda.
A.QAYUMOV, O‘zA