Joriy yilning 25 may kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarini manzilli qo‘llab-quvvatlashga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori e’lon qilindi.
Unga ko‘ra, aksiyadorlik tijorat Xalq banki bir martalik moddiy yordam pullarini egalariga o‘z vaqtida manzilli yetkazilishini tashkil etish bo‘yicha mas’ul etib belgilandi.
Xo‘sh, bir martalik moddiy yordam kimlarga, qanday tartib asosida ajratiladi?
Bir martalik moddiy yordam yoshga doir, nogironlik pensiyasi va nafaqasini oluvchilarga, bolalikdan nogironlik nafaqasini hamda boquvchisini yo‘qotganlik pensiyasini va nafaqasini oluvchi har bir oila a’zosiga hamda o‘zgalar parvarishiga muhtoj nogironligi bo‘lgan 18 yoshgacha bolalarning parvarishlash nafaqasini oluvchilar beriladi.
Qarorga binoan;
Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarda – 300 ming so‘mdan;
Toshkent shahrida 400 ming so‘mdan;
“Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimi orqali kam ta’minlangan sifatida moddiy yordam oluvchi oilalarga hamda kam ta’minlangan sifatida bolalar nafaqasini oluvchi oilalarning har bir 18 yoshga to‘lmagan bolasiga – 200 ming so‘mdan ajratiladi
Ushbu mablag‘lar fuqarolarga Xalq banki orqali avval qanday ko‘rinishda berilgan bo‘lsa, shunday tarqatiladi. Ya’ni, avval bank kartasi orqali moddiy yordam olgan fuqarolarning bir martalik pul mablag‘lari pul o‘tkazish yo‘li bilan, naqd pul ko‘rinishida moddiy yordam olgan fuqarolarning pul mablag‘lari esa naqd ko‘rinishda beriladi. Qolgan banklar esa bank kartalariga pul o‘tkazish yo‘li bilan ishtirok etadi.
Bir martalik moddiy yordam pullarining ikki hafta muddatda to‘liq tarqatilishini O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki nazorat qilib boradi.
Xalq banki ushbu jarayonda belgilangan moddiy yordam pullarini naqd pulda oluvchilar hamda 1 va 2-guruh nogironi, shuningdek, mustaqil harakatlanish imkoniyati cheklangan fuqarolar uchun sayyor kassalar orqali ularning mahallasiga yetkazib berilishini ta’minlaydi.
Toshkent shahri hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlar uchun taqsimlangan bir martalik moddiy yordam mablag‘lari o‘rtasidagi farq hududlarning ixtisoslashuvi, xususan, narx-navo o‘rtasidagi tafovutga ko‘ra belgilangan.
Uyida vaqtincha bo‘lmagan yoki boshqa sabablarga ko‘ra bir martalik moddiy yordam pullarini o‘z vaqtida ololmagan fuqarolar to‘lanmagan moddiy yordam pullarini 2022 yil 1 sentyabrga qadar olish huquqiga ega. Bunda ularning yaqinlari ishonchnoma qog‘ozi orqali ham tayinlangan bir martalik moddiy yordam pullarini olishlari mumkin.
Shuningdek, ushbu jarayonlarning ijrosi to‘g‘risidagi ma’lumotlar Moliya vazirligi tomonidan sarhisob qilinadi.
O‘zA.