O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “2030 yilgacha bo‘lgan davrda aholining ekologik madaniyatini yuksaltirish konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarori ekologiyani muhofaza qilish hamda aholining ekologik madaniyatini yuksaltirishda muhim hayotiy hujjatlardan biri bo‘ldi.
Ayni kunlarda yurtdoshlarimiznig ekologik madaniyatini oshirishga qaratilgan ushbu qaror mazmunini keng targ‘ib-tashviq etishga qaratilgan tadbirlar, uchrashuv va davra suhbatlari tashkil etilmoqda.
O‘zbekiston Ekologik partiyasi Toshkent shahar Kengashi tomonidan Toshkent Farmatsevtika institutida tashkil etilgan yoshlar bilan ochiq muloqot ham aynan shu maqsadga qaratildi.

Muloqotda Ekopartiya Toshkent shahar Kengashi raisi, xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashi deputati S.Fayziyeva hamda deputatlar Sh.Umarxo‘jayeva, B.Boltayevalar ushbu qarorda belgilangan maqsad va vazifalar haqida yig‘ilganlarga batafsil tushunchalar berdi. Shuningdek, yurtimizda ekologik muammolarni bartaraf etishga qaratilgan yirik loyihalar amalga oshirilayotganiga to‘xtalib o‘tdi.

Qayd etilganidek, bugungi kunda dolzarblashib borayotgan ekologik muammolarga qarshi kurashishda, eng avvalo, aholi vakillarida ekologik madaniyatni shakllantirish va yanada yuksaltirish lozim. Ayniqsa, aholining katta qismi bo‘lgan yoshlar orasida tushuntirish ishlarini olib borish va ular orqali oilalarning, kattalarning ham ekomadaniyatini oshirish dolzarb o‘rin tutadi.

Qaror asosida tasdiqlangan 2030 yilgacha bo‘lgan davrda aholining ekologik madaniyatini yuksaltirish Konsepsiyasi ayni vaqtida qabul qilingan dasturilamal hujjat ekanligi alohida e’tirof etildi. Endilikda mazkur hujjat mazmunini keng aholi vakillariga yetkazish va amalda ijrosini ta’minlash har bir fuqaroning burchi va vazifasi ekanligi ta’kidlandi.
O‘z navbatida, talaba yoshlar ham o‘z fikr-mulohazalarini bildirib, savollariga javoblar oldi.
Muhtarama Komilova, O‘zA