Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Prezident qarori ijrosi meva-sabzavotchilik va uzumchilik rivojini yangi bosqichga olib chiqadi
11:51 / 2021-01-14

Prezidentimizning 2021 yil 11 yanvardagi “Namangan viloyatining Kosonsoy, Chortoq va Yangiqo‘rg‘on tumanlarida meva-sabzavotchilik va uzumchilikni rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori viloyatda qishloq xo‘jaligi sohasini yanada rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etadi.

– Ta’kidlash joiz, davlatimiz rahbari 2020 yil 26-27 iyun kunlari Namangan viloyatiga tashrifi chog‘ida Kosonsoy, Chortoq va Yangiqo‘rg‘on tumanlarini meva-sabzavotchilikka ixtisoslashtirish bo‘yicha bir qator vazifalarni belgilab bergan edi, – deydi Namangan viloyati hokimining qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Anvarjon Hakimov O‘zA muxbiriga. – Mazkur hujjat eng avvalo, viloyatimizda oziq-ovqat mahsulotlarini ko‘paytirish, qarorda ko‘zda tutilgan tumanlarni meva-sabzavotchilikka ixtisoslashtirish, mavjud yer maydonlaridan unumli foydalanish, chekka qishloqlardagi aholi, xususan yosh yigit-qizlarni ish bilan ta’minlash hamda tadbirkorlikka yo‘naltirish, har bir hududda sabzavot, kartoshka, dukkakli va moyli ekinlarni yaxlit maydonlarga joylashtirish hamda plantatsiya usulida intensiv va mevali bog‘ hamda tokzorlar barpo qilish orqali mahsulot yetishtirish, qayta ishlash hamda eksport hajmini oshirishga xizmat qiladi.

Prezident qarorida Kosonsoy, Chortoq va Yangiqo‘rg‘on tumanlarida intensiv bog‘lar va tokzorlar, sabzavot va kartoshka, dukkakli va moyli ekinlar yetishtirish maydonlari hajmini keskin oshirish belgilanmoqda. Shu munosabat bilan 2021-2022 yillarda jami 8 ming 220 gektar, shu jumladan, Kosonsoy tumanidan 3 ming gektar, Chortoq tumanidan 2 ming 100 gektar, Yangiqo‘rg‘on tumanidan 3 ming 120 gektar g‘alla maydonlari qisqartiriladi. Ushbu qisqartiriladigan maydonlar asosan qishloq xo‘jaligi klasterlari, kooperatsiya, eksportyor, qishloq xo‘jaligi korxonalari, ko‘p tarmoqli fermer xo‘jaliklariga ajratib beriladi.

Taqqoslash uchun faktlarga murojaat etadigan bo‘lsak, birgina Kosonsoy tumanida hozirgacha 3 ming gektar maydonda tabiiy iqlim sharoitlari noqulayligi sababli 15 sentnergacha g‘alla yoki 1,5 ming tonna paxta olinayotgan bo‘lsa, unga bo‘layotgan sarf ham shundan kam bo‘lmagan miqdorni tashkil etayotgan edi. Prezidentimizning ushbu qarori qabul qilinishi natijasida yer maydonlaridan olinadigan daromad uch karra ko‘p olinishi isbotlangan. Bir so‘z bilan aytganda, hududlarda g‘alla va paxtadan qisqaradigan yer maydonlarida tashkil etiladigan intensiv bog‘lar, tokzorlar hisobiga samaradorlikni oshirishga imkon beradi.

G‘alladan qisqartiriladigan maydonlar o‘rnida olma, olxo‘ri, yong‘oq, bodom, shaftoli, nok mavalaridan iborat 1 ming 850 gektar zamonaviy intensiv bog‘; 1 ming 300 gektar xo‘raki, kishmishbop va sanoatbop tokzor; 1 ming 440 gektar piyoz, sarimsoqpiyoz, sabzi, pomidor, bodring, shirin qalampir, karam va ko‘katlardan iborat sabzavot; 1 ming 510 gektar mosh, loviya, no‘xot, yeryong‘oqdan iborat dukkakli; 1 ming 160 gektar moyli ekinlar va 960 gektar maydonda kartoshka ekinlarini ekish belgilangan.

Mazkur loyihalar uchun jami talab etiladigan mablag‘ 553 milliard so‘mni tashkil etadi. Shundan, 231,6 milliard so‘m loyiha tashabbuskorlarining shaxsiy mablag‘idan va 321,4 milliard so‘m kredit mablag‘lari hamda 5,6 million dollar miqdorida xorijiy investitsiya mablag‘larini jalb etish orqali amalga oshiriladi.

Kosonsoy, Chortoq va Yangiqo‘rg‘on tumanlarda yangi intensiv bog‘, tokzorlarni barpo etish, sabzavot, kartoshka va boshqa turdagi qishloq xo‘jaligi ekin maydonlarini urug‘lik va ko‘chatlar bilan ta’minlash imkoniyatidan kelib chiqib, sabzavot, poliz va kartoshka urug‘chiligiga hamda mevali va tok ko‘chatlari yetishtirishga ixtisoslashgan 19 ta xo‘jalik tashkil etiladi. Bu xo‘jaliklarda chetdan olib kelingan serhosil va kasalliklarga chidamli navlarni moslashtirish va mahalliy navlar sifatini yaxshilash ishlari olib boriladi.

Bundan tashqari, beshta sertifikatlangan urug‘lar va ko‘chatlar hamda mineral o‘g‘itlar va kimyoviy vositalar savdo do‘konlari tashkil etiladi. 2021-2022 yillarga rejalashtirilgan 12 nafar tashabbuskor tomonidan organik sabzavot-poliz mahsulotlari hamda beshta tashabbuskor tomonidan organik don dukkakli va moyli ekinlarni yetishtirishlari uchun urug‘ va ko‘chatlari sotib olinadi. Shuningdek, 2025 yilga qadar 12 nafar tashabbuskorni bog‘dorchilik va 16 nafar tashabbuskorni uzumchilik yo‘nalishlarida organik mahsulotlar yetishtirishi ko‘zda tutilgan. Intensiv bog‘lar va tokzorlar barpo etadigan tashabbuskorlarga tijorat banklari tomonidan uch yil to‘lovsiz va yetti yillik imtiyozli davr bilan kreditlar ajratilishi belgilangan.

Shuningdek, sertifikatlangan sabzavot, dukkakli va moyli ekinlar urug‘larini hamda meva va tok ko‘chatlari yetishtiruvchilar tomonidan to‘lanadigan yer solig‘i uch yil muddatga 50 foizga kamaytirilishi ham belgilab qo‘yilgan. Shuni alohida qayd etish kerakki, tejalgan mablag‘lar hisobiga loyiha tashabbuskorlari o‘zlari uchun qo‘shimcha texnika, ishlab chiqarish jihozlari, mahsulotlarini qayta ishlash uskunalarini sotib olish imkoniyatiga ega bo‘lishadi. Darvoqe, qarorga asosan Namangan viloyatining olis va chegaradosh hududlaridan biri Yangiqo‘rg‘on tumani bosqichma-bosqich organik meva-sabzavot, poliz, kartoshka va uzum mahsulotlari yetishtirishga ixtisoslashtiriladi. Bunda 2021-2022 yillar mobaynida Nanay, Oqtom va Ko‘kyor hududlari hamda 2025 yilgacha tumanning qolgan joylari organik qishloq xo‘jaligi hududlariga aylantiriladi.

Kosonsoy, Chortoq va Yangiqo‘rg‘on tumanlarida 2021-2022 yillarda ishga tushiriladigan meva-sabzavotlarni qayta ishlash, muzlatkichli omborxonalar va issiqxonalardan iborat 22 ta loyiha ishga tushiriladi. Loyihalarning umumiy qiymati 205 milliard so‘m. Jumladan, 3 ming 600 tonna qayta ishlash quvvatiga ega 7 ta korxonani qurish, 3 620 tonna quvvatga ega 7 ta muzlatkichli omborxonani va 232 gektar maydonda 8 ta issiqxonani barpo etish loyihalari amalga oshiriladi.

Prezidentimizning uzoqni ko‘zlab qabul qilingan mazkur qarori natijasida Kosonsoy, Chortoq va Yangiqo‘rg‘on tumanlarini iqtisodiy jixatdan yanada rivojlanishiga erishiladi. Buning samarasi o‘laroq 44 ming tonna qayta ishlash korxonalari, 22 ming tonna quvvatga ega muzlatkichli omborxonalar va 232 gektar maydonda yangi issiqxonalar ishga tushiriladi. Shuningdek, ushbu maydonlar hisobiga yiliga 122 ming tonna qo‘shimcha mahsulot yetishtirilib, eksport hajmini 2-3 barobarga oshirish imkoniyati yaratiladi.

Aholi ishsizligini kamaytirish uchun tuman hokimliklari zaxirasidagi yaxlit 300-500 gektar maydonlarda plantatsiya usulida intensiv bog‘ va tokzorlar barpo etilib, lizing asosida 7 yil muddatga aholiga berish choralari ko‘riladi. Eng muhimi shundaki, bugungi pandemiya sharoitidan kelib chiqqan holda uchta tumanda ishsiz yurgan 12 ming kishi ish bilan ta’minlanadi.

Prezidentimizning Kosonsoy, Chortoq va Yangiqo‘rg‘on tumanlari bo‘yicha qabul qilgan qaroridan kutilayotgan pirovard maqsad esa elimiz dasturxonning to‘kinligi, bozorlarning arzonchiligi, odamlarning farovon turmush kechirishi, bog‘bonu dehqonlarning cho‘ntagiga baraka keltirishdan iborat.

Oqilxon Dadaboyev, O‘zA