Mahallalarda xavfsiz muhitni yaratish va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish bugungi kunning eng dolzarb masalalaridan biridir. Bu borada Prezidentimizning shu yil 5-yanvar kuni qabul qilingan “Respublika mahallalarida xavfsiz muhitni yaratish yo‘nalishida yaxlit manzilli ishlash tizimini joriy etishga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori alohida ahamiyatga ega.
Qarorda ijtimoiy profilaktika samaradorligini oshirishni ustuvor vazifa etib belgilagan holda mahallalarda xavfsiz muhitni ishonchli ta’minlash bo‘yicha manzilli profilaktik chora-tadbirlar tizimini samarali joriy etish orqali jinoyatchilikni keskin kamaytirish, oila-turmush munosabatlari doirasida hamda ayollar va yoshlar tomonidan sodir etilayotgan jinoyatlarning asl omillarini ilmiy yondashuvlar asosida tahlil qilish orqali ularning barvaqt oldini olish bo‘yicha yangi ishlash mexanizmlarini belgilash kabi bir qator vazifalar belgilangan.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Korrupsiyaga qarshi kurashish va sud-huquq masalalari qo‘mitasi a’zolari Toshkent shahrining Yakkasaroy tumanida Prezidentimizning mazkur qarori ijrosini o‘rgandi.
Deputatlar dastlab tuman shtabi faoliyati bilan tanishib, amalga oshirilayotgan ishlar, aniqlangan muammolar, ularni bartaraf etish bo‘yicha ko‘rilayotgan choralarni muhokama qildi.

Shuningdek, ilgari “qizil” toifaga kiritilgan “Muhandislar”, “Abdulla Qahhor” mahalla fuqarolar yig‘inlarida jinoyatchilikning oldini olish, ayniqsa, ayollar va yoshlar tomonidan sodir etilayotgan huquqbuzarliklarning asl omillarini aniqlash va bartaraf etish borasidagi ishlar tahlil qilindi. Huquqbuzarlik sodir etgan shaxslar bilan uchrashilib, yoshlar o‘rtasida sodir etilgan jinoyat sabablari o‘rganildi.
Deputatlar tumandagi kichik sanoat zonasida ham bo‘lib, tadbirkorlar uchun yaratilgan xavfsiz shart-sharoitlar, hududni kameralashtirish bo‘yicha qilingan ishlar bilan tanishdi.

Shuningdek, qo‘mita a’zolari Toshkent shahar Ichki ishlar Bosh boshqarmasida ham bo‘lib, yo‘l-transport hodisalari bilan bog‘liq jinoyat ishlarini tergov qilish amaliyotini o‘rgandi. Tergovchilar guruhi bilan muloqot chog‘ida jinoyatlarni aniqlash, ularni yashirish holatlarining oldini olish, jinoyat ishini qo‘zg‘atishni noqonuniy rad etish kabi masalalar atroflicha tahlil qilindi.

Deputatlar jinoyat qonunchiligini qo‘llash amaliyotida uchrayotgan huquqiy muammolarni tahlil qilib, qonunchilikni takomillashtirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqdi. Xususan, voyaga yetmaganlar tomonidan boshqarish huquqisiz transport vositalarini boshqarish yoki harakat xavfsizligi qoidalarini buzish holatlari bo‘yicha jazo muqarrarligini ta’minlash masalasiga alohida e’tibor qaratildi.
M.Komilova, O‘zA