Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Prezident qarori ijroda va nazoratda
18:38 / 2023-12-05

Mamlakatimizda birlamchi tibbiy xizmatni aholiga yaqinlashtirish, tez tibbiy yordamni rivojlantirish, tibbiyot muassasalari moddiy texnik ta’minotini yaxshilash, soha xodimlarini rag‘batlantirish, malakali kadrlar bilan ta’minlash, jamiyatda sog‘lom turmush madaniyatini oshirish hamda kasalliklarning oldini olish borasida amalga oshirilayotgan islohotlar o‘z samarasini bermoqda.

Buxoro viloyatida ham mazkur yo‘nalishda keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Ayniqsa, onalik va bolalikni muhofaza qilish yo‘nalishida katta tajriba to‘plangan. 

– Prezidentimizning 2022 yil 25 apreldagi “2022-2026 yillarda onalik va bolalikni muhofaza qilishni kuchaytirish to‘g‘risida” gi qarori ijrosini ta’minlash maqsadida viloyatning barcha ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikalarida bolalar bo‘limlari tashkil etildi, – deydi Buxoro viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘ining Onalik va bolalikni muhofaza qilish bo‘yicha o‘rinbosari Xushnud Jalilov. – Bolalar bo‘limi mavjud shtat birliklari doirasida shakllantirildi. Shuningdek, viloyat perinatal markazi va bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazida 24 soat faoliyat ko‘rsatuvchi shoshilinch perinatal hamda shoshilinch pediatrik mobil navbatchi reanimatsion brigadalar faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Viloyatning 3 ta hududida (G‘ijduvon, Romitan va Qorako‘l) tumanlararo perinatal markazlari tashkil etildi. 

Buxoro viloyati hokimining 2022 yil 24 iyundagi “Buxoro viloyatida sog‘liqni saqlash faoliyatini takomillashtirish bo‘yicha” dasturi asosida viloyatdagi tug‘uruq muassasalarining moddiy texnik bazasini yaxshilash maqsadida 8 turdagi jami 80 dona zamonaviy tibbiy asbob-uskunalar uchun 6 milliard 748 million so‘m mablag‘ ajratildi. Natijada tug‘uruq muassasalari eng zarur tibbiy asbob-uskunalar bilan ta’minlandi. 

[gallery-14909]

Viloyatda onalik va bolalikni muhofaza qilish, reproduktiv salomatlikni yaxshilash, sog‘lom oilani shakllantirish, tug‘uruqlar oralig‘ini kamida 3-4 yilga uzaytirish maqsadida joriy yilning o‘tgan davrida 517323 nafar tug‘ish yoshidagi ayollarning 84.3 foizi tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi. Shundan 40.1 foizida turli xil ekstragenital kasalliklar aniqlandi. Buxoro viloyatida 2022 - 2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasini “Insonga e’tibor va sifatli ta’lim yili”da amalga oshirishga oid Davlat Dasturi asosida 231 ming 726 nafar maktabgacha ta’lim muassasalari tarbiyalanuvchilari va o‘rta maktab o‘quvchilari tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilishi tashkillashtirildi. Joriy yilning may-iyun-iyul oylarida 14 ming 660 nafar 6-23 oylik bolalarga 87 ming 960 qadoq mikronutriyent kukuni tuman va shahar kesimida tarqatildi. 

Shuningdek, homilador ayollarda homilaning sog‘lom, benuqson o‘sishini ta’minlash, bolalarda nogironlikni kamaytirish va aqliy rivojlanishini yaxshilash maqsadida yod preparati yil davomida tarqatilmoqda. Ayollarda kamqonlikning oldini olish yo‘nalishida ham muayyan ishlar amalga oshirilmoqda. Eng asosiysi, sohada mutaxassislar malakasini tizimli ravishda oshirib borishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Birlamchi tibbiy sanitariya yordami muassasalari bilan statsionar orasidagi integratsiyani yanada yaxshilash, profilaktik tibbiy – targ‘ibot ishlarini muntazam amalga oshirish doimiy nazoratda. Markaziy poliklinikalardagi “Ayollar maslahatxonalari”, “Onkonazorat xonasi”, “Ona va bola klasteri”, bolalar bo‘limlari hamda kunduzgi shifoxonalarda homiladorlar va bolalarga ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmat, onalik va bolalikni transformatsiya qilish bo‘yicha tizimli ishlar yo‘lga qo‘yilgan. Ushbu say’-harakatlar natijasida viloyatda onalar va bolalar o‘limi kamaydi. 

Eng muhimi, tibbiyotdagi islohotlar sog‘liqni saqlash tizimini yangi bosqichga olib chiqish, xalqimizga tibbiy xizmat ko‘rsatish samaradorligi va sifatini oshirishga xizmat qilmoqda. Zero, davlatimiz rahbari rahnamoligida tibbiyot sohasida amalga oshirilayotgan tizimli ishlar – inson qadrini ulug‘lash, aholi salomatligini muhofaza qilishga qaratilgan. 

Zarif Komilov, Tohirjon Istatov (surat), O‘zA muxbirlari.